Samarqandda Islom Karimov maqbara majmuasi ochildi
Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 80 yilligi keng nishonlanmoqda.
Buyuk davlat va jamoat arbobi tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahrida 30 yanvar kuni Islom Karimov xotirasiga atab bunyod etilgan maqbara majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mamlakatimiz jamoatchiligi vakillari, yurtimizning barcha hududlaridan kelgan faollar, nuroniylar, yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimiz mustaqilligi va yangi davlatchiligimiz asoschisi, buyuk siyosatchi va oqil islohotchi Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirgan ishlari Vatanimiz tarixida o‘chmas iz qoldirganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Islom Karimov maqbarasini ziyorat qilib, Birinchi Prezidentimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilindi.
Mehnat faxriysi To‘lqin Ahmadjonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Xosiyat Bobomurodova, Samarqand shahridagi G‘afur G‘ulom nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Olimjon G‘afurov, Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Karimova ushbu majmua davlatimiz va xalqimizning O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromi sifatida qutlug‘ ziyoratgoh bo‘lishini ta’kidladi.
Tadbir ishtirokchilari maqbarani ziyorat qilib, gullar qo‘ydilar.
Marosimdan so‘ng davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Registon maydoni yaqinida o‘rnatilgan Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘ydi. Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida tashkil etilgan ehson oshida ishtirok etdi.
Shu kuni Islom Karimov maqbara majmuasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan faollar, keng jamoatchilik, turli idora va tashkilotlar vakillari, Samarqand viloyati aholisi tomonidan gullar qo‘yildi. Birinchi Prezidentimizning porloq xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.