Ajrimning asorati achchiqdir

G‘ala-g‘ovur tovushlarga burkangan uzun va tor yo‘lak. O‘rindiqlardan birida yoshi 23-24 yoshlar atrofidagi yigit odamlarning tinimsiz qatnoviga ma’nosiz tikilib o‘tirar, ba’zan o‘rindiq narigi chetida o‘tirgan yoshgina ayol kishiga g‘azab bilan qarab qo‘yardi.

Ayol esa nigohini bir nuqtadan uzmas, xuddi haykaldek tosh qotgan. Uning chehrasi ochiq va lobar edi. Biroq, kimgadir bo‘lgan nafrat hissi yuzida qalqib, go‘zalligiga soya solib turardi. Shu payt uning quchog‘iga uch yoshli bolakay o‘zini urdi.

– Uyga ketaylik, – erkalandi u.

– Hozir ketamiz, bolajonim, – qizining boshini siladi onasi.

Qizaloq yana yo‘lak bo‘ylab yugura ketdi. Afsuski, bu murg‘akkina go‘dakning hech narsadan xabari yo‘q. Bugun uning otasi Anvar va onasi Dilobar ajrashmoqda. To‘rt yillik turmushdan so‘ng ular shu qarorga kelishdi. Aslida ularning turmushi buzilishiga xiyonat, kelishmovchilik yoki mojaro kabi biror jiddiy voqea sabab bo‘lgani ham yo‘q. Sababi esa juda jo‘n: bir-birlariga to‘g‘ri kelmas, ikkovi ikki dunyo emish. Bir-birlariga bo‘lgan muhabbati so‘nibdi. Kech bo‘lmasdan barchasiga chek qo‘yishmoqchi (aslida buni turmush qurmaslaridan oldin obdon o‘ylab ko‘rishlari lozim edi).

Anvar uzoq kutishdan bezor bo‘ldi, shekilli, kutish zalida bir nimalarni yozib o‘tirgan kishi yoniga borib, unga e’tiroz bildirdi.

– Hali navbatingiz kelmadi. Bugun sudda ko‘rilayotgan ishlar ko‘p. Yana biroz kuting, – dedi haligi kishi.

Javobdan Anvarning ensasi qotdi. U yana ortiga qaytib o‘rindiqqa “cho‘kdi”. Charchoq va horg‘inlikdanmi ko‘zi asta-sekin ilina boshladi…

… Yorug‘ va shinam sinfxona. Ikkinchi soatga qo‘ng‘iroq chalingan. Tanaffus vaqti. Bolalar 10 yoshar Malika bilan uning partadoshi Odiljonni qurshab olishgan. Malika matematika fanidan berilgan uyga vazifani ko‘chirib olishga bermagani uchun Odiljon bilan tortishishardi.

– Alvasti, bir marta ko‘chirishga bersang nima bo‘lardi?

– Bilmasvoy! O‘zing bajar, kerak bo‘lsa!

– Qizg‘anchiq! Qizg‘anchiq!

– Ajab bo‘pti! “Ikkichi”, “ikkichi”!

Ikkalasi ham bo‘sh kelmas, o‘zlarini xafa qilmay, burro-burro “sayrashardi”.

Biroq, Odiljonning og‘zidan “etimcha” degan so‘z chiqqach, Malika birdan qizarib ketdi. Nigohlari yerga qadaldi. Yig‘lab yubordi. Tilini tishladi. Odiljon uning qo‘lidan daftarini tortib olganida ham “lom-mim” demadi. Joyida jim turaverdi…

Yana o‘qing:  Yaxshilik sabog‘i bolalikdan boshlanadi

 

* * *

… Malika oshxonada idish-tovoqlarni yuvar, o‘gay ukalari esa go‘yo uning jig‘iga tegmoqchi bo‘lgandek atrofida quvlashmachoq o‘ynab, shovqin-suron qilishardi. Kutilmaganda ulardan biri Malikaga turtinib ketdi-yu uning qo‘lidagi paxta gulli likopcha polga tushib, “chil-chil” sindi.

– Endi nima bo‘ladi? Onam bilsa, o‘ldiradi, – Malika vahimaga tushdi.

Bolalar bunga javoban uni masxara qilib kulishdi.

– O‘ynashga oshxonadan boshqa joy qurib qolganmi? Nima qilib qo‘ydinglar!

– Nima shovqin?! – Oshxonaga Malikaning o‘gay otasi kirib keldi. Bolalar opasi likopchani sindirib qo‘yganini darhol yetkazishdi. Ota nimadir demoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan Malikaning yuziga tarsaki tortib yubordi.

– Kasofat! Qilg‘iliqni qilib qo‘yib, endi bor aybni shu begunoh ukalaringga to‘nkayapsanmi?! Yoshing 15 da bo‘la turib yosh bolalarga tuhmat qilgani uyalmaysanmi, axmoq qiz! Yetimni boshini silab olgan rahmatim shumi hali!…

 

* * *

…Ayvonda yoshi 40 dan oshib 50 ga yaqinlashgan er-xotin va asabiylashayotgan yoshroq yigit jiddiy muhokama hamda bahs-munozaraga berilgan.

– Onajon, bu dunyodan yolg‘iz o‘tsam o‘taman, lekin Malikadan boshqasiga uylanmayman! Qarorim qat’iy, – dedi haligi yigit.

– Chuchvarani xom sanabsan! – Onasi yer mushtladi. – Senga o‘zi necha marta takrorlash kerak? U qiz bo‘maydi dedimmi, bo‘maydi! Mahallasidan, qo‘ni-qo‘shnilaridan surishtirdik. Otasi yoshligidan ularni tashlab ketgan ekan. Hozirgi o‘gay otasi esa g‘irt “alkash” emish. Endi kelib-kelib “alkash” bilan quda bo‘lamanmi?!..

 

* * *

…Dada! Dada!

Anvar cho‘chib uyg‘onib ketdi. Ro‘parasida qizalog‘i – Malika turardi.

– Dada, uyga ketaylik!

U qizini mahkam quchoqlab oldi. Ko‘zini nimadir achishtirdi. So‘ng qizini dast ko‘tarib oldi. Bundan Dilobar biroz taraddudlanib qoldi.

– Dilobar, ketdik uyga. Yuraqol. O‘sha yerda yana bafurja gaplashib olamiz. Yakuniy qaror chiqarishga shoshilmaylik, yur, – deya Anvar yo‘lak bo‘ylab tashqariga intildi.

Dilobar ham uning ortidan ergashdi…

Xalqimizda qadimdan oilaga muqaddas dargoh sifatida qaralgan. Negaki, oila nafaqat hayot boqiyligini, avlodlar bardavomligini ta’minlaydigan go‘sha, mamlakat va millat kelajagini belgilaydigan asosiy qo‘rg‘ondir.

Sir emas, bugun jahonning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida oila instituti va qadriyatlari tanazzulga uchramoqda. Bunga sabab qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, oilaga bo‘lgan bunday munosabat tashvishlanarli hol. Afsuski, bugun bizning oramizda ham oila poydevori bo‘lgan nikohga panja orasidan qarayotgan yoshlar yo‘q emas.

Yana o‘qing:  Qishki olimpiadada o‘zbekistonlik sportchilar ishtirok etadi

Psixologlar olib borgan tadqiqotlarga qaraganda, yosh oilalarning turmushi buzilishiga asosiy sabablardan biri bu erta nikoh qurish ekan. Chunki erta turmush qurgan yoshlarning deyarli barchasida uzoq muddatli ruhiy siqilish, hayotida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarga ko‘nika olmaslik, mas’uliyatni his etmaslik kuzatiladi. Qolaversa, ushbu yoshga xos o‘yinqaroqlik, qiziqqonlik kabi sabablar oilaning kelajagiga putur yetkazishi aniqlangan.

Bugun mamlakatimizda sog‘lom oilani shakllantirish, uni yanada mustahkamlash borasida qator ezgu ishlar qilinayapti. Shubhasiz, bunda yosh oilalarga, turmush qurish ostonasida turgan yoshlarga asrlar davomida ota-bobolarimiz muqaddas sanab kelgan oila va uning qadriyatlarini anglatish, tushuntirish alohida ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, oilalarni mustahkamlashga ozmi-ko‘pmi hayot tajribasiga ega bo‘lgan siz-u biz burchli ekanimizni unutmaylik!

 

Azizbek NOROV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tinglovchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: