Yaxshilik sabog‘i bolalikdan boshlanadi
Mutaxassislarning kuzatishlaricha turli jonli mavjudotlarga mehr ko‘rsatuvchi bolajonlar ma’suliyatli bo‘lishar ekan. Oilada bobo-buvilarining ertagu hikoyalarini tinglab, jonli tabiat va atrof – muhit haqida barvaqt tasavvurga ega bo‘lgan kichkintoylar hatto, mitti jonzotlarga ham muruvvatli bo‘lishadi.
Bolangiz bilan ochiq tabiat qo‘yniga chiqsangiz, uni har bir o‘t-o‘lan, chumoliyu kapalakning uchishidan qanday zavq olishini tomosha qilib o‘zingiz ham go‘yoki beg‘ubor bolalikka qaytasiz. Ayniqsa, qishloq bolalari kattalar ko‘magida sigir-buzoq, echki-uloq, qo‘y-qo‘zi boqishni xush ko‘rishadi. Shahar bolalari esa bu uy hayvonlarini “Hayvonot bog‘i” yoki televizorda ko‘rgan bo‘lishlari mumkin. Yoki ular haqidagi ma’lumotlarni kitoblardan o‘qib, suratlarini tomosha qilgandirlar. Ammo, hozir gap bu haqida emas. Hovlida o‘sgan bolakay it yoki mushuk bolasini silab-siypab, jo‘jayu o‘rdakchalar ortidan quvlab yuradi. Yoki qo‘ldagi shirin kulchasini ham bu jonzotlar bilan baham ko‘rgisi keladi. Shu bilan u o‘zidagi bor narsani o‘zidan ojiz va kichkintoylar bilan bo‘lishishni o‘rganadi. Sovuq yoki yomg‘irli kunlarda bu mittivoylarni kattalar ruxsat bermasada uyga olib kirgisi keladi. Ularni deb xarxasha qiladi. Yig‘lab ota-onasiga so‘zini o‘tkazadi. Endi bolakay o‘zini ulg‘aygandek his etib, kichkina jonli mavjudotga g‘amxo‘rlik qiladi. Bu esa uni o‘zgalar tashvishi bilan yashashga undovchi, chin inson bo‘lib voyaga yetishida o‘ta muhim omil.
Agarda bola kichik yoshidan it va mushuklarga ozor bersa va mitti qushchalarni rogatka bilan urib tushirsa, biling-ki, bu yaxshi odat emas. Psixiatrlar fikriga ko‘ra ko‘zlarini pirpiratmasdan jonzotlarni qoniga bo‘yab, o‘ldiradigan bolalardan keyinchalik jinoyatchi va qotillar chiqish ehtimoli yuqori ekan. Shuning uchun kattalar bola psixologiyasidagi har qanday salbiy holatlarga bee’tibor bo‘lmasliklari zarur.
Gulchehra ShIRINOVA