Qo‘shnilar

“Mehr ko‘rsatmagan mehr ko‘rmagay”.

Hadis.

 

Bu ibratli hikoyani menga mahallalardan birida diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlayotgan bir tanishim gapirib berdi.

Bunday voqea har bir mahallada bo‘lishi mumkinligini va boshqa ba’zi bir mulohazalarni inobatga olib, manzili va tanishimning ismi-sharifini aniq ko‘rsatishni lozim topmadim.

 

– Mahallada diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlayotganimga ham ancha yil bo‘libdi. Bu davr mobaynida mahallada men kirmagan birorta xonadon qolmadi, desam ishonavering. Odamlarning barmoq izlari bir-biriga o‘xshamaganidek, ularning fe’l-atvori, his-tuyg‘ulari, orzu-umidlari, dunyoni anglamoq zehnlari va turmush tarzlari ham bir-biriga o‘xshamasligiga yana bir karra amin bo‘ldim. Keling, so‘zimning isboti uchun mahallamizda yashayotgan ikki xonadon sohibalari haqida so‘zlab beraqolay.

 

Ularning biri ismi jismiga monand chehrasi ochiq, shirin so‘z, xushchaqchaq, kamtar va mulohazali, mahallamizning jonkuyari, dilbar ayol – Malikaxon. Farzandlari ham o‘zi kabi odobli, mehnatsevar, mehribon va farosatli. Aytadilar-ku, xushmuomalalik, mehribonlik va g‘amxo‘rlik baxt keltiradi, deb. Bu oilada ana shu qadriyatlar hamisha e’zozda!

Malikaxonning ota-onaga nisbatan mehr-oqibati o‘zgacha. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas-da! Ota-ona farzandlarini voyaga yetkazib o‘qitadi, uyli-joyli qiladi. Er-xotin bir-biriga suyanib, farog‘atda yashayotgan bir paytda… Hayot go‘zal va jozibali bo‘lishi bilan birga shafqatsiz ham. Malikaxon xorijda bo‘lib o‘tgan katta bir anjumanda sovrindor bo‘lib qaytib kelgunicha, onasi, u safarga chiqayotganida fotiha berib, oq yo‘l tilagan onaizor qizining yo‘liga ilhaq bo‘lib hayotdan ko‘z yumdi. Endi Malikaxonning butun diqqat-e’tibori otasida. Olimaning otasi taniqli qalamkash – jurnalist. O‘g‘lining o‘rtancha qizi kollej talabasi Malohat bilan o‘z hovlisida yashaydi. Yeyish-ichishdan kamchiligi yo‘q. Bu xonadondan farzandlar-u qarindoshlar, oshna-og‘aynilarning oyog‘i uzilmaydi. Shunday bo‘lsa-da, qariyaga yaqinroq manzilda turadigan Malikaxon hamma vaqt otadan xabar olib turadi. Keksa odam, issiq jon. Tobi qochib qolguday bo‘lsa, ota atrofida Malikaxon parvona. Hamshira ham o‘zi, pazanda ham o‘zi. Qizining shirin so‘zlari-yu, mazali taomlari ota uchun shifokor malhamiday foydali. Malikaxon ibrat olsa arziguday qaynona. Kelini Umidaxonni kaftida ko‘tarib yuradi, nevaralariga sevimli va mehri daryo buvijon. U farzandlar quvonchi-yu tashvishlariga barobar sherik.

Yana o‘qing:  “United Astiones Trading”da 20 turdagi payvandlash uskunalari ishlab chiqarilmoqda

Malikaxon bir necha yildan buyon xotin-qizlar bilan ishlash komissiyasiga boshchilik qiladi. Undan doimo yangi fikr, ajoyib takliflar eshitamiz. Yaqinda bir oilada yuz bergan voqeadan voqif bo‘lib, u kishi bilan o‘sha xonadonga yo‘l oldik. Qaynona-kelin o‘rtasidagi odatiy bir kelishmovchilik bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edik, yo‘q! Masala juda jiddiy ekan…

Hojar ayaning to‘rt muchasi soppa-sog‘, har qanday nuqsondan xoli kenja qizi turmush qurganiga to‘rt yil bo‘lsa-da, hanuzgacha farzand ko‘rmabdi. Xotin quda fol ochib ko‘rsa, hamma ayb ayaning kelini Arofatxonda emish. Go‘yo, u qaynisinglisiga qarshi ilm-u amal qildirib, tirnoqqa zor bo‘lib o‘tishini istarmish. Alohida ezib ichadigan amal yozdirib kelib, Hojar ayaga ichkizarkan, shu bois, qaynona Arofatxonni boshqa kelinlaridan ortiq yaxshi ko‘rarmish. Ona baribir onada! Farzand uchun har narsaga tayyor. Qudaning “karomati”ga chippa-chin ishongan. Hojarxon kelin bechorani qon qaqshatibdi.

Har ikki tomonni diqqat bilan tinglab, tahlil qilib ko‘rsak, bir chaqaga ham arzimaydigan asossiz ayblovlar, xusumat maqsadida uyushtirilgan ig‘vo. Qolaversa, yosh ayolning tug‘mayotgani sababini do‘xtirlargina aniqlab, xulosa chiqarishadi.

 

– Shuning uchun ham, – dedi Malikaxon suhbatga yakun yasab, – yo‘q demasangiz, qizingiz mahalla ko‘magida mutaxassislar ko‘rigidan o‘tadi va davolanadi. Xudo xohlasa, kelasi yilda qo‘chqorday nevaraga buvijon bo‘lasiz.

 

Yaqinda, bayram arafasida, Hojarxon bir dasta sara gul ko‘tarib mahalla yig‘iniga kirib keldi. Bilsak, mahallamiz ko‘magida davolanib kelgan qizining bo‘yida bo‘libdi. Bu yangilikni eshitgan Malikaxon Hojar ayadan ko‘proq xursand bo‘ldi…

Ikkinchi xonadon sohibasi – Zarofatxon. U ham olima, fan nomzodi. Hayotning achchiq-chuchugini tatigan ayol. Mahalla tadbirlarida faol qatnashadi. Uning g‘alati odati bor: to‘yu marakalarga taklif etilsa, “ko‘ngli tortgan joy”gagina boradi. Bir kuni mahalla yig‘ini raisi Hakimaxon bilan unikiga bordik. Maqsadimiz kelasi oyga rejalashtirib qo‘yilgan “Oila” kunida “Ota-ona – topilmas xazina” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbatini uyushtirish va boshqarishni shu olimaga topshirish edi. Hovliga kirdik. Xonadon eshigi qiya ochiq, ichkaridan xonadon sohibasining telefonda kim bilandir zardali ohangda so‘zlashayotgani quloqqa chalindi. Beixtiyor Zarofatxonning otasi bilan gaplashayotganini sezib qoldik. Rahmatulla aka bir o‘zi qo‘shni tuman markazidagi hovlisida turardi. Shuni fahmladikki, Zarofatxon anchadan beri otadan xabar olmabdi: ishidan, ro‘zg‘oridan ortmas, hatto, bosh qashigani fursati yo‘q emish.

Yana o‘qing:  QISHLOG‘IMGA

 

– Dada, siz faqat o‘zingizni o‘ylaysiz. Tobingiz qochib qolgandagina sim qoqasiz, – chimdib oldi otani. – “Kelmaysan, xabar olmaysan”, deb ginaxonlik qilasiz. Nima yetmayapti sizga? Kartoshka, piyoz oborib beraymi? “Narsangga muhtoj emasman”, deysizmi? Yo‘qsa, nega ha deb noliyverasiz?.. E, dada, men o‘sha Zarofatman, o‘zgarganim yo‘q. Aft-angorim ham o‘sha-o‘sha. Nimani ko‘rasiz? Diydoringni?! Hech nima bo‘lgani yo‘q, diydorimga… Ha, betga choparman. Sizdan o‘rganganman, buni tan olaman.

 

Keyin suhbat mavzusi o‘zgarib, Zarofatxon dag‘al onaga, ota esa quloqsiz bolaga aylanib qolishdi. Endi ota sho‘rlikning boshiga ta’na toshlari yog‘ila boshladi. So‘ng dashnom beraverib, otamni ranjitib qo‘ydim, shekilli degan andishaga bordimi, yo‘qmi, bilmadig-u, ammo u biroz yumshab, davom etdi:

 

– Mayli, bo‘lar ish bo‘libdi. Buyog‘iga ehtiyot bo‘ling. Parhez rioya qiling. Dorilaringiz bormi, ichib turing vaqtida. Dardga darrov bo‘yin egavermang, kurashing. Sim qoqib turing. Kuyovingiz safardan qaytsalar, bir-ikki hafta ichida, albatta, borib xabar olamiz…

 

Biz Zarofatxon bilan uchrashmadik, eshik oldidan izimizga qaytdik. Bo‘lajak tadbir tadorigini ko‘rish Malikaxonga nasib etdi…

Davra suhbati jonli va qiziqarli o‘tdi. Bu safar suhbat yangicha usulda – doimgidek monolog shaklida emas, dialog tarzida olib borildi. Bu o‘z navbatida ijobiy natija berdi. So‘zga chiqqanlar mahalla hayotiga oid aniq dalillar asosida ota-onani olamda eng ulug‘, eng mo‘tabar, eng muqaddas zot – topilmas xazina, deb biladigan mehr-oqibatli oilalar ko‘pligi to‘g‘risida iliq gaplar aytishdi. Ota-onaga g‘amxo‘r, moddiy tayanch, madadkor, hamdard, hamnafas bo‘lish farzilatlaridan yiroq mahalladoshlarimiz ham uchrab turishidan ranjishdi. “Qizim senga aytaman, kelinim sen eshit” qabilida ularga nisbatan o‘z fikr-mulohazalarini o‘rtaga tashlashdi.

Zarofatxon ham biz bilan birga edi. Tadbir bu ayolga qattiq ta’sir ko‘rsatgani shundoqqina sezilib turardi. U Malikaxonga minnatdorlik bildirib, uni quchoqlab oldi va ko‘zi yoshlanib, dil izhorini to‘kib soldi. U shunday to‘lqinlanib gapirdiki, biz ayolga qaysi kungi telefon orqali “suhbat”i borasida og‘iz ochmadik…

 

Oqqa ko‘chiruvchi:

Nabijon HOJIMATOV,

Toshkent shahri, Bektemir tumanidagi “Rohat” MFY faoli

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: