Yurt posbonlari salomatligi tinchligimizni kafolatlaydi
Yurt himoyasiga bel bog‘lash, chinakam vatanparvarlik tuyg‘ulari bilan yashash har bir insonning muqaddas burchidir. Vatanga muhabbat xalqimizning qoni-qoniga singib ketgan. Bugun azamat yigitlarimiz o‘z tashabbusi bilan xalq tinchligi, yurt obodligi yo‘lida harbiy xizmatga otlanmoqda. Harbiy xizmat majburiyat emas, muqaddas burchga aylandi.
Ta’kidlash joiz, yurtimiz daxlsizligi, Vatanimiz tinchligini ko‘z qorachig‘idek asrayotgan, har birimizning osoyishta turmushimizni ta’minlayotgan harbiylarning salomatligini ta’minlash uchun bir qadar o‘zimizni mas’ul bilamiz. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bu borada salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Va bu ezgu harakatlar 2018 yilda ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.
Fondning Tibbiy-ijtimoiy markazi va mintaqaviy filiallar mutaxassislari respublika miqyosida harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini muntazam ravishda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, mavjud kasalliklarni barvaqt aniqlab, ularga erta tashxis qo‘yish hamda davolash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi ma’ruza va tushuntirish ishlari olib boradi.
Ushbu tibbiy-ijtimoiy patronajni amalga oshirish uchun terapevt, pediatr, akusher-ginekolog, UTT vrachi, tibbiy-ijtimoiy xodim va hamshiradan iborat brigada faoliyat olib borib, tibbiyko‘rik davomida harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga ultratovush, elektrokardiografiya, ko‘rish o‘tkirligini aniqlash va glyukometriya tekshiruvlari o‘tkaziladi.
Ko‘rik natijalari ayollar va bolalarning tibbiy varaqalariga qayd etilib, harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga topshiriladi. Mutaxassislar tomonidan tavsiya etilgan maxsus tekshiruvlar va sog‘lomlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun ixtisoslashtirilgan markazlarga yo‘llanmalar beriladi va oilaviy poliklinika shifokori nazoratida bo‘lishlari tavsiya etiladi.
Jumladan, 2017 yil davomida Tibbiy-ijtimoiy markaz mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi, Toshkent harbiy okrugi, Toshkent harbiy prokuraturasi, Chirchiq oliy tank qo‘mondon muhandislik bilim yurti, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlar, Toshkent harbiy okrugiga qarashli Serjantlar tayyorlash maktabida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, o‘tgan yil davomida reja asosida fond xodimlari tomonidan chegara hududlaridagi harbiy qismlarda 17 ming 900 nafardan ziyod harbiy xizmatchi va ularning oila a’zolari chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Fondning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat mintaqaviy bo‘limlari xodimlari tomonidan harbiy okrug, harbiy qismlar va o‘quv muassasalarida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish bo‘yicha
352 ta uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazilib, ularda 13 ming nafardan ziyod harbiy xizmatchi va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
Shuningdek, “Sog‘lom avlod uchun” fondi tomonidan 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni, Yangi yil, Navro‘z umumxalq bayramlari munosabati bilan o‘tkaziladigan ko‘ngilochar tadbirlarda Mudofaa vazirligi tizimida xizmat burchini o‘tash paytida halok bo‘lganlarning oila a’zolari va farzandlarini taklif etish yo‘lga qo‘yilgan.
Bu kabi tibbiy ko‘riklar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar 2018 yilda ham muntazam amalga oshiriladi.
Jumabek NUROV,
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi “Onalik va bolalik” bo‘lim boshlig‘i