Yaxshisini kiyolmayman
– Dadasi, – dedi Kimyo opa xo‘jayinini ishga kuzatayotib, – o‘g‘lingizning etigi yirtilib qolibdi. Maktabga kiyib borishga oyog‘ida boshqa poyabzal yo‘q.
– Yo‘g‘-e, yaqinda chet eldan bitta etik, bitta krassovka olib keldim-ku.
– Hayronman, yaxshisi o‘g‘lingizni o‘zi bilan gaplashing.
Rustam aka soatiga norozi ko‘z tashlab qo‘ydi-da, oshxonaga qaytdi. – Islomjon, ayang nima deyapti. Nahotki kiyishga yaroqli poyabzaling qolmagan bo‘lsa? – so‘radi ishtahasizgina non chaynayotgan o‘g‘lidan.
– Yo‘q emas, bor. Lekin men ularni kiygani uyalaman.
– Nega? – hayron bo‘ldi Rustam aka. – Qani, men bir ko‘ray-chi.
– Yuring, – Islomjon dadasini xonasiga boshladi. Xonaga kirgach to‘g‘ri borib kiyim javonini ochdi. Javonning tagidagi qavatida bitta emas beshta etik turardi.
– Shuncha oyoq kiyiming bo‘la turib nega meni xijolat qilasan. Qara, bularning bejirimligini. Yana hammasi chet elniki bo‘lsa. Nimasi yoqmadi senga?
– Dada, siz emas men xijolatdaman. Ular yomon emas, aksincha judayam yaxshi. Shuning uchun ularni kiyib borishga o‘rtoqlarimdan uyalaman.
– Ie, nodon bola, yaxshi narsadan ham odam uyaladimi?! Bularni men uzoq-uzoqlardan, falon pulga, bolamga, deb sotib olib kelganman. Butun shaharni aylansang ham bunaqasini topolmaysan, – jahli chiqdi Rustam akaning.
– Ana shuning uchun ham uyalaman. Chunki ko‘pchilik sinfdoshlarimning ota-onalari bolalariga bunday qimmatbaho etikni olib berisholmaydi. Kiyib borsam, o‘rtoqlarim o‘ksib qoladi-ku! Iltimos, menga ham oddiygina etik olib bering, – Islomjonning ovozidagi uzrli ohangdan Rustam aka g‘alati bo‘lib ketdi. Kutilmaganda dili ravshanlashib jilmaydi.
Muhabbat HAMIDOVA