AQSHda malaka oshirgan tadbirkor yurtimiz uchun manfaatli loyihalarni amalga oshirmoqda

Tadbirlining “ishi besh”. Topgani barakali, tutgani unumli. Xalqimiz azaldan yangilik yaratishga, yaxshi yashashga intilgan. Ehtimol, shundandir qardosh xalqlar elimiz haqida fikr bildirarkan, mehnatkash va izlanuvchanligimizni alohida e’tirof etishadi. Tasannolar aytishadi.

Mamlakatimiz mustaqilligining ilk yillaridanoq, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov xalqimiz salohiyatini to‘g‘ri baholay oldi. Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida tinim bilmay mehnat qilish ishtiyoqida yashayotgan yurtdoshlarimizga keng imkoniyatlar eshigi ochildi, tadbirkorlikka keng yo‘l berildi. Natijada turmush tarzimiz, oilaviy sharoitimiz yaxshilandi. Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ham mustahkam taraqqiyot yo‘limizdan dadil odimlashni, hech qachon orqaga qaytmaslikni ta’kidlamoqda.

Darhaqiqat, so‘nggi bir yilda mamlakatimiz tarixi yangi, unutilmas sahifalar bilan boyidi. Tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qiladigan sun’iy holatlarning barchasiga barham berildi. Bundan el xursand, xalq manfaatdor. Tadbirkorlar esa yanada g‘ayrat-shijoat bilan ishga kirishgan.

Tadbirkorlik ham o‘ziga xos san’at

Qoraqalpog‘istonlik Rashidjon Qaritbayev ham 2011 yilda ishlab chiqarish korxonasi tashkil etayotganida ishlari bu darajada rivojlanib ketishini xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa, ajabmas. Bugun u rahbarlik qilayotgan “Mustanab hilol” mas’uliyati cheklangan jamiyati taraqqiyotning yangi bosqichida. Ishlab chiqarish ob’yektida ayni vaqtda xalq xo‘jaligi uchun muhim bo‘lgan ko‘p turdagi mahsulotlar tayyorlanmoqda. Ishning ko‘zini bilgan odamning bir tangasi ming tanga bo‘ladi. Vaqti zoye ketmaydi. Rashidjon ham ana shunday vaqtni qadrlaydiganlardan. Uning fikricha tadbirkorlik ham o‘ziga xos san’at. U ham iste’dod talab qiladi. Bolalikdan hisob-kitobni o‘rganishni taqozo etadi. Bu borada tadbirkorning omadi kelgan. U iqtisodchilar oilasida voyaga yetdi. Otasi O‘tan Qaritbayev, onasi Ruqiya Duschanova, har ikkisi ham iqtisodchi. Oiladagi yetti farzandning 5 nafari tadbirkorlikni kasb qilgan. O‘ziga sharaf bilgan. Ikki nafari o‘qituvchi. Ular hamjihatlikda bir-biriga yelka tutib, taraqqiyot sari odimlamoqda. Oilaviy tadbirkor sifatida elning farzandlari bandligini ta’minlamoqda. Rashidjon ikkinchi farzand. Akasi O‘ngar uning o‘ng qo‘li – korxona bosh buxgalteri. Ukasi Oybekjon va Abay, singlisi Oygullar unga maslakdosh, hamfikr, qo‘ldosh, bir so‘z bilan aytganda usta tadbirkor. Barcha va Gulmiralar o‘qituvchi bo‘lishiga qaramay, qo‘li bo‘sh qoldi deguncha, akalariga yordamga shoshiladi.

Chiqindi emas, politelin quvurlar

Rashidjon Qaritbayev xizmat yuzasidan AQSHda malaka oshirib qaytdi-yu, istaklari unga tinchlik bermay qo‘ydi. U xalqimiz manfaatlariga mos ishlab chiqarish korxonasini qurishga jiddiy kirishdi. Bu sa’y-harakatlarga ham o‘n yil bo‘ldi. Tadbirkor 2007 yil ilk bor tadbirkorlik loyihasi – chiqindini qayta ishlash texnologiyasini yo‘lga qo‘yishga bel bog‘ladi. U ishni amalga oshirishga shoshilmadi. Dastlab, zaruriy texnologiyalar bilan qiziqdi. So‘ng esa xomashyo to‘plash yo‘llarini izladi. Qisqasi, uch yillik izlanishlari natijasi – “Mustanab hilol” MCHJ tashkil etildi.

Yana o‘qing:  Yuksak ishonch mas’uliyati

Dastlab, xomashyo zaxirasini to‘plashga kirishdik, – deydi korxona rahbari Rashidjon Qaritbayev. – Bizga ko‘p miqdorda chiqindi kerak edi. Shu maqsadda loyihamiz bilan grant yutib oldik va 5000 AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ni qo‘lga kiritdik. Bu ishimizning boshlanishi uchun yaxshi sarmoya edi. Hammasiga chiqindi qutilari xarid qildik va Nukus shahrining gavjum joylariga o‘rnatdik. Birinchidan, shahar ozodaligiga bu bizning hissamiz edi. Qolaversa, bu usul chiqindi to‘plashning oson va samarali yo‘li edi. Keyinchalik buni tumanlarda ham yo‘lga qo‘ydik. Chiqindini qayta ishlab, ilk mahsulotimiz – politelin quvurlar ishlab chiqarishni boshlab yubordik. Bunga ham qariyb yetti yil bo‘ldi. Biroq shu o‘tgan davr mobaynida biz chiqindidan ko‘plab turdagi mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ydik. 50 ta doimiy ish o‘rni yaratdik.

Endi eski kiyimlar ham kerak

Zamon bilan hamnafas, asrimiz taraqqiyotidan bahramand tadbirkor izlanishdan tolmaydi. U sohaga oid yangiliklar bilan doim qiziqadi. Internet orqali Germaniya va Rossiya tadbirkorlarining ish uslublari, ularning mahsulot ishlab chiqarishga yondashuvlarini o‘rganayotganida Rashidjon qiziq holatga duch keldi. U ushbu ishlab chiqarish turini ham o‘zida sinab ko‘rishga jazm etdi. Politelin quvurlar bilan birga kleylangan devor uchun gulqog‘oz tayyorlay boshladi. Buning uchun esa hech kimning xayoliga kelmagan xomashyodan foydalandi. Bu eski kiyim-kechaklar va uvada lattalar edi. Yarim xomashyo yig‘ib olinib, maydalab qiyqimlanadi va ranggiga qarab taxlab chiqiladi. Buning uchun esa ko‘p va xo‘p qo‘l mehnatiga ehtiyoj tug‘ildi.

O‘zini ham, elni ham o‘ylagan tadbirkor shu tariqa kasanachilikni yo‘lga qo‘ydi. 200 nafar xotin-qizni uy sharoitida ish bilan ta’minladi.

Mahsulot xaridorgir, pishiq va sifatliligidan tezda xaridorgir bo‘ldi.

Avtoshinalardan benzin olinmoqda

Chiqindi yig‘ishning yangi mexanizmlarini o‘ylab topgan Rashidjon “Tozalik markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etadi. Traktor va tirkamalar sotib oladi. Aholi ichida tushuntirish ishlarini yo‘lga qo‘yadi. Natija esa doimgidek ijobiy. U xomashyoga ehtiyoj sezmay qo‘yadi. Aksincha, yangi-yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarish haqida bosh qotiradi. Ana shunday mahsulot turi – avtomobillarning eski, ishdan chiqqan shinalarini eritib, undan benzin yonilg‘isini olishni yo‘lga qo‘ydi. Bu borada texnologiyalar unga beminnat “ko‘makchi”. Shinalar baland haroratli olovda yondiriladi. So‘ng eritmasidan benzin ajratib olinadi. Muhimi mazkur yonilg‘i tajribadan o‘tkazilgan. Undan bemalol avtomobillar harakatida foydalanish mumkin. Rashidjon uni o‘z “mashina”sida sinovdan o‘tkazib ko‘rdi. Natijalar yaxshi. Sinovdan o‘tgan tajribani tadbirkor yanada mukammallashtirib, savdosi uchun litsenziya olish niyatida.

Yana o‘qing:  “Tilla bola” – bu Shahram G‘iyosovga ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan ta’rif

Parrandalar uchun suyakdan un

Rashidjon Qaritbayev ko‘p tarmoqli korxonani yanada kengaytirish maqsadida yirik va mayda shoxli chorva mollari suyaklaridan kalsiyga boy un ishlab chiqarmoqda. Ayni vaqtda u tovuq uchun sevimli ozuqaga aylanib ulgurgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha tovuqlarda kalsiy yetishmasligi muammosi ko‘payib bormoqda. Bu esa tuxum mahsulotlarining kamayib ketishiga olib kelishi mumkin. Tadbirkor ishlab chiqarayotgan maxsus un esa tovuqlardagi kalsiy miqdorini barqarorlashtiradi. Bu esa tuxum qo‘yish jarayonini me’yorlashtiradi. Tuxumlar ham bu elementga boy bo‘ladi.

Tadbirkor xomashyoni aholi xonadonlari va qassoblardan olmoqda. Tayyor suyaklarni maxsus apparat yordamida maydalab, kukun holatiga keltirib, qopchalarga qadoqlab sotuvga chiqarmoqda.

Darhaqiqat, xalqimiz orasida “Ish bilganga ming tanga” degan gap bejiz aylanib yurgani yo‘q. Bu hikmat ayniqsa, keyingi yillarda o‘zini oqlab kelmoqda. Bunga tadbirkorlar faoliyati misol. Rashidjon Qaritbayev ham shuningdek, qo‘y junidan ip va klyonka mahsulotlarini ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘ygan.

 

– Shahrimizda tadbirkorlar juda ko‘p, – deydi Nukus shahar hokimi Parag‘at Tureshev. – Ular izlanishdan tolgani yo‘q. Shaxsan Prezidentimiz joriy yilning 16-17 dekabr kunlari respublikamizga qilgan tashrifi davomida ko‘pgina tadbirkorlik sub’yektlari bilan tanishib, yo‘l-yo‘riq, taklif va ko‘rsatmalar berdi. Bu, albatta, tadbirkorlarni, elimizni ruhlantirdi. Bilasizmi, bizda ishlab chiqarish yangi bosqichga ko‘tarildi. Tadbirkor Rashidjon Qaritbayev ham kelajakda chiqindini qayta ishlashni yanada takomillashtirish niyatida. Bir necha loyihalari nafaqat, ekologiya va atrof-muhit ozodaligiga olib keladi, balki ko‘plab ish o‘rni yaratilishiga, iqtisodimiz bundanda rivojlanishiga hissa qo‘shadi.

Ta’kidlash joiz, korxona yetti yil davomida o‘z mijozlariga ega bo‘ldi. Korxonada ayni vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasi “O‘ztelekom”, “Qoraqalpog‘iston elektr tarmoqlari” AJ hamda “Elektromontaj” MCHJ korxonalari va ko‘plab korxonalar buyurtmalari hisobida ish olib borilmoqda. Tadbirkor yana 300 nafar fuqaroni ish bilan ta’minlash niyatida. Albatta, bu intilishlarida jonkuyar ishchi-xizmatchilar unga yelkadosh. Xususan, Berdaq Mambetnazarov, Ruslan Ollomurodov, Gulchehra Xo‘jabayeva, Davlat Xo‘jabayevlardek fidoyi xodimlar faoliyati bunga misol.

Oygul RAZZOQOVA,

jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: