“United Astiones Trading”da 20 turdagi payvandlash uskunalari ishlab chiqarilmoqda
Inson dunyoga kelarkan, doimo ezgu orzu-umidlar bilan yashaydi. El-yurtning koriga yarab, farzandlarining ilm olishi, kasb-hunar o‘rganishi, kamoli yo‘lida izlanadi, mehnat qiladi.
Sobiq Buxoro oziq-oqvat va yengil sanoat texnologiyasi instituti (hozirgi Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik-instituti)ni tugallagan va kasbi texnolog bo‘lgan Mirshod Rahmonov ham ko‘p yillar o‘z sohasida faoliyat yuritib, yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilishni maqsad qildi. Bu yo‘lda tajriba orttirdi, izlandi, mehnat qildi.
U Rossiyaning Yekaterinburg shahridagi “Agregat” zavodida, keyinchalik Angren va Samarqand shahridagi sobiq “Krasniy dvigatel” zavodlarida oddiy ishchi vazifasidan texnik usta, muhandis, katta muhandis vazifalarida faoliyat yuritib, yangi ilg‘or texnika va texnologiyalar yaratish ustida izlandi. Xorij davlatlarida sohaga oid ishlab chiqarish korxonalarida malaka va tajriba orttirgach, mustaqil ish boshlash maqsadida 2010 yil Toshkent shahar, Shayxontohur tuman hokimligidan ro‘yxatdan o‘tib, o‘zining “United Astiones Trading” nomli xususiy korxonasini tashkil etdi.
Dastlab 4 nafar yoshdan iborat ishchi o‘rni yaratildi. Korxonaga texnologiya sohasidan xabardor, ishbilarmon tadbirkor – Shahnoza Rahmonova rahbar etib tayinlandi.
Malaka va tajriba o‘z samarasini berib, qisqa muddatda shassi uskunasi yaratildi. Bu texnologiya yordamida har qanday uskunani ko‘chma tarzda korxonalarga eltish, ko‘chirish imkoni yaratildi. Bu korxonaning ilk kashfiyoti sifatida uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlanishida asos bo‘ldi. Keyinchalik ishlab chiqarishda chetdan va o‘zimizdan turli texnika qismlari keltirilib, terish ishlari amalga oshirila boshladi.
– Biz texnologlarning asosiy maqsadimiz mamlakatimizda milliy texnika vositalarini yaratish, ularni xorij texnika va texnologiyasidan qolishmaydigan, qulay va sifatli ishlab chiqarishdan iborat, – deydi tajribali muhandis, korxona bosh direktori Mirshod Rahmonov. – Biz, avvalo, bunday ezgu maqsadni amalga oshirayotganimiz, uddalay olayotganimizdan mamnunmiz. O‘zimiz yaratayotgan texnika vositalarini buyurtma asosida sotib olayotgan korxona va tashkilotlar soni kundan-kunga ortib borayotgani, katta yutug‘imizdir.
Korxona rahbari, ishbilarmon Shahnoza Rahmonovaning yangi texnologiyalarni yaratish, terish, texnika qismlar ta’minotini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, katta-katta korxonalardan buyurtmalar qabul qilish, mehnat qilayotgan ishchi-mutaxassislarning ishga mas’uliyatini ta’minlashdagi o‘rni beqiyos.
Ha, “Izlagan imkon topar”, deydi dono xalqimiz.
Bugun 16 nafar ishchi-muhandis va texnika ustalari faoliyat ko‘rsatayotgan korxonada 20 turga yaqin payvandlash ishlarini yuqori texnologiyalar asosida mukammal amalga oshiradigan transformatorlar, shuningdek, payvandlash va montaj ishlari bilan bog‘liq ilg‘or uskuna va texnika vositalari ishlab chiqarilmoqda.
Ta’kidlash joizki, korxonada yaqinda kompressorlar yig‘ish yo‘lga qo‘yildi. E’tiborli jihati, bu kompressorlar yordamida temir yo‘l va ko‘priklar qurish, geologiya, sanoat korxonalari va katta-katta bunyodkorlik jarayonlarida payvandlash ishlarini amalga oshirish mumkin. Bunday ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqarish va yaratish uchun, avvalo, izlanish, sohada chuqur bilimga ega bo‘lish muhim ahamiyat kasb etadi. Buni e’tiborga olgan Mirshod Rahmonov tez-tez Rossiyadagi zavod va ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot o‘tab, malaka oshirib qaytadi. Bugun ishlab chiqarish korxonasida fidoyilik ko‘rsatayotgan bosh muhandis Bahrom Musayev, kichik muhandis Abdurahmon Umarov, mohir texnika qismlarini yig‘uvchi Shomurod Rahmonovlar korxonaning “yuragi” hisoblanadi.
Muassasada ishchi-mutaxassislarning ijtimoiy himoyasi ham ta’minlangan. Ularga ikki mahal issiq ovqat, maxsus kiyim-bosh, ish sifat va samaradorligiga qarab rag‘batlantirish, moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlash kabi xayrli ishlar muntazam yo‘lga qo‘yilgan.
Insonlarga muruvvat qo‘lini cho‘zish, ularga yaxshilik qilish ezgu fazilatlardan. Buxoro shahridagi “Mehribonlik” uyi, Toshkent shahridagi 169-umumta’lim maktab – internati, mahalladagi kam ta’minlangan, yolg‘iz va keksalarga ko‘rsatayotgan muruvvat yordami, ayniqsa, korxona joylashgan hudud va mahalla ichkarisidagi yo‘llarni ta’mirlashdagi beminnat ko‘magi jamoa rahbarining nechog‘li bag‘ri keng va fidoyiligidandir.
Bugungi tezkor taraqqiyot davrida xalqaro ko‘rgazma va tanlovlarda o‘zi ishlab chiqarayotgan ilg‘or texnika va texnologiyalari bilan ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritayotgan jamoa ayni paytda “O‘zbekneftgaz” AJ, “Minggeologiya” tashkilotlari, shuningdek, respublikamizdagi gaz va neft qazib chiqaruvchi korxonalarni payvandlash bilan bog‘liq ilg‘or texnika va kompressorlar bilan ta’minlab kelmoqda.
“United Astiones Trading” xususiy korxonasining kelgusi rejaslari bisyor. Ya’ni, Prezidentimizning farmon va qarorlari ijrosini bajarish, mamlakatimizda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda korxonada ishlab chiqarilayotgan milliy texnika vositalarini xorij davlatlariga eksport qilishni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Ayni damda jamoa a’zolari o‘z mehnati samarasi tufayli olingan sof foyda hisobidan yangi bunyodkorlik ishlarini amalga oshirib, ishlab chiqarishni kengaytirish, yoshlar bandligini ta’minlashni rejalashtirgan.
Maryam AHMEDOVA
Reklama huquqlari asosida