“Alpomish” kompyuter o‘yini yaratildi
Toshkentda yoshlar o‘rtasida dasturiy ta’minot ishlanmasi bo‘yicha Best Soft Challenge – 2017 an’anaviy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkentdagi Inxa universiteti, BePro dasturchilar markazi hamkorligida tashkil etildi.
Ushbu an’anaviy tanlov dasturiy ta’minot ishlanmalari bilan shug‘ullanuvchi yosh iste’dodlarni aniqlash va rag‘batlantirish, ularning innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda O‘zbekiston dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilmoqda.
O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan va finalga yo‘llanma olgan yosh dasturchilar bir necha kun davomida mustaqil va videokonferensaloqa shaklida o‘z loyihalari taqdimotini o‘tkazdi. Hay’at a’zolari loyihalarni atroflicha o‘rganib, har bir nominatsiya bo‘yicha eng yaxshi ishlarni saralab oldi.
Joriy yilda Best Soft Challenge – 2017 tanlovining tomoshabinlar e’tirofi sovrini “Alpomish” qadimiy o‘zbek xalq dostoni asosida kompyuter o‘yini yaratgan 12–13 yoshli qizlar jamoasiga berildi. Ushbu jamoa qizlari so‘nggi ikki yilda Toshkentdagi Inxa universitetining bolalar uchun mo‘ljallangan Codecraft dasturchilar kursida tahsil olib kelmoqda.