Qo‘ng‘iroq

(Hikoya)

– Allo, ayajon, bu men, Azizaman, ikki kundan beri qaynonamning “qovog‘idan qor yog‘adi”, gapirgisiyam kelmaydi. Calom bersam zo‘rg‘a alik oladi, menga achchiq qilib kallayi saharlab hovlini supurib qo‘yadi, o‘zim supurardim, desam, supuradigan odam vaqtli turadi, deydi. Yosh bolam borliginiyam o‘ylamaydi. “Qildan qiyiq axtargani axtargan”, siqilib ketdim…

– Nima jin uribdi jodugarni, arpasini xom o‘ribsanmi? O‘g‘liga aytmadingmi? Uning niyati yaxshi emas, bardoshingni sinamoqchiga o‘xshaydi. “Andishaning otini qo‘rqoq qo‘ymasin”, o‘zim borsam-ku, tit-pitini chiqarib kelaman-ku-ya, qudachilikni o‘ylayapman-da! Bo‘sh kelma, o‘ziniyam, o‘g‘liniyam jilovini boshidan ol…

* * *

– Allo, ayajon, bu hovlida yashash biram azobki, naq do‘zaxning o‘zi! Kecha erimning opasi kelgandi, onasi bilan pichirlashib o‘tirdi, meni ko‘rsa jimib qoladi. Bilaman, g‘iybatimni qilishdi. Achchig‘imdan oldiga dasturxon ham to‘shamadim, choy ham damlamadim, zaharni ye, deb, uyga kirib televizor ko‘rib o‘tirdim.

– Boplabsan. Hurmat qilsa, hurmat oladi. Ilondan ilon tug‘iladi, o‘sha onaning qizi-da. Hushyor bo‘l, bir narsalarni ildirib ketmasin, eringning topgani sovrilmasin…

* * *

– Allo, ayajon, erim menga gap qo‘shmayapti… Onasi chaqqan ko‘rinadi… Xo‘mrayib kirib, xo‘mrayib chiqayapti. Dardiniyam aytmaydi. Ichimdagini top, deydi. Kecha opangiz salomimga alik olmadi, desam ham indamaydi. Unga xotin, bola-chaqa kerakmas, onam, opam deydi… Men bilan ishiyam yo‘q… Ayajon…

– Onasiniki yetmas ekanmi? Kuyovto‘rayam hunar ko‘rsatayaptilarmi? Qizingni bermasang o‘laman sattor, deb eshigim tagiga yotib olganlari eslaridan chiqibdi-da. Boshingdan sovchi yog‘ilib yotgandi, men axmoq kelib-kelib shularga beramanmi? Indamay tur, hozir qaynonangga qo‘ng‘iroq qilib, joyiga o‘tirg‘izib qo‘yaman…

* * *

– Allo, ayajon… Erim meni so‘kdi… Onang turmushimizga aralashmasin, seni buzayapti, deydi. Onamni gapirmang, sizgayam, mengayam yaxshilik tilaydi, deganimni bilaman, so‘kib yubordi. Menam qarab o‘tirmadim, adi, desa, badi, dedim. Gapini qarang: tilim boshimga yetarmish. Xuddi o‘zi telefon olib berganday, telefonimni maydalab tashlarmish. Hammasiga o‘sha jodugar onasi sababchi. O‘g‘lini ko‘rishi bilan qo‘liga supurgi oladi, kir yuvishga, gaz tozalashga tushadi. Boshqa payt yumalab yotadi. Onasini hurmat qilsam, meni boshiga ko‘tararmish. Boshiga ko‘tarmay qo‘ya qolsin, jodugar bormi, bizni yashagani qo‘ymaydi. Ha, nimaymish, onasi ham ota, ham ona bo‘lib uni katta qilganmish. Bolasi bo‘lgandan keyin katta qiladi-da. Erimdan ko‘nglim qoldi, ayajon… So‘kkani alam qilayapti…

Yana o‘qing:  Nonushtaga sharbat ichish mumkinmi?

– So‘kkan tillari kesilsin. Axir qaynonayam ona. Onani so‘kadilarmi? Qayerda ta’lim olgan ekan u iprindi?! Kuyov baribir yov bo‘larkan-da. Yov bo‘lmay qirilsin…

* * *

– Allo, ayajon!.. Erim meni urdi… Yuzimga shunaqa tarsaki tushirdiki, olov chiqib ketay dedi. Bilmasdan onasini jodugar deb yuboribman… (yig‘laydi). Erim juda o‘zgargan… Ilgari bunaqamasdi… Ko‘ziga onasidan boshqa ko‘rinmayapti… Ayajon!..

– Seni urgan qo‘llari sinsin! Kuchi ayol kishiga yetibdimi? Indamay o‘tiraverdingmi? Onasini qovoq solib yurganini aytmadingmi? Qizi bilan g‘iybatlashganini-chi? Seniyam urib ketgan, bor gapni eringga yetkazmay, qayrashlarini kutib o‘tirasan. Battar bo‘l! Jodugarning qo‘lidan hamma ish keladi, “issiq-sovuq” qilgan ko‘rinadi. Otangga aytay, bir borib ta’zirini berib kelsin…

* * *

– Allo, ayajon!.. Meni quvishayapti… Hey ana… mashinaga siz bergan ko‘rpalarni ortishayapti… Endi nima, nima bo‘ladi, ayajon?.. Hammasini o‘rgatganingizday qilayotgandim… Boshqa yuklarniyam olib chiqishayapti… Hech narsani qoldirishmayapti… Otangni tuzuk desam, urug‘ing bilan Xudo urgan ekan, deydi erim. Xohlasam, bolamni tashlab ketarmishman… Bola beradigan axmoq yo‘q, dedim. Ana, yuklarni ortib bo‘lishdi… Endi meni mashinaga chiqarishmoqchi… Ketmayman… Qo‘limdan tortmang… Og‘riyapti… Ayajon, bular gapimga quloq solishmayapti… Sudrashayapti… Mashinaga chiqarishdi… Bolamni beringlar… Bolamni oldim… Biz “Damas”damiz, boryapmiz, ayajon…

– Qayoqqa kelasan, kelma! “Uy meniki, hech qayoqqa ketmayman”, degin. “Damas”dan tush… Tush… Tushdingmi?.. Allo… Allo, Aziza… Eshitayapsanmi?.. Uyda yangalaring bor, sig‘maysan, qayt… Qayt… Shuncha dov-dastgohni kimga tashlab kelasan?.. Qayt… Qayt… Allo… Allo… Uzilib qoldi… Eshitilmayapti… Allo… Aziza… Allo…

Lola O‘ROQOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: