Yelkasida el dardi borlar
Mamlakatimizda istiqlol yillarida tibbiyot sohasi jadallik bilan rivojlandi. Inson salomatligi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Oilaviy poliklinikalar, QVP, so‘ng esa qishloq oilaviy poliklinikalari tashkil etildi.
Fuqarolar ro‘yxatga olinib, ularning muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tishi ta’minlandi. Turli kasalliklar tufayli kuzatiladigan o‘lim holati keskin kamaydi.
Albatta, hukumatimizning e’tiboriga “labbay” deb javob beradigan shifokorlar ham fidoyilik bilan o‘z tajribasini kishilar sog‘lig‘i yo‘lida sarf etib kelmoqda. Ana shunday zahmatkash kasb egalaridan biri Chilonzor tuman tibbiyot birlashmasida faoliyat yuritayotgan yuqumli kasalliklar shifokori Abdumurod Kattaqulovdir. Qariyb yigirma besh yildirki, u xalqimiz salomatligi yo‘lida kamarbastalik qilib kelmoqda.
– Keyingi bir yilda tibbiyot sohasi yangi taraqqiyot bosqichiga yuz burdi, – deydi shifokor. – Ayniqsa, oilaviy poliklinikalar mazmun va mohiyatan tubdan o‘zgardi. Oldinlari OP va QVPlarning vazifasi kasallik belgilarini aniqlash va yo‘llanma berish bo‘lgandi. Endi esa bemorlarga tashxis qo‘yish, davolash imkoni ham yaratilyapti. Ularning shoshilinch tibbiy yordam mashinalari bilan ta’minlanayotgani esa nur ustiga a’lo nur bo‘ldi. Bu ishlar hammasi elimiz salomatligi yo‘lida amalga oshirilmoqda. Boshqa biror davlatda xalq salomatligi, uning ertangi kuni, orzu-o‘ylariga bu darajada e’tibor berilmasa kerak. Faoliyatim davomida kuzatib kelyapman: mamlakatimizda tibbiyot yildan yilga rivojlanmoqda. Oldinlari chet elda davolash mumkin bo‘lgan qanchadan qancha xastaliklar davosi bugun o‘zimizda amalga oshirilmoqda.
Darhaqiqat, Abdumurod Kattaqulov yillar davomida nafaqat tajriba oshirmoqda, balki tibbiyotdagi yutuqlarni ham o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, dildan his etib kelmoqda. U 1988–1994 yillarda Toshkent Tibbiyot akademiyasi (avvalgi Toshkent davlat 2-Meditsina instituti)da tahsil olgan.
O‘qishni bitirib, bir yil Samarqand shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasida faoliyat yuritgan. Vrachlik ko‘nikmasiga ega bo‘lgach, 1995–1998 yillarda poytaxtimizdagi 18-shahar shifoxonasida yuqumli kasalliklar shifokori vazifasida ishladi. So‘ng bir yil Toshkent shahridagi 6-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasida 2-bo‘lim mudiri bo‘lgan. 1999–2013 yillarda Chilonzor tumanidagi 39-oilaviy poliklinikada o‘z mutaxassisligi bo‘yicha faoliyat yuritgan. Ayni paytda jonfido bu shifokor Chilonzor tuman tibbiyot birlashmasida aholi salomatligi yo‘lida xizmat qilib kelmoqda.
Eng muhimi, u qayerda faoliyat yuritmasin, o‘zining fidoyiligi, kasbga vijdonan yondashishi bilan jamoada obro‘ qozondi. Bilimli, tajribali shifokor sifatida bemorlarning eng yaqin insoniga aylana oldi. Undagi samimiylik, shirinso‘zlik va quvnoqlik shifo izlab kelganlarning ko‘ngliga yo‘l topishda asosiy vosita bo‘lmoqda.
S. OCHILOV