Faqat g‘alaba kutamiz
Poytaxtimizdagi Olimpiya shon-shuhrat muzeyida joriy yilning 16-28 avgust kunlari Xitoyning Nankin shahrida bo‘lib o‘tadigan II o‘smirlar yozgi Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan sportchilar va ularning murabbiylariga O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining mukofotlari tantanali sur’atda topshirildi.
Olimpiada yo‘llanmasi uchun o‘tkazilgan saralash musobaqalari g‘oyatda murosasiz kurashlar ostida o‘tdi va eng yaxshilar saralab olindi.
Ushbu musobaqada Vatanimiz sharafini 28 nafar sportchi himoya qiladi. Vakillarimiz sportning badiiy gimnastika, boks, og‘ir atletika, akademik eshkak eshish, o‘q otish, sport gimnastikasi, yunon-rum kurashi, suzish, taekvondo, dzyu-do, baydarka va kanoeda eshkak eshish, stol tennisi, ayollar kurashi, trampolin kabi 14 turi bo‘yicha bahslarga kirishishadi.
– Biz faqat g‘alaba qozonish haqida o‘ylayapmiz, – deydi biz bilan suhbatda boks bo‘yicha 1996-1997-yilda tug‘ilgan sportchilar o‘rtasida 4 karra O‘zbekiston va 2 karra Osiyo chempioni Kozimbek Mardonov. – Har doim musobaqaga yoki chet davlatga chiqishdan oldin Vatanimni, uning nomini yuksaklarga ko‘tarish uchun nimalar qilishim kerakligini o‘ylayman. Shohsupada davlatimiz madhiyasi yangragan vaqtdagi his-hayajonlarni hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Terma jamoa safida Nankinga ketayotgan barcha sportchi do‘stlarimning ko‘zlarida ertangi kunga va g‘alabaga bo‘lgan ishonch porlab turibdi. Biz, albatta, Olimpiadada munosib ishtirok etib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib kelamiz.
Tadbirda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi, senator Mirabror Usmonov hamda Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari Murod Aliyev so‘zga chiqib, Davlatimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sportga, xususan bolalar va xotin-qizlar sportini yanada rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar xalqaro maydonlarda qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlarimiz salmog‘ini yildan-yilga yuksalib borishida muhim omil bo‘layotganini ta’kidladilar.
– Musobaqalarga tayyorgarlik juda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport murabbiyi Svetlana Kuznetsova. – To‘rt bosqichda tashkillashtirilgan mashg‘ulotlar sportchilarimizda o‘zlariga bo‘lgan ishonchning yanada ortishiga sabab bo‘ldi.
– Biz buyuk yurt farzandlarimiz. Bizda hammadan kuchli bo‘lish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi o‘smirlar o‘rtasida boks bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni Bektemir Meliqo‘ziyev. – Nankin olimpiadasi ochilishida O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib o‘tish menga nasib qilganidan juda baxtiyorman. Faoliyatimning oxirigacha mamlakatimiz bayrog‘ini ana shunday baland tutib yurishga va’da beraman.
Eslatib o‘tamiz, ikkinchi bor o‘tkaziladigan o‘smirlar yozgi Olimpiada o‘yinlarida 28 nafar sportchimiz 14 sport turida Vatanimiz sharafini himoya qiladilar.
F.TOLIPOV