Onalik baxti ostonasida
Homiladorlikda ayollar organizmida ro‘y beradigan o‘zgarishlar
Homilador ayol organizmida vitaminlar kamayib ketsa toksikozning avj olishiga qulay sharoit yaratiladi. Bo‘lajak ona vujudida ayniqsa, A, D, V, Ye, S vitaminlariga bo‘lgan talab yanada kuchayadi.
S darmondorisi spermatozoid bilan tuxum hujayraning yagona hujayra bo‘lib birikishi, shuningdek, follikulalarning o‘sishi, bachadon detsidual pardasining rivojlanishi uchun ham zarur. Organizmning bu vitaminga bo‘lgan talabi homila o‘sgan sari orta boradi. Agar organizmning S vitaminiga bo‘lgan talabi 50 mg. bo‘lsa, homilador ayolda bu ko‘rsatgich 120-125 mg, hatto, 224 mg gacha ko‘tariladi. Yo‘ldosh ushbu darmondorini zahira “ombori” sifatida o‘zida saqlaydi va homilaniing talabini vaqti-vaqti bilan qondirib turadi.
Homilador ayol organizmining D vitaminiga bo‘lgan ehtiyoji ham katta. Ma’lumki, bu darmondori kalsiy va fosfor almashinuvini boshqarib, tartibga solib turadi. Agar organizmda D vitamini yetishmasa, onada osteomalyasiya, homilada esa raxit kasalligi vujudga kelishi mumkin. Ayol “og‘iroyoqlik” davrini boshidan yengil o‘tkazishi uchun Ye va A vitaminlari ham zarur. Agar ona organizmida Ye va A vitamini yetishmasa homila chala tug‘ilishi mumkin.
Yog‘ almashinuvi
Homiladorlik davrida bo‘lajak ona qonida lipoid kabi neytral yog‘lar va xolesterin ham ko‘payadi. Bular homila tanasining tuzilishi, uning teri osti yog‘ qatlamining shakllanishi ayniqsa, homilaning rivojlanishi, bundan tashqari sut bezlari sut ishlab chiqarishi uchun zarur bo‘ladi.
Yog‘larning parchalanishi organizmda atseton vujudga kelishiga sabab bo‘ladi. Homiladorlikning birinchi yarmida uchraydigan toksikozlarda ayol to‘xtovsiz qusganda peshobdan atseton tanalari topiladi. Agar bu holat davom etaversa homiladorlikni to‘xtatish lozim bo‘ladi. Homilador ayol yog‘li ovqatlarni ko‘p iste’mol qilsa uning organizmida yog‘ning parchalanishi izdan chiqadi. Natijada unda to‘la yonmagan yog‘ning zararli mahsulotlari to‘planadi va ular peshobga o‘tadi. Oqsil va karbonsuvlarning to‘la yonmagan mahsulotlari fiziologik atsidoz va suv almashinuvining buzilishiga sabab bo‘ladi.
Asab tizimi
Bu tizimda ko‘pincha vegetativ belgilar yuzaga keladi. Homilador ayolning so‘lagi oqadi, uning ko‘ngli ayniydi va qayt qiladi (me’da pilorus qismining spazmi) hamda vegetativ asab tizimining faoliyati buziladi. Qabziyat, venalarning kengayishi, peshob yo‘lining qovuqqa ulangan qismi kengayganligi va boshqa o‘zgarishlar kuzatiladi. Homilador ayol organizmining tug‘ishga tayyorlanishi asosan asab tizimining murakkab reflektor reaksiyasiga bog‘liqdir. Bachadon retseptorlari sezuvchanligining asta-sekin oshishi tug‘ruqqa tayyorlanishga imkon beradi.
Periferik asab tizimi
Ushbu tizimdagi o‘zgarishlar dumg‘aza va bel sohasidagi og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. Ko‘pincha ayolning boldiri va axill payi sohasida tomir tortishadi. Homilador ayolning salga jahli chiqadigan bo‘lib qoladi. Uning kayfiyati o‘zgarib turadi, uyquchanlik kuzatiladi. Shuningdek, ayolda jinsiy mayl susayadi. Yuqorida qayd qilingan holatlar miya po‘stlog‘i va po‘stloq osti faoliyati o‘zaro muvozanatining o‘zgarishiga bog‘liqdir.
Yurak va qon tomirlar tizimi
Agar yurak normal bo‘lsa, homiladorlikda bu a’zoda deyarli o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Homilador yuragi homila o‘sishi bilan asta-sekin unga moslasha boradi. Uning mushaklari gipertrofiyalashib, biroz kengayadi. Funksional xususiyati ortadi. Chunki, ayol organizmida bachadondagi qon aylanish vujudga kelgani sababli periferik qon tomirlarning qarshiligi ortadi. Bachadon kattalashgan sari bu holat osha boradi.
Homiladorlikda umumiy qon miqdori ko‘payadi. Agar qon miqdori homilador bo‘lmagan ayollarda umumiy tana og‘irligiga nisbatan 1/16-1/20ni tashkil qilsa, homiladorlikda bu ko‘rsatgich 1/12-1/14 nisbatgacha yetadi. Yana bu davrda qonning ivish xususiyati oshadi. Fibrin va fibrinogen moddalari miqdori ko‘payadi. Qon plastinkalari soni oshadi. Shunga ko‘ra homilador ayollarda tromboz xavfi bo‘ladi.
Qon ishlab chiqarish tizimi ayniqsa, suyak ko‘migi bir qator o‘zgarishlarga uchraydi. Fiziologik kechayotgan homiladorlikda suyak iligining gemopoetik (qon ishlab chiqarish) faoliyati ortadi.
Nafas a’zolari tizimi
Homiladorlik davrida o‘pka, jigarkabi a’zolar, diafragma vositasida yuqoriga ko‘tarilishiga qaramay, unda deyarli funksional o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Homila katta, qog‘onoq suvi ko‘p yoki homila bittadan ortiq bo‘lgan hollardagina homiladorlikning oxirgi davrida nafas olish tezlashadi. Hatto, bo‘lajak onada nafas qisishi kabi hollar yuz beradi. Shuningdek, sut bezlarida ham homiladorlikka xos o‘zgarishlar yuz beradi.
Ovqat hazm qilish a’zolari
Homiladorlikning birinchi oylarida ovqat hazm qilish a’zolari faoliyati buziladi. Bunday hol yuqorida aytib o‘tilganidek vegetativ asab tizimi faoliyati buzilishidan kelib chiqadi.
Homilador ayolning ba’zan ko‘ngli ayniydi. U qayt qiladi va so‘lagi oqadi. Ichaklar atoniyasi, qabziyat ham kuzatiladi. Ayol ba’zi ovqatlarni xush ko‘rmaydigan bo‘lib qoladi. Bo‘r, kesak va shunga o‘xshash iste’mol qilib bo‘lmaydigan narsalarni ko‘ngli tusaydi. Bunday holat hamma homiladorlarda ham kuzatilmaydi. “Boshqorong‘ulik” deb ataladigan bunday hollar 3-4 oy mobaynida yo‘qoladi.
Peshob chiqarish a’zolari
“Og‘iroyoqlik”da boshqa a’zolar kabi buyrakning vazifasi ham ortadi. Bu qo‘sh a’zo organizmda suv almashinuvini tartibga soluvchi, ona va homila organizmidan ajralgan almashinuv mahsulotlarini tashqariga chiqaradi. Agar peshobda oqsil paydo bo‘lsa, bu homiladorlikda gipertenziya holati boshlanishidan darak beradi. Homilador ayol organizmida suv almashinuvi jarayoni ortishi sababli peshob miqdori ko‘payadi. Homila qovuqni bosib, ayolni tez-tez hojatxonaga yugurishga majbur qiladi. Bunday hol siydik yo‘llari kasalliklarida va peshob-tosh kasalliklarida ham uchrashi mumkin.
(Davomi bor)
Yulduz JABBOROVA,
tibbiyot fanlari doktori, professor