OIV nechta yo‘l bilan yuqadi?
Sog‘liqni saqlash vazirligi saytida OIV infeksiyasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi:
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida aholi salomatligini muhofaza qilish, shu jumladan, OIV infeksiyasining profilaktikasi, diagnostikasi va davolash masalalarida ham ijobiy natijalarga erishildi.
Mamlakatda 2007 yildan boshlab shu kungacha OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan 2 ta strategik dastur va 2014–2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga kurashish sohasidagi Davlat dasturi qabul qilingan bo‘lib, ushbu dasturlarda Respublikamizda OIV infeksiyasini tarqalishini oldini olishga qaratilgan barcha tadbirlar o‘z aksini topgan.
Profilaktika, kasallikni aniqlash va bemorlarni davolash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi OIV infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyatning barqarorlashuviga olib keldi. Kasallik yuqishi xavfi yuqori bo‘lgan guruhlar o‘rtasida OIV infeksiyasining tarqalganlik ko‘rsatkichi 2016 yilda 2013 yilga nisbatan 19,7 foizdan 7,2 foizgacha kamayishiga erishildi va OIV infeksiyasini aholi o‘rtasida keng tarqalishiga yo‘l qo‘yilmadi.
OIV infeksiyasini oldini olish tadbirlari bo‘yicha aholining xabardorlik darajasi 63,0 foizdan 85,0gacha ortdi.
Zamonaviy halqaro ilg‘or tajribalar asosida OIV infeksiyasining profilaktikasi, diagnostikasi va davolash bo‘yicha 14 ta milliy bayonnoma ishlab chiqildi va tibbiyot amaliyotiga joriy qilindi.
Nikohlanuvchilar, xomilador, donorlarni OIV ga tekshirish ko‘rsatkichi 100 foiz bo‘lishi ta’minlandi. Kasallikni onadan bolaga yuqishini oldini olish tadbirlarining samarali o‘tkazilishi natijasida, Respublikada OIV infeksiyali onalardan sog‘lom bolalarning tug‘ilishi ko‘rsatkichi 99,8 foizni tashkil etdi.
OITSga qarshi kurashish markazlari va tumanlararo OIV infeksiyasiga tashxis qo‘yish laboratoriyalari umumiy qiymati 5 mlrd so‘m bo‘lgan jami 23 turdagi zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlantirildi. Jumladan, 15 ta OITSga qarshi kurashish markazlari yuqori texnologiyali PSR va sitoflyuorimetr apparatlari, gematologik, bioximik analizatorlar bilan ta’minlangan bo‘lsa, tumanlararo OIV infeksiyasiga tashxis qo‘yish laboratoriyalariga 54 ta zamonaviy IFA laboratoriya kompleksi o‘rnatildi.
Respublika OITSga qarshi kurashish markazi tarkibida 60 shifoo‘rniga ega bo‘lgan barcha zamonaviy talablarga javob beradigan klinika tashkil etilib, faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tibbiy muolajalarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida Global jamg‘arma va boshqa donor tashkilotlarning 8,0 mln. AQSH doll. miqdoridagi mablag‘lari jalb qilinib, tibbiyot muassasalari uchun bir martalik tibbiy buyumlar, jihozlar olindi hamda OIV infeksiyasi va u bilan yondosh kechuvchi kasalliklarga tashxis qo‘yish imkonini beruvchi zamonaviy asbob-uskunar xarid qilinib, o‘rnatildi.
OIV infeksiyali bemorlarni davolash maqsadida retrovsga qarshi dori preparatlarini xarid qilish uchun 2013–2017 yillarda Global jamg‘arma tomonidan 11,1 mln. AQSH dollari va O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan 3,8 mln. AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ ajratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yildagi 256 sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, OIV bilan kasallangan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga har oyda davlat nafaqasi berilishi ta’minlanmoqda.
OIV infeksiyasi haqida mutaxassis fikri
OIV infeksiyasi uzoq davom etuvchi surunkali virusli yuqumli infeksiyalar qatoriga kiradigan antroponoz (faqat odam kasallanadigan) kasallikdir. Kasallikning yashirin davri 3-6 oydan 10 yil va undan ham ko‘proq davom etishi mumkin. OIV-infeksiyasi laboratoriyalarda qon tahlilini shu infeksiyaga tekshirish asosida aniqlanadi. Laboratoriya tekshiruvisiz, hech qachon bemorning tashqi qiyofasiga va klinik belgilariga qarab, “Sizda OIV-infeksiyasi bor”, deb aytib bo‘lmaydi. OIV infeksiyasi yuqqandan keyin 3 oy ichida kasallikni laboratoriya usulida aniqlash mumkin.
Hozirgi vaqtda OIV 3 ta yo‘l bilan yuqishi tasdiqlangan:
- Jinsiy yo‘l-betartib jinsiy aloqa hamda sog‘lom turmush tarziga rioya qilmagan holatlarda, yengil tabiatli shaxslar bilan muloqot qilish orqali;
- Parenteral yo‘l-giyohvandlar umumiy foydalangan va zararsizlantirilmagan shprits orqali, virus bilan zararlangan qon va uning tarkibiy qismlari quyilganda, steril bo‘lmagan – shprits, igna, kateter, jarroxlik, doyalik, stomatologik, ginekologik va boshka tibbiy anjomlar orkali tibbiy muolajalar, yetarlicha zararsizlantirilmagan maishiy asbob – anjomlar orqali: tatuirovka (odam tanasiga igna sanchib rasm chizish), pirsing (quloq, burun va tananing boshqa joylarini teshib taqinchoq o‘rnatish) va qon bilan ifloslangan pichoq yoki boshqa o‘tkir predmetlar bilan jaroxat olish orqali;
- Vertikal yo‘l – homiladorlik davrida (jaroxatlangan yo‘ldosh orkali), tug‘ruk jarayonida (ona qoni orqali) hamda ona suti orqali yuqishi mumkin.
Maishiy – muloqot omili orqali kasallik qon qoldiqlari mavjud bo‘lgan shaxsiy gigiyena buyumlari (tish cho‘tkasi, soqol olish anjomi, teri qoplami butunligini buzib bajariladigan muolajalar uchun ishlatiladigan, sanchiluvchi va o‘tkir kesadigan buyumlar orqali ham yuqishi mumkin.
OIV infeksiyasini qat’iy davolab bo‘lmasligi sababli, infeksiya tarqalishiga qarshi kurashda profilaktika – ya’ni yangi zararlanishlarning oldini olish asosiy qurol bo‘lib xizmat qiladi. Shu sababli xam Respublikamizda mazkur kasallikning oldini olish borasida muntazam tizimli ishlar olib borilmoqda, ushbu sohaga oid barcha munosabatlarni zamon talablari asosida huquqiy jihatdan tartibga solish masalasi bosqichma-bosqich takomillashtirish orqali amalga oshirilmoqda.
“Odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishning (OIV kasalligining) oldini olish to‘g‘risida”gi 1999 yil 19 avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonuni takomillashtirilib, 2013 yil 23 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
“Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida, JSSTning OIV infeksiyali shaxslarni davolash masalalariga bag‘ishlangan 14 ta klinik protokollar mahalliy sharoitlarga moslashtirildi. Natijada OITSga qarshi kurash sohasida tibbiy xizmatlar sifati yaxshilanib, retrovirusga qarshi maxsus terapiya bilan qamrab olingan bemorlar soni ortdi. Bu o‘z navbatida OIV infeksiyali bemorlar umrini uzaytirish va hayot sifatini yaxshilash imkonini bermoqda.
SSV tomonidan 2015 yilning 25 martida “O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasini oldini olish chora-tadbirlari va tibbiy yordamni tashkil etishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 123-sonli buyrug‘i qabul qilindi va shunga munosib ravishda OIV infeksiyasining profilaktikasi, diagnostikasi, davolash usullari, kasallikga chalinganlarni parvarishlash hamda kasallik o‘chog‘ida epidemiyaga qarshi tadbirlar samaradorligi yanada oshirildi.
OIVni onadan bolaga yuqishini oldini olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qator tadbirlar amalga oshirilmoqda, jumladan, OIVni onadan bolaga yuqishini oldini olish maqsadida 2015 yil 4 martdagi Sog‘liqni saqlash vazirligining “OIV infeksiyasi bo‘yicha milliy klinik protokollarni amaliyotga tadbiq etish to‘g‘risida”gi 81-sonli buyrug‘ining – “OIV-infeksiyasini onadan bolaga bevosita yuqishini oldini olish” to‘g‘risidagi 12-ilovasiga muvofiq homilador ayollar barvaqt xisobga olinib, homiladorlikning birinchi uch oyida (homiladorlikning 12 xaftasidan boshlab) sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘imida bepul OIV-infeksiyasiga tekshiriladi, infeksiya aniqlangan holatlarda ular dispanser kuzatuviga olinadi va antiretrovirus profilaktikasi bilan qamrab olinadi. Olib borilayotgan profilaktik tadbirlar natijasida hozirda O‘zbekistonda – 99,3% holatlarda OIV-infeksiyali onalardan sog‘lom farzandlar tug‘ilishiga erishildi.
OIV infeksiyasi va qon orqali yuquvchi boshqa infeksiyalarning oldini olish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida 2015–2017 yillarda gemokontakt infeksiyalarning oldini olishni yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi.
2016–2017 yillarda OITSga qarshi kurash tadbirlarini qo‘shimcha moliyalashtirish uchun OITS, sil va bezgakka qarshi kurash bo‘yicha Global Jamg‘armaga taqdim etilgan 16,4 mln. AQSH doll. qiymatiga ega loyiha ma’qullandi.
OIV infeksiyasi epidemiyasi rivojlanishiga ta’sir etadigan omillarni aniqlash maqsadida 14 mingdan ortiq OIV infeksiyasi yuqish xavfi yuqori bo‘lgan aholi guruhlari o‘rtasida maxsus epidemiologik tadqiqotdozorli epidemiologik nazorat o‘tkazilib, ular o‘rtasida kasallikning tarqalganligi darajasi o‘rganildi.
Respublikamizda OIV infeksiyasining jinsiy yo‘l bilan yuqishi bugungi kunda ancha faollashgan va kasallik yuqishining 70-80% aynan shu yuqish yo‘liga to‘g‘ri kelmoqda.
Migratsiya jarayonlari aholi orasida OIV infeksiyasining tarqalishiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Keyingi yillarda, chet davlatlarda uzoq vaqt bo‘lib, O‘zbekistonga qaytgan respublikamiz fuqarolari orasida OIV infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ko‘plab ruyxatga olinmoqda va umumiy ruyxatga olinganlarning 4 dan 1 qismi mehnat migrantlariga to‘g‘ri kelmoqda.
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash tadbirlarini muvofiqlashtirish Respublika komissiyasining 2013 yil 1 iyundagi “Chet davlatlarda uzoq vaqt bo‘lib, O‘zbekistonga qaytgan respublikamiz fuqarorlarini OIV infeksiyasiga tekshirish va kasallikning tarqalishini oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samarasini yanada oshirish to‘g‘risida”gi 165-sonli bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bojxona va Xotin qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” jamoat fondi va boshqa tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasidan xorijga ketayotgan va chet davlatlardan O‘zbekistonga qaytayotgan fuqarolar orasida OIV infeksiyasini erta aniqlash va kasallikning tarqalishini oldini olish bo‘yicha Tartib ishlab chiqildi va bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Respublikamizdan uzoq muddatga (3 oydan ortiq) chetga chiqayotib, respublikamizga qaytgan shaxslar albatta ixtiyoriy ravishda OIV infeksiyasiga tekshirish bilan qamrab olinmoqda.
Respublika OITSga qarshi kurash markazi qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan 60 o‘rinli klinikada OIV infeksiyali shaxslarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Agar odam o‘zida OIV infeksiya borligiga shubha qilsa, Respublika, Toshkent shahar va viloyat OITSga qarshi kurash markazlarining Anonim xonalarida maxfiy tarzda qon topshirib OIV infeksiyasiga tekshirtirish xuquqiga ega. Bunda tekshiriluvchining shaxsi, kasbi kori mahfiyligicha qoladi. Ammo, bugungi kunda OIV infeksiyasiga qarshi maxsus profilaktikaning yo‘qligi sababli kasallikka qarshi emlash ishlari amalga oshirilmaydi. Kasallikni yuqtirib olganligi ma’lum bo‘lgan taqdirda esa, OIV infeksiyasini yuqtirgan odamning umrini sog‘lom odamning umrichalik cho‘zish mumkin. Buning uchun retrovirusga qarshi davolash usuli – antiretrovirus terapiya mavjud. Antiretrovirus preparatlar virusni to‘liq yo‘q qilmasada, uning bemor organizmida ko‘payib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi, ya’ni dori ta’sirida qonda viruslar soni kamayib, immunitet kuchayadi, virusga qarshi kurashuvchi hujayralarning (SD4) soni ortib, bemorning ahvoli yaxshilanadi, OIV infeksiyali shaxsni sog‘lom hayot kechirishi va uzoq umr ko‘rishiga imkon yaratiladi. Bu dorilar faqat OITSga qarshi kurashish markazlari vrachlari tomonidan buyuriladi va tekin beriladi, buning uchun esa tibbiy ko‘rsatma bo‘lishi darkor.
Odam organizmiga tushgan virus ma’lum darajada me’yorda ishlab turgan immun tizimini yemira boshlaydi. Virus bilan organizm o‘rtasidagi kurash uzoq davom etadi, ammo, virus organizmda ko‘payib asta-sekin immun tizimni mutlaqo izdan chiqaradi va natijada virusning g‘alabasi bilan yakunlanadi. Shu vaqtdan OITS davri boshlangan hisoblanadi. Bu davr uchun xos bo‘lgan alomatlar yo‘q. Zeroki bu davrda organizmga tushgan mikrob, virus, zamburug‘ kasallik qo‘zg‘atishi mumkin. Shuning uchun bu davr tuzalishi qiyin bo‘lgan turli tuman kasalliklar alomatlari bilan nomoyon bo‘ladi. Ya’ni: sababsiz uzoq davom etuvchi yo‘tal; odamning qisqa vaqt ichida keskin ozib ketishi; haroratning uzoq vaqt sababsiz ko‘tarilishi; uzoq vaqt ich ketishi (diareya); og‘iz bo‘shlig‘i va turli a’zolarning yallig‘lanish belgilari; xavfli o‘smalarning rivojlanishi paydo bo‘la boshlaydi. Bemorlar OIVning bevosita ta’siridan emas, balki yuqoridagi yondosh kasalliklarning asoratlari tufayli hayotdan ko‘z yumishlari mumkin.