O‘zbekiston akusher-ginekologlarining IX s’yezdi o‘tkazildi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan O‘zbekiston akusher-ginekologlarining IX s’yezdi o‘tkazildi.
Unda mamlakatimiz ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari olimlari, shifokorlar, yosh tadqiqotchilar, Rossiya, Germaniya, Belarus, Italiya, Ispaniya, Chexiya, Turkiya, Isroil, Meksika va Ukraina singari mamlakatlardan kelgan yetakchi mutaxassislar qatnashdi.
O‘tgan qisqa fursat ichida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilari bilan besh marotaba uchrashuv o‘tkazilgani, davlatimiz rahbarining sohani kompleks rivojlantirishga qaratilgan o‘ttizdan ortiq farmon va qarorlari e’lon qilingani mamlakatimizda tibbiy xizmat sifatini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash bilan bog‘liq masalalar davlatimiz rahbarining doimiy diqqat markazida ekanligining tasdig‘idir.
O‘tgan davr mobaynida “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan dasturlar asosida keng ko‘lamli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi. Mamlakatimizdagi tug‘ruqxona muassasalarini jihozlashga 2017 yilda 17 million AQSH dollari sarflangan bo‘lsa, 2018 yilda 50 million AQSH dollari ajratilishi ko‘zda tutilmoqda. 2017 yil investitsiya dasturi doirasida 73,6 milliard so‘m mablag‘ evaziga Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi 8 ta 764 o‘rinli perinatal markazlar, shahar tug‘ruq kompleksi va bolalar shifoxonasida hamda 13 ta tuman tibbiyot birlashmasining 961 o‘rinli tug‘ruq kompleksi va bolalar bo‘limlarida qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston akusher-ginekologlarining IX s’yezdida ko‘p yillar mobaynida o‘zining samaradorligi, ilmiy isbotlangan onalar va bolalar muhofazasi milliy modeli hamda akusherlik, ginekologiya va perinatalogiya sohasidagi dolzarb, ilmiy va amaliyotda tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan masalalar muhokama qilindi.
Xalqaro mutaxassislar ishtirokidagi tadbir sohada faoliyat ko‘rsatuvchi shifokorlar kasb mahorati va bilim saviyasini ko‘tarish bilan birga, homiladorlar, onalar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilashga, ilmiy yangiliklarni keng ommalashtirish va amaliyotda tatbiq etishga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida milliy va xalqaro kompaniyalar mahsulotlarining ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi.