“BOLAJON”

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi jamoasi xalqimiz uchun yuqori badiiy saviyaga ega bo‘lgan teleradiomahsulotlar yetkazib berish borasidagi faoliyatini zamon talablari asosida hamisha takomillashtirib bormoqda.

Jumladan, 2013 yil 1 iyundan «Yoshlar» teleradiokanali qoshida «Bolajon» telekanali ish boshlashi nafaqat bolalar uchun balki barcha ota-onalar uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Endilikda ertamiz egalari o‘zlarining sevimli kanallariga ega bo‘lib, u orqali bo‘sh vaqtlarini mazmunli va maroqli o‘tkazishishlariga imkon yaratildi.

– Televizorda kanallarni bosh­qasiga o‘tkaza turib «Bolajon» kanalining maxsus yozuviga ko‘zim tushdi. Milliy ruhda yaratilgan, umuminsoniy qadriyat va fazilatlarni tarannum etuvchi bolajonlar uchun yaratilgan milliy kanalning ochilishi nafaqat bolalar uchun balki, biz ota-onalar uchun ham quvonarli holdir. Sababi, farzandlarimizning milliy qadriyatlarimizga hamohang bo‘lgan ko‘rsatuvlarni, multfilmlarni, qiziqarli dasturlarni ko‘rib borishi ularning kelajagi uchun foydalidir. Endilikda farzandlarim bo‘sh bo‘ldi deguncha ushbu kanalni, bir-biridan rang-barang ko‘rsatuvlarni, filmlarni ko‘rishmoqda. Buni ko‘rib biz ota-onalar juda mamnunmiz. Ayniqsa, bu Prezidentimiz Islom Karimovning qarori asosida tashkil etilgani quvonarli hol. Shundan ham anglash mumkinki, kelajak avlodga qaratilayotgan e’tibor benihoya katta, – deydi ona tili va adabiyoti o‘qituvchisi Saodat Muqimova.

3 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan «Bolajon» yangi raqamli telekanalning asosiy vazifalari bolalarda atrof-olamni idrok etish, ularda milliy qahramonlar, o‘zbek xalqi va boshqa xalqlarning xalq og‘zaki ijodi personajlari misolida ezgulik va adolat tushunchalarini shakllantirish hamda rivojlantirishga yo‘naltirilgan bilim beruvchi televizion dasturlarni namoyish etishdan iboratdir. Bundan tashqari bolalarning qiziqishlari, aqliy va ijodiy faolligini rivojlantirish maqsadida ko‘ngilochar-o‘quv televizion ko‘rsatuvlar, maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar uchun mo‘ljallangan intellektual o‘yinlar va viktorinalar havola etish orqali ularda aqliy hamda jismoniy mehnatning boshlang‘ich ko‘nikmalari va madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, jajji teletomoshabinlarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda zamonaviy interaktiv shakl va usullardan, raqamli va multimediyali texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanib, atrof-olamni bilish, yangiliklarni kashf etishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini rivojlantirishga qaratilgan maxsus o‘quv teleko‘rsatuvlarni tayyorlash, bolalar uchun badiiy, multiplikatsion va ma’rifiy filmlarni xorijiy tillar hamda o‘zbek tilida namoyish etish ham bu telekanal orqali amalga oshirilmoqda.

Yana o‘qing:  Iqlim o‘zgarishi Yer yuzi uchun xavfli

– Bola 3 va 10 yosh oralig‘ida borliqni anglashning o‘ziga xos pallasida bo‘ladi. Uning qiziqishlari kun sayin ortadi. Aynan shu davrda ular tarbiyaning asosiy ko‘nikmalarini oladi. Shuning uchun ham «Bolajon» telekanali asosan 3 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan. Bolalarimizni to‘g‘ri tarbiyalash yo‘lida telekanal xodimlari, jumladan ijodiy guruhimiz ham astoydil xizmat qilishmoqda. Ular uchun ruhiy olamiga mos va qiziqishlaridan kelib chiqib ko‘rsatuvlar tayyorlanmoqda, – deydi «Yoshlar» kanali ma’naviyat bosh muharririyati katta muharriri Mukarram G‘ulomova.

Darhaqiqat, «Bolajon» telekanali orqali berilayotgan ko‘rsatuvlar kichkintoylarda tabiatni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ona tabiatga mehr-muhabbat va ehtiyotkorona munosabatni shakl­lantirish, uy hayvonlari, parrandalar, turli jonzotlar, shuningdek, xona o‘simliklarini to‘g‘ri parvarishlashga o‘rgatishga yo‘naltirilganligi bolalar diqqat-e’tiborini jalb etibgina qolmay, balki shu mavzuga bo‘lgan qiziqishlarining yanada ortishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga bolalarni yoshligidan sportga oshno qilish, bundan tashqari ularga o‘z salomatliklarini asrashni hamda sanitariya-gigiyena qoidalarini o‘rgatadigan ko‘rsatuvlar ham tayyorlanib bolajonlar e’tiboriga havola etilmoqda. Bu sa’y-harakatlarning tub zamirida kelajak avlod tarbiyasi, ularning har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishlari yo‘lida olib borilayotgan ezgu amal mavjud desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ushbu kanalni tomosha qilayotgan bola rang-barang ko‘rsatuvlarni hamda o‘zi sevgan qahramonlarni ko‘rish bilan birga, beixtiyor o‘zini o‘sha olamga, ya’ni bola tasavvuridagi ertaklar olamiga tushib qolganday his etadi. Hech qaysi ko‘rsatuv bir-birini takrorlamasligi bilan bolalar me’dasiga tezda tegmaydi, aksincha musiqa va dastur, tasvir va rang, dekoratsiya va mavzu uyg‘unligi bolalar ruhiyatiga ijobiy ta’sir qilishga ko‘maklashadi.

Bolalarcha olamni, ular tasavvur dunyosini o‘zida aks ettirgan ushbu telekanalga kelajakdagi ishlarida muvaffaqiyat tilab qolamiz.

Mayna HASANOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: