OAV xodimlari sport musobaqasida
Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov boshchiligida olib borilayotgan keng islohotlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish borasidagi ishlar bugun davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Muhtasham sport majmualari, ko‘rkam sport zallarida mashq qilayotgan sportsevar yoshlarimizning erishayotgan yutuqlaridan diling quvonchga to‘ladi. O‘tkazilayotgan sport musobaqalari katta arenalar sari yo‘l ochib yuzlab iqtidor egalarini kashf qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan har yili o‘tkazib kelinayotgan sport musobaqalari ham shular jumlasidandir.
Kuni kecha Chilonzor tuman sport majmuasida ommaviy axborot vositalari xodimlarining kasb bayrami arafasida o‘tkazilgan mini futbol va stol tennisi musobaqalari ham g‘olib jamoalarni aniqlab berdi. Respublikamizda faoliyat yuritayotgan OAV tizimidagi o‘nta jamoa ishtirok etgan ushbu turnirda soha xodimlari, malakali jurnalistlar o‘z mahoratlarini namoyon etishdi.
Mini futbol bo‘yicha musobaqa yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston teleradiokompaniyasi Toshkent kanali jamoasi III o‘ringa loyiq topilgan bo‘lsa, II o‘rin «Axborot» informatsion dasturi jamoasiga, I o‘rin esa «Sport» kanali jamoasiga nasib etdi. Shuningdek, «Ma’rifat» gazetasi jamoasi rag‘batlantiruvchi mukofotni qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning stol tennisi bo‘yicha «Ma’rifat» gazetasi xodimi Sanobar Hakimova uchinchi o‘rinni, O‘zbekiston teleradiokompaniyasi xodimlari Laylo Rustamova ikkinchi o‘rinni hamda Irina Soy birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Turnir shartlariga ko‘ra «Eng yaxshi murabbiy», «Eng yaxshi darvozabon», «Eng yaxshi gol muallifi» nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar e’lon qilindi. Musobaqa g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Respublika Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi kabi hamkor tashkilotlarning qimmatbaho sovg‘alari bilan mukofotlandi.
Siyovush QAHHOROV,
Nizomiy nomidagi TDPU talabasi