Ustozlar diydori aziz
Har bir ustoz uchun shogirdining kamolini ko‘rish bebaho baxtdir. Samarqand davlat universitetida bo‘lib o‘tgan tadbir ham ana shu mavzuga bag‘ishlandi.
Oliy o‘quv yurti professor va o‘qituvchilari hamda universitetni 1983 yilda tamomlagan sobiq talabalar ishtirok etgan «Shogird kamoli – ustoz jamoli» mavzuidagi uchrashuvda so‘zga chiqqan Samarqand davlat universiteti professori Bekmurod Yo‘ldoshev o‘z so‘zida mazkur o‘quv dargohi mustaqil O‘zbekistonning taraqqiy etishiga kerakli kadrlar yetkazib berayotganini alohida ta’kidladi.
– Bunday uchrashuvlar, ustozlar va shogirdlar o‘rtasidagi rishtani yanada mustahkamlashga, qolaversa ular hamkorligidagi ilmiy izlanishlar yuzasidan o‘zaro fikr almashishga zamin yaratadi, – deydi dotsent Rohila Suvonova.
Universitet qoshida faoliyat yuritayotgan «Shalola» guruhi ijodkor talabalari o‘zlarining she’rlari bilan davraga fayz bag‘ishladi. Tadbir ishtirokchilarining ko‘hna va navqiron Samarqandning diqqatga sazovor joylari, qadim obidalari va tabarruk qadamjolari bo‘ylab qilgan sayohatlari ularda katta taassurot qoldirdi.
O‘z muxbirimiz