Ziyoratda halovat
O‘zbek milliy qadriyatlarining tayanch ustunlaridan biri bo‘lgan muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar inson tafakkuri shakllanishida muhim o‘rin tutadi.
Bunday maskanlar kishilardagi oliy tuyg‘ularni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Yurtimizning muqaddas qadamjo va ziyoratgohlari aslida o‘zbeklarning milliy ma’naviy qadriyatlarini va etnomadaniyatini mujassamlashtirgan bo‘lib, biologik, geografik, iqtisodiy, til va madaniyat kabi omillar ta’sirida ming yillar davomida shakllangan. Keltirilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, aholi uchun ziyoratgohlar asrlar mobaniyda o‘ziga xos ma’naviy tarbiya maskani vazifasini o‘tab kelgan.
Farg‘ona vodiysi o‘zining ajoyib iqlimi, samimiy va mehmondo‘st odamlari, muqaddas qadamjolari bilan doimo insonlarni o‘ziga maftun etib kelgan. Ayniqsa, viloyatning Buvayda tumanidagi “Bo‘stonbuva” ziyoratgohi qalbi ezgulikka payvand yurtdoshlarimizning eng sevimli maskanlaridan biri sanaladi. Bu go‘shaga kirib borar ekansiz, o‘zingizni ruhan yengil his etasiz. Yo‘l chetidagi ko‘kka bo‘y cho‘zgan azim chinorlar, dov-daraxtlar, anvoy gullar yon-atrofga o‘zgacha go‘zallik baxsh etib turibdi. Ariqlarda oqayotgan zilol suv ziyoratchilar kayfiyatiga ajib sokinlik baxsh etadi. Ziyoratga kelgan odamlar so‘rilarda hordiq chiqarib, o‘tganlar ruhini shod etish maqsadida qur’on tilovat qilishadi.
Tarixdan ma’lumki, Sulton Bayoz Bo‘stonbuva maqbarasining qurilishi sohibqiron Amir Temur davriga borib taqaladi.
Sohibqironning buyrug‘i bilan 1400–1402 yillarda maqbara ikkinchi bor bunyod etilgan. 600 yildan ortiq vaqt davomida saqlangan o‘sha davr me’moriy yodgorligi bugun qayta tiklandi va ta’mirlandi.
Ushbu maskan to‘g‘risida gap ketarkan, bu yerdagi shifobaxsh buloq suvi haqida aytib o‘tmaslikning iloji yo‘q. Harorati 68-70 daraja issiq bo‘lgan bu shifobaxsh suv 2600–2800 metr yer qa’ridan sizib chiqadi. Harakat a’zolari kasalliklari, bo‘g‘imlar va suyaklar yallig‘lanishi, asab tizimi va ayollar genekologik kasalliklari, surunkali ekzema kabi xastaliklarni davolashda bu suv, ayniqsa, foydali hisoblanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish, insonlarni yomon illatlardan uzoq yurish, namunali hayot kechirish, o‘zidan faqat yaxshi nom qoldirish singari xayrli ishlar qilishga chorlaydi. Odamlarni halollik, saxiylik kabi qadriyatlarni ulug‘lashga undaydi.
Charos XUSHVAQTOVA