O‘zbekistonlik o‘quvchilar Turkiyadagi IX xalqaro bilimlar olimpiadasida 49 medalni qo‘lga kiritdi
Yurtimizda yoshlarga zamonaviy bilim berish, ularning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan tub islohotlar samarasi o‘laroq, farzandlarimiz yuksak marralarni zabt etmoqda.
Umumiy o‘rta ta’lim sifatini oshirish, mamlakatimizda har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham muhim vazifa sifatida belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi esa xalq ta’limi tizimida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Yaqinda Turkiyada IX xalqaro bilimlar olimpiadasida yurtimiz maktab o‘quvchilarining muvaffaqiyatli ishtiroki barcha yurtdoshlarimiz qalbiga faxr-iftixor tuyg‘ularini jo etdi. Ushbu musobaqada poytaxtimizdagi “Intellect” bog‘cha-maktab nodavlat ta’lim muassasasining 25 nafar o‘quvchisidan iborat jamoa 6 oltin, 20 kumush va 23 bronza – jami 49 medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Ushbu xalqaro bilimlar olimpiadasida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkiya, O‘zbekiston va Ukraina mamlakatlaridan besh yuz nafar maktab o‘quvchisi matematika, geografiya, fizika, kimyo, biologiya, jahon tarixi, atrof-muhit, tasviriy san’at, rus, ingliz va turk tillari bo‘yicha o‘z bilimlarini namoyish etdi. O‘quvchilar, shuningdek, “Olimpiada malikasi”, “Shon-shuhrat daqiqasi”, “Fotosuratlar tanlovi” singari ijodiy va sport musobaqalari, mini-futbol va shaxmat turnirlarida ham o‘z iqtidorini sinovdan o‘tkazdi.
Quvonarlisi, Nigina Inoyatova (to‘rtta medal), Ikrom Yusupov (to‘rtta medal), Jamola Mirkomilova (uchta medal) va Odil Muhiddinov (uchta medal) kabi o‘quvchilarimiz IX xalqaro bilimlar olimpiadasining “Eng bilimdon ishtirokchilari” deb e’tirof etildi.
Dilfuza AZIMOVA