Toshkent avtobuslarida ham to‘lovlarni avtomatlashtirish boshlandi
Ilk marta Guliston shahrida sinovdan o‘tkazilgan avtobuslarga to‘lovlarni avtomatlashtirish loyihasi poytaxt Toshkentda ham joriy etildi.
Mazkur ishlar metroga haq to‘lash va kirishning avtomatlashtirilgan kompleksini joriy etish loyihasining mantiqiy davomi bo‘lib, ulardan yagona to‘lov kartalari yordamida foydalaniladi. To‘lov tizimi Toshkentning “Mustaqillik maydoni” metro bekatida joriy etilib, 2 oydan ortiq muddatda sinovdan o‘tkazildi. Joriy etilgan innovatsion yechim va yaratilgan qulayliklar yo‘lovchilar tomonidan iliq kutib olindi va mutaxassislarning yuqori bahosiga sazovor bo‘ldi.
To‘lov kartalari uchun hozirgi kunda jahonda ommalashib borayotgan NFC texnologiyasi tanlangan bo‘lib, u o‘zining qulayligi, xavfsizligi va tezkorligi bilan to‘lov va ob’yektlarga kirish yechimlarida keng qo‘llanilmoqda. Shuningdek, mazkur tizimda smartfon yordamida ham to‘lovlarni amalga oshirish imkoni yaratilgan.