“Qizil chiroq”ni anglamagan ota-ona yoxud bolalar nimani tomosha qilyapti?
Tunov kuni opamnikiga mehmonga bordim. Dasturxon atrofida ovqatlanayotganimizda opamning sevimli seriali boshlandi. Albatta, xorij seriali. Film boshlanishidanoq, ekrandan ko‘zimni olib qochdim.
Jiyanlarimga “Bunaqa filmlar ko‘rish yaxshi emas” deya tanbeh bersam, opam “qo‘yaver, hali bola, ko‘raversin” dedi. Vaholanki, bu kinoni farzandlar tugul, katta yoshli yaqinlarimiz oldida ko‘rishga istihola qilamiz.
Ma’lumki, joriy yil 8 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Mazkur hujjat 15 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi. 24 avgustda esa Senat tomonidan ma’qullandi. Qonun 6 bob, 27 moddadan iborat. Aytish joizki, ushbu hujjat ijrosi orqali jamiyatimizdagi bugungi ma’naviy-axloqiy jarayonning yaxshilanishiga beqiyos hissa qo‘shish mumkin.
– Qonun qabul qilindi, demak, buni hayotning o‘zi taqozo etdi. Aytish mumkinki, mazkur hujjatda axborotga doir huquqlarning cheklanishiga oid masala yo‘q. Bir so‘z bilan qonun kelajagimiz egalari bo‘lmish yoshlarning sog‘lig‘ini muhofaza etishga qaratilgan. Ushbu hujjatning asosiy maqsadi farzandlarimizni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotlardan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lib, unda davlat organlarining ushbu sohadagi vakolatlari, bu faoliyatda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokining mexanizmlari aniq belgilangan, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavjuda Xodjayeva. – Axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini belgilash va yosh toifalarini qo‘yish masalalari mazkur hujjatning muhim jihatlaridan hisoblanadi. Bu jamiyatimiz hayotida yangilik bo‘lib, endilikda ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, internet tarmog‘idagi veb-saytlar, blogerlar, reklama vositalari hamda boshqa turdagi axborot tarqatish kanallari orqali tarqatilayotgan axborotlarda bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan axborotdan himoya qilish maqsadida 0+, 7+, 12+, 16+, 18+ yozuvlari aks ettirilishi shart qilib qo‘yilmoqda. Qonunga ko‘ra yoshga oid tasnifni belgilash axborot mahsulotini ishlab chiqaruvchilar va tarqatuvchilar tomonidan, shu jumladan, ekspertlarni jalb etgan holda mamlakatimiz hududida tarqatish boshlangunga qadar amalga oshiriladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, qonun kuchga kirishi bilan har bir axborot tarqatuvchi axborotga yosh toifasini o‘zi yoki ekspertlarning xulosasiga ko‘ra qo‘yishlari kerak bo‘ladi.
Qonunda bolalarga zarar yetkazuvchi axborot turlari ta’riflangan. Bolalarni o‘z hayoti va salomatligiga xavf soladigan xatti-harakatlarni sodir etishga undaydigan, ularda narkotik vositalar, alkogolli va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish, qimor o‘yinlarida ishtirok etish istagini paydo qiladigan axborot tarqatilishi to‘liq man etilgan. Oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, turli noqonuniy xatti-harakatlar, shafqatsizlik, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik, jamiyatga qarshi boshqa xatti-harakatlarni oqlaydigan axborot tarqatilishi ta’qiqlangan. Qonundagi normalar bolalarning zamonaviy ilm-fan, madaniyat, ta’lim yutuqlariga doir axborotdan foydalanish imkonini cheklamaydi.
Uning qoidalari xalqaro huquqning umum qabul qilingan me’yor va tamoyillariga, xususan, Bola huquqlari deklaratsiyasi, BMTning “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyasi kabi hujjatlar va boshqalarga to‘liq mos keladi.
– Tan olish kerak, ma’naviyat sohasi vakillarining beparvoligi, ayniqsa, farzand kamolotiga mas’ul hisoblangan ota-onalarning e’tiborsizligi sabab milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan media mahsulotlar asta-sekin hayotimizni egallamoqda. G‘ayriaxloqiy g‘oyalarni targ‘ib etuvchi klip va filmlarni kattalarga qo‘shilib bolalar ham tomosha qilmoqda, – deydi O‘zbekiston San’at va madaniyat instituti katta o‘qituvchisi Shoira Nusratova. – Aytish kerakki, hayosiz sahnalar, tajovuzkorlik, zo‘ravonlik namoyishlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri kishi ongini jarohatlaydi. Qalbi yarali, ongi buzuq farzand o‘stirishni istamasangiz, ularni nima tomosha qilib, nima mutolaa qilayotgani, qanday qo‘shiq tinglab, qanday o‘yin o‘ynayotgani bilan qiziqing.
Zamonaviy animatsion filmlarning aksariyatini monstrlar (beo‘xshov, mutant maxluqlar), fazoviy kelgindilar haqidagi kinofilmlar tashkil qiladi. Syujeti kosmik janglar, obrazlari superqahramonlardan iborat ana shunday kinofilmlarning aksariyati bolalardagi tug‘ma ezgulik hislariga putur yetkazadi.
– Xorijiy kino mahsulotlarida oilaga xiyonat yashirincha singdiriladi. Ya’ni, qahramon oilali bo‘lishiga qaramay, qalbida avvalgi sevgisini asraydi yoki u bilan qandaydir tarzda uchrashuvlarga yo‘l qo‘yadi. Yoshlar yaxshi ko‘radigan kliplarning barchasida sevishganlarning iliq, ba’zan chegaradan ortiq yaqinlikdagi munosabatlari aks ettiriladi. Yoshlarni to‘g‘ri yo‘naltira olmaganimiz sababli bu kabi badiiy ijod mahsulotlari ular ongini zaharlamoqda, – deydi psixolog Zebiniso Ahmedova. – Mobil telefonlaridagi buzg‘unchi axborotlar, turli jangari o‘yinlar ham farzandlarimizning guldek umrini xazon qilmoqda. Bu o‘z navbatida o‘smir yoshida bolalarni ezgulikni targ‘ib qiladigan odatiy filmlarni tomosha qilish, qiziqarli, sermazmun kitoblar o‘qishga bo‘lgan qobiliyatini ham so‘ndiradi.
Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra mobil o‘yinlari insonning ruhiy holatini butunlay o‘zgartirib yuborar ekan. Bunday o‘yinlarga mukkasidan ketgan odamlarda parishonxotirlik, kutilmaganda jahl chiqish, xulqning yashirin o‘zgarishi, yolg‘on gapirish kabi holatlar uchraydi. Bolalarda darsga bormaslik, o‘zlashtirishning pasayishi, ozib ketish, ko‘zlarning tez-tez qizarishi, tushunarsiz gapirish, ota-onasidan keragidan ortiqcha pul talab qilish kabi zararli odatlar yuzaga keladi. Eng yomoni, ularda vaqt, atrof-muhit va muvozanatni qabul qilish qobiliyati buziladi. Xullas, mobil o‘yinlari inson kelajagini yemiruvchi xavfli illatdir.
Umuman olganda, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun, eng avvalo, ota-onalarga farzandlarini tarbiyalash, ularni zararli axborotlardan muhofazalash, buning huquqiy mexanizmlarini joriy etish, bolalarning jismoniy, ma’naviy va axborot xavfsizligining qonuniy belgilangan kafolatlari kompleksini yaratishni nazarda tutgani bilan nihoyatda ahamiyatli. Kelgusida ushbu talablarni bajarish nafaqat kelajagimiz egalarini zararli axborotlardan himoya qilish, balki har birimizning fuqarolik pozitsiyamizni faol namoyon etishga imkon yaratadi. Zero, farzandlarimiz qalbini yovuzliklardan asray olsak, millatimiz kelajagidan xotirjam bo‘lishimiz mumkin.
Navro‘z NORBOBOYEV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri