Atletlarimizning Osiyo kubogidagi zafarli yurishlari
Janubiy Koreyaning Yanggu shahrida og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo Kubogi hamda klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bahslari davom etmoqda.
Xotin-qizlar o‘rtasida 63 kg. vazn toifasida chiqish qilgan Kumushxon Fayzullayeva dast ko‘tarishda 87 kg, siltab ko‘tarishda 114 kg, umumiy 201 kg. natija bilan birinchi o‘rinni egalladi va terma jamoamiz hisobiga Osiyo kubogidagi uchinchi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi. 69 kg. vazn toifasida ishtirok etgan Tursunoy Jabborova esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, kecha oltin va kumush medallariga ega chiqqan har ikkala qiz ham 2002 yilda tavallud topgan. Ya’ni, ular kelasi yili Argentinada bo‘lib o‘tadigan III o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish imkoniyatiga egalar.
Erkaklar o‘rtasida 85 kg. vazn toifasida bellashuvlar tashkil etildi. Ushbu vazn toifasida terma jamoamizning ikki nafar a’zosi g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Sunnatilla O‘sarov dast ko‘tarishda 158 kg, siltab ko‘tarishda 186 kg, jami 344 kg. natija bilan musobaqaning kumush medaliga sazovor bo‘ldi. Ushbu vazn toifasida bronza medali ham o‘zbekistonlik atlet Fayzullo Nabiyevga nasib etdi.
Musobaqada terma jamoamiz a’zolari hozircha 3 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medallariga ega bo‘lishdi.
T. ORTIQOVA