Bobosining qizi

Xorazm viloyati, Xiva tumanidagi 9-umumta’lim maktabida ko‘plab iqtidorli o‘quvchilar tahsil olayotgani haqida eshitib, ushbu ilm dargohi tomon yo‘l oldik. Ta’lim maskani eshigidan kirishimiz bilanoq bino devorida osig‘liq turgan rasmlar diqqatimizni o‘ziga tortdi.

Bilishimizcha, bu chiroyli rasmlar muallifi ushbu ta’lim maskanining 8-sinf o‘quvchisi Nozima Matrasulova ekan. Biz yosh rassomning fikrlari bilan qiziqdik:

3 yoshimda bobojonim Xivadagi Pahlavon Mahmud ziyoratgohiga olib borgandi. O‘shanda bir-biridan go‘zal tarixiy obidalarni ko‘rib, go‘yoki ertaklar olamiga tushib qolgandek bo‘lganman. Shu kuni bobojonim menga rasm daftar va rangli qalam olib berdi. Baland minoralarni chizib bobojonimga ko‘rsatganimda u kishi boshimni silab, “sen kelajakda buyuk rassom bo‘lasan”, degandi. Har gal qo‘limga qalam olganimda o‘sha manzara ko‘z o‘ngimda qayta jonlangandek bo‘ladi. Yuragimda muhrlanib qolgan bu voqeani qachonlardir rangli buyoqlarda tasvirlayman, albatta. Bobojonimning bir og‘iz shirin so‘zi meni yuksak cho‘qqilar tomon yetaklagan.

Nozima bo‘sh vaqtlarida badiiy kitob o‘qib, she’r va g‘azallar yod oladi. Sportning shaxmat-shashka, karate va suzish turlari bilan muntazam shug‘ullanadi. U rus va nemis tilida bemalol so‘zlashadi. Serqirra iqtidorli bu qiz hozirda koreys, xitoy va ingliz tillarini ham o‘rganishga qattiq bel bog‘lagan. Qolaversa, u matoga chiroyli gullar, daraxtlar rasmini chizib, munchoq va rangli ipak bilan kashta tikadi. Do‘ppi, sharf va paypoqlar to‘qiydi.

Nozima 3 yoshga to‘lganda bobosi Shixnazar Matrasulov unga “Alifbe”, ertak va rangli kitoblarni sovg‘a qilgandi. Ilmli bu insonning o‘zi arxeolog-olim bo‘lgani uchun ham nabirasini bilimli bo‘lishini xohlagan. Qizim kitoblarni o‘qiy olmasa-da, ulardagi har bir rasmni chizib bergan. O‘shandayoq unda yuksak iqtidor borligini payqaganman, – deydi onasi Nazokat Salimova.

Nozima “Soliq bilimlari bolalarga” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida faol ishtirok etib, rasm yo‘nalishi bo‘yicha faxrli I o‘rinni egalladi va respublika bosqichida faol ishtirok etgani uchun diplom bilan taqdirlandi.

Uning kelajakda orzulari ushalishiga tilakdoshmiz.

Sofiya NAZAROVA

Yana o‘qing:  San’atim, sozimda madhing Vatan!

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: