Maymanoq bodomlari
Maymanoq nafaqat Kasbi tumani, balki Qashqadaryo viloyatidagi qadimiy va aholisi ko‘p qishloq. Qishloq ahli azal-azaldan sohibkorlik, dehqonchilik bilan shug‘ullanib keladi.
Biror bir xonadon yo‘qki, mevali daraxt ko‘chatlari parvarish qilmasa. Yangi imorat qurish uchun joy olindimi, avvalo nihol ekishadi. Chunki uy-joy bitkazilib, ko‘chib kelishgach, oradan bir necha yil o‘tib nihollar bo‘y cho‘zib, daraxtlar mevaga kira boshlaydi. Xonadonga qut-baraka, fayz, rizq-u nasiba, baraka inadi. Har bir oila a’zolari bog‘ barpo etishga qiziqishadi. Bog‘lardagi sarxil mevalar, ishkomlarda o‘zini ko‘z-ko‘z qilayotgan uzumlar dasturxonlarga ko‘rk bag‘ishlaydi. Ayniqsa, Maymanoq bodomlarini aytmaysizmi?!
Ha, Maymanoq bodomlarini ta’riflashga so‘z ojiz. Aytishlaricha, kaftingizga ezsangiz, faqat mag‘zi qoladigan mazali bodomlar shu zaminda yetishtiriladi. Meva nihollarini boshqa qishloqlarga olib borib ekishganda ham bu qishloq zaminidagi singari serhosil va mazali ta’m beradigan bodom olishmagan. Bu esa hanuz sirligicha qolayapti.
Maymanoqlik mirishkor dehqon Berdimurod G‘aniyevning so‘zlari davraga o‘zgacha fayz kiritadi. U kishining aytishicha 1967 yilda respublikamizning o‘sha paytdagi rahbari Sharof Rashidov, viloyat rahbari Ro‘zmat G‘oyibov, Koson tuman rahbari Jalil Haqqulov bilan birgalikda Maymanoqqa borishadi. Ularni xo‘jalik rahbari Qodir Niyozqulov va usta dehqon Shodmon Sanaqulov kutib olishadi. Sharof Rashidov qishloq odamlarining turmush tarzi, ularning yutuqlari, yechimini kutayotgan muammolar xususida gaplashadi. Bir piyola choy ustidagi suhbatda Sharof Rashidov dasturxondagi bodomlarning ta’mi boshqacha ekanligi haqida so‘z ochadi.
– Bu bodomlar mo‘jizaning o‘zi-ku. Bunaqasini boshqa biror joyda uchratmaganman, – deydi hurmatli mehmon. – Bu yerning tabiati, tuproq iqlimi, havosi bodomga mos ekan. Shifobaxshligini aytmaysizlarmi?!. Xuddi shunga o‘xshash bodomlarni, bodomzorlarni ko‘paytirish kerak.
Oradan uncha ko‘p vaqt o‘tmay, aniqrog‘i, 1968 yilda Sharof Rashidovning ko‘rsatmasi va maslahati bilan Maymanoq tog‘ yon bag‘rida joylashgan akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Respublika bog‘dorchilik va uzumchilik ilmiy tekshirish institutining bodomchilik tayanch punkti tashkil qilindi. Mavjud 280 gektarning 100 gektari bodom nihollari uchun ajratildi. Shundan 5 gektariga Amerikaning Texas shtatidan keltirilgan “Texas”, “Namfarel”, “Kosmicheskiy”, “Dreg” kabi bodom navlari ekildi. “Texas” navli bodom yumshoq po‘stli bo‘lib, kaftga siqib “puf” desangiz, po‘sti havoga uchadi. 95 gektar maydonda esa 15 xildagi mahalliy bodom navlari parvarish qilina boshladi. Tayanch punktga qarashli qolgan 180 gektar maydonda bodomdan tashqari o‘rik, shaftoli, olma, anor, olxo‘ri ko‘chatlari ekildi. Tokzorlar barpo qilindi.
Maymanoq bodomlari 1982 yilda Moskvadagi xalq xo‘jaligi ko‘rgazmasidan o‘rin egallaydi. Shu tariqa Maymanoq bodomlarining shuhrati dunyo kezadi. Bu yutuqlarga erishishda bag‘ri keng va zukko inson Sharof Rashidovning hissasi beqiyos, albatta.
– Sharof ota qadami yetgan joylarga baraka kirib kelardi. Biz bu oliyhimmat, tabarruk insonning tashrifidan, e’tiboridan, bog‘dorchilikni rivojlantirishdagi xizmatlaridan hamisha minnatdormiz, – deydi maymanoqlik otaxon va onaxonlar.
Bugungi kunda qishloq mirishkorlari bog‘larni yanada kengaytirishga harakat qilishayapti. Bu yerda yetishtirilayotgan sarxil mevalar nafaqat Maymanoq dehqon bozorini, balki Kasbi, Koson, Muborak, Qarshi shahridagi bozorlarni ham to‘kin qilayapti. Albatta, halol mehnatlar evaziga yaxshigina daromad olinadi. Sidqidildan qilingan mehnat bois oilalar iqtisodi yuksalib, ro‘zg‘or but, turmush farovon bo‘layapti. Xalqimiz “Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik” naqlini bejiz aytmagan. Sohibkorlik va dehqonchilikning hadisini olgan maymanoqliklar har qarich yerdan unumli foydalanishga harakat qilishayapti.
Abdulla AYIZOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi