Tovuq go‘shtidan “Sezar” salati
Zarur masalliqlar: 200 gr tovuq go‘shti, 1 dona pomidor, 50 gr parmesan pishlog‘i, 1 bog‘ salat bargi, 50 gr to‘g‘rab qotirilgan non, ta’bga ko‘ra soya sousi.
Salatni xushxo‘r qilish uchun: 100 gr zaytun yog‘i, 2 dona tuxum, 1 dona limon, 2 choy qoshig‘ida xantal, 2 dona sarimsoq bo‘lagi, ta’bga ko‘ra tuz.
Tayyorlanishi: qaynatib olingan tuxum sarig‘i oqidan ajratib olinadi. Sarimsoq donachalari mayda qig‘ichdan chiqarib olinib, u tuxum sarig‘i, xantal, tuz va 3 osh qoshiq limon sharbati bilan aralashtiriladi. So‘ngra biroz zaytun yog‘i solinib, 15 daqiqa tindiriladi. Bu biz tayyorlamoqchi bo‘lgan ”Sezar” salatini xushta’m qiluvchi vosita sanaladi.
Ungacha tovuq go‘shti tuzli suvda bir marta qaynatib olinadi. Sovutib olingach samoncha shaklda to‘g‘raladi va unga qalampir, soya sousi aralashtirilib zaytun yog‘ida qizartirib olinadi.
Yirik qilib to‘g‘ralgan salat bargi, pomidor, qaynatib olingan tuxum oqi, qovurilgan tovuq go‘shti va qirg‘ichdan o‘tkazilgan pishloq yaxshilab aralashtiriladi. Uning ustidan salatni xushtam qiluvchi, oldindan tayyorlab qo‘yilgan sous aralashtiriladi. Qotirilgan non bo‘lakchalari salat tayyor holga kelgachgina aralashtiriladi.
Salatni bezash: bodring va pomidor yordamida o‘zingizga yoqqan bir shakl yasab, uning ichiga tayyor salatni solishingiz mumkin. Yoqimli ishtaha!
XurshidaBonu