Bodom guli

Bahor faslini juda yaxshi ko'raman. Ko'ngilga huzur bag'ishlaydi. Ko`klamning ilk kunlarida buvijonimni ko'rgani qishloqqa boraman. Qorlar erib, yer quriy boshlagan, dilni yayratuvchi shamol taningizni erkalab o'tadi. Chopib hovliga kiraman. Buvim keng hovli adog'idagi tandirda ko'k somsa yopyapti. Yugurib borib quchoqlayman.

– Yaxshi keldingmi, bolam? – Buvim menga mehrli ko'zlari bilan, uzoq tikildi. Sochlarimni silab peshonamdan o'pdi. Bag'irlariga bosganlarida bahorning iliq, totli nafasini tuydim. Qo'limga hozirgina tandirdan uzilgan ko'k somsani tutqazar ekanlar, ko'zlarimga boqib, “Ko'klamga yetkazganiga shukur, toychog'im” deb qo'ydilar.

Somsani mazza qilib yeb bo'lgach, qo'limni yuvish bahonasida ariq yoqalab ekilgan daraxtlarga ko'zim tushdi. Bodom gullabdi, biram chiroyli, qaraganingiz sari ko'zingiz to'ymaydi.

– Buvijon, ko'rdingizmi bodom gullabdi!

– Seni kelishingga gullabdi-da, toy­chog'im! Nasib qilsa, buning mevasidan bolalaring, bolalaringni bolalalari ham bahramand bo'lishadi. Iloyo, chevaralarimning to'ylariga yetkazsin.

Bolalik paytlarimda buvim opichlab, qishloq tepasidagi qirlikka olib borgani, birgalikda lolalar terganimiz, kapalaklar ortidan quvganim, suv bo'yida yayrab o'sgan yalpizlardan bir etak yig'ganim ko'z oldimga keldi. So'rida shunday xayollarga berilib o'tirarkanman, xayolimni buvijonimning so'zlari buzdi.

– Bolajonim, charchadingmi? Zulayho xolang sumalak qilgandi. Nasibangni olib qo'ygandim. Mana bunisi esa ko'k somsa. Mahfuza ammang o'z qo'li bilan tayyorlagan. Madina jiyaning ham qarashgan.

– Madina somsa yopadigan bo'lganmi? Yaqinda opichlab yurardim.

– Onasining dastyori bo'lgan, baraka topsin. Biram qo'li shirin. Hozirdan sovchilar kelyapti, ammangnikiga.

Bilaman, buvim menga ilinib, taomlardan o'zi totmagan. Qo'yarda-qo'ymay ularni yonimga o'tqazib, taomlardan yeyishga undayman. Buvim bir-ikki totingan bo'ladi-da, yonimga yaqinroq surib qo'yadilar. Shunchalar ham mehribon, bolajon bo'lasizmi, buvijon. Bahor taomlaridan to'yib tanovvul qilgach, erkaligim tutib, ularning tizzalariga bosh qo'yaman. Mehrli qo'llari bilan peshonamni silaydilar.

Oradan yillar o'tdi. Bu yil yana qishloqqa bordim. O'sha qishloq, o'sha ko'chalar, ammo… buvijonim yo'q edi. Buvijonim ko'rpa qavigan o'sha so'rida uzoq vaqt o'tirdim. Hovlini aylandim o'sha qadrdon tandirga behol suyandim. Ko'zim qiyg'os gullagan bodomga tushdi. Nim pushti gullariga uzoq, juda uzoq tikildim. Daraxt ancha kattalashib, salgina yonbosh tomonga og'ibdi. Darhol shox-shabbalar orasidan yo'g'onrog'ini olib unga tirab, to'g'rilab qo'ydim. Qaddi tik bo'ldi. Shunda qulog'imga uzoqdan bir sas eshitilgandek bo'ldi: – “Rahmat bolam, umringdan baraka top”. Buvijonimning ovozi. Yon-atrofga alanglayman. Qo'llarim bilan beixtiyor bodom tanasini silar ekanman, o'zimcha shivirlab “buvijon sizdan yodgorlik bu daraxtni hamisha asrab-avaylaуman”, deyman.

Яна ўқинг:  Умрнинг улуғвор манзили

Har yili bodom daraxtini, uning buvijonimni eslatuvchi nafis gullarini bahorni sog'ingandek sog'inadigan bo'ldim.

Davronbek ORIPOV

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: