BILIM va baxtiyorlik manzili

1992-yil 11-fevraldagi Vazirlar Mahkamasining 60-sonli qaroriga asosan mustaqil ma’muriy hudud sifatida Olmazor tumani tarkibida “Yoshlik” talabalar shaharchasi tashkil topdi. Ushbu hududning maydoni 600 gektardan ko‘proq bo‘lib, shaharchada respublikamizdagi eng nufuzli Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent Davlat Texnika universiteti, Toshkent Tibbiyot akademiyasi, Turin Politexnika universiteti hamda Madaniyat, Xizmat ko‘rsatish va servis, Olmazor politexnika, Tibbiyot kollejlari, Gliyer nomidagi Respublika maxsus musiqa maktabi va yuqorida nomlari sanalgan o‘quv yurtlarining akademik litseylari joylashgan.

Yuqorida sanab o‘tilgan o‘quv muassasalarida tahsil olish uchun yurtimizning turli hududlaridan talaba-yoshlar kelmoqda. Shaharcha, avvalo, ularni bir joyga jamlab, do‘st tutunishga yordam beradi. Qolaversa, istiqlol imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda, jamiyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishni istagan yoshlarga sog‘lom muhit yaratish zarur. Negaki, barqaror muhit o‘rnatilgan joyda te’ran fikrli avlod shakllanadi. “Yoshlik” talabalar shaharchasi yoshlarni bir oiladek yashashga, hamfikrlikda ish ko‘rishga, eng muhimi o‘tmishdan saboq olib, kelajakka intilishga, yuksak muvaffaqiyatlarga erishishga zamin hozirlayotir.

Hozirda shaharcha hududidagi 9 ta mahallada 42 mingga yaqin fuqaro istiqomat qiladi. U yerda yashovchilarning deyarli barchasi professor-o‘qituvchilar hamda malakali shifokorlardir. Talabalar va ta’lim muassasasi o‘qituvchilari hashar yo‘li bilan o‘zlari istiqomat qilayotgan, ta’lim olayotgan dargohlarning atrofini chamanzorga aylantirdi. 16 ming tupdan ziyod igna bargli daraxtlar, 8 mingga yaqin mevali daraxtlar, 7 mingdan ziyod manzarali daraxtlar hamda 250 ming tupdan ortiq gul ko‘chatlari ekildi. Shaharchani sayr qilar ekansiz, havasingiz ortadi, talaba bo‘lib shu dargohlarda o‘qigingiz, yashagingiz keladi. Atrofning manzarasidan dil yayraydi. Tabiat qo‘ynida, mayin maysa ustida, daraxtga suyangancha kitob o‘qish kimga huzur bag‘ishlamaydi?! Anvoyi gullar iforidan bahra olib, dars tayyorlash nafaqat salomatlikka, balki, aqlan te’ran bo‘lishga ham koni foyda.

Sog‘lom avlod – sog‘lom jamiyat demakdir

Yurtboshimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida aynan jamiyatga yetuk malakali kadrlar tayyorlash va provardida yoshlarga sog‘lom muhit yaratishdek ezgu maqsadlar mujassam. Birgina talabalar shaharchasida yaratilgan shart-sharoitlar bunga yorqin misol bo‘la oladi. Shaharchada 38 ta talabalar turar joyi barpo etilgan. Bu haqida “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokim o‘rinbosari, iqtisod fanlari nomzodi Samug‘jon Hikmatov quyidagilarni so‘zlab berdi:

Яна ўқинг:  Мактаб ва мослашув

– Bundan yigirma uch yil avval talabalar turar joyi (ilgari yotoqxona deyilgan) ta’mir talab edi. Yuvinish xonasi va oshxona yonma-yon joylashgani sabab turli yoqimsiz hidlar dimoqqa o‘rnashib qolardi. Devorlar nuragan, quvurlar yorilgan, issiqlik batareyalari yetarli darajada isitmasdi. Bir xonaga sakkiz nafar talabagacha joylashtirilgan. Ularning yeb-ichishi, yashash sharoiti boshqalarni qiziqtirmagan.

2005-yil 28-dekabrida Yurtboshimiz “Yoshlik” talabalar shaharchasiga tashrif buyurdi. Shaharchadagi qurilish ishlari, talabalarning yashash sharoitlari bilan tanishib, ularga yana qulaylik yaratish maqsadida bir qancha taklif va tavsiyalar berdi.Tez orada qayta ta’mirlash ishlari yakunlanib, mazkur turarjoylar zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi.

Har bitta xonaga ikki nafar talaba istiqomat qilishi belgilab qo‘yildi. Xonalarda mayin gilamlar, yumshoq o‘rindiqlar, tokchalarda xona gullari, derazalarda jalyuzilar o‘rnatilgan. Kir yuvish mashinalari, zamonaviy gaz plitalari, kiyim dazmollash xonasi va kompyuter xonalari talabalar ixtiyoriga topshirilgan.

“Yoshlik” talabalar shaharchasining hududida talabalarga xizmat ko‘rsatuvchi dehqon bozori, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, umumiy ovqatlanish oshxonalarining faoliyati yanada kengroq yo‘lga qo‘yildi. Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va unumli o‘tkazish maqsadida shaharchada sport inshootlari – 14 ta futbol maydoni, 3 ta yopiq suv majmuasi, 12 ta sport bo‘lmasi, 32 ta voleybol maydonchasi, 26 ta basketbol maydoni, 2 ta tennis kortlari barpo etilgan. Qolaversa, hududdagi Ma’naviyat va Ma’rifat markazida bir qancha to‘garaklar qatori talabalar chet tillarini o‘rganishi uchun bepul o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilgan.

Darvoqe, shaharchadagi 32-sonli poliklinika 2004-yildan Talabalar poliklinikasi deb yuritiladi. Markaz zaruriy jihozlar bilan ta’minlangan, har oy talabalar maxsus ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shifokorlar talabalar turar joyidagi gigiyenik tozalikni nazorat qilib boradi. Poliklinika talabalar uchun bepul xizmat ko‘rsatadi.

Shaharchani sayr qilgan kishi uning haqiqiy yoshlik maskaniga aylanganiga ishonch hosil qiladi. Mustaqillik bayramini munosib nishonlash maqsadida har bir ta’lim muassasasidagi kabi “Yoshlik” talabalar shaharchasida ham shodiyonaga taraddud boshlab yuborilgan. Atrofga rang-barang bayroqlar ilingan, hududda obodonlik ishlari nihoyalab qolgan, tevarakda, odamlar yuzida bayram shukuhi sezilib turibdi. Shaharchaga bir bora kelsangiz yuqorida aytganlarimizning guvohi bo‘lasiz.

Dildora QARShIBOYeVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: