QORXAT

Voqeiy hikoya

Usmonjon sinfining “nomdor” to‘polonchilaridan. O‘qishi ham haminqadar. Zo‘rg‘a uch bahoga ilinadi. Ustozlaridan “dakki” eshitaverib, “qulog‘i qotib qolgan”. Onasining “Darsingni tayyorladingmi o‘g‘lim”, degan so‘zlariga bilinar-bilinmas bosh irg‘aydi-yu ko‘chaga yuguradi.

Ertasiga esa maktabga kelib, uy vazifasini bajarmagani uchun qizarib o‘tiradi. Darsga kechikmay kelishini hisobga olmaganda maqtagulik jihati yo‘q. Uning goho derazadagi gullarning yaprog‘ini uzib olishi, yoki kiyim ilish uchun sinfga qo‘yilgan shkafni bir tepib ochishi, shkaf tortmasiga qo‘yilgan uy ishi daftarlarining orasidan o‘zinikini qidirib, har gal uni aralashtirib tashlashi-yu dars tugashi bilan doskaga “aji-buji” rasmlarni chizib ketishini aytmasa yaxshi bolalar safiga qo‘shish mumkin edi. Ammo…

Bo‘ralab yog‘ayotgan oppoq qor zumda yer bag‘rini qoplab oldi. Kishi etini junjiktirar darajada esayotgan izg‘irin u yon-bu yon qorlarni uchirib tepalik hosil qilishga kirishgan. Odatdagidek hammadan birinchi bo‘lib sinfga kirib keladigan Usmonjon bu gal ham odatini kanda qilmay sovqotgan qo‘llarini “kuf-kuf”laganicha bir-biriga ishqalab partasiga borib o‘tirdi. Biroz o‘ziga kelib olgach qalin paltosini va telpagini yechib sinf burchagidagi shkafni bir tepib ochdi-da undagi ilgichlardan biriga kiygizib qiyshaytirib osib qo‘ydi. Qaytib joyiga o‘tirar ekan sumkasini parta tagiga qo‘yish maqsadida pastga egilib ko‘zi to‘rt burchak qilib buklangan oppoq varaqqa tushdi. Olib qarasa yuziga katta-katta harflar bilan QORXAT degan so‘z yozilgan ekan. Qiziq, buni kim qo‘ygan ekan-a, – degan hayrat bilan ichini ochib apil-tapil o‘qishga tushdi. “Darsga o‘z vaqtida yetib keladigan odobli Usmonjonga sinf qizlari nomidan qorxat”. Usmonjon shu so‘zlarni ovoz chiqarib o‘qir ekan ich-ichidan g‘ururlanib qo‘ydi va xatning davomini o‘qishga kirishdi.

Sizga birinchi qor muborak bo‘lsin deya quyidagi topshiriqlarni bajarishingizni iltimos qilamiz:

– Shkafning ikkinchi tabaqasini qo‘l bilan sekin ochib ichidagi daftarlarni alfavit bo‘yicha taxlang.

– Xonadagi gullarning yaproqlarini uzmasdan, shoxlarini bukmasdan pechka yonidagi chelakdan suv soling.

– Doskani artib, bo‘r keltirib qo‘ying.

– Partalarning changini arting.

– Ona tili fanidan 3-mashqni ko‘chiring hamda matematika fanidan 140-masalani tezda ishlab, uy vazifasini ham tayyorlab qo‘ying.

Shu shartlarni bajarsangiz siz boshchiligingizda sinfimiz 5-”B” sinfidan o‘zib ketadi”. Xatni o‘qigan Usmonjonning yuragi allanechuk hapqirib ketdi. U o‘zi bilmagan holda zudlik bilan ishga kirishdi. Axir shuncha topshiriqni bir varakayiga bajarish oson emas-da. Dastlab shkafdan kecha ketar chog‘ida o‘zi to‘zg‘itib ketgan daftarlarni “a” harfidan boshlab taxlab chiqdi. So‘ngra gullarning yaproqlarini avaylab, qayirmasdan har bir gultuvakka bir tekis qilib yarim cho‘michdan suv quyib chiqdi. Doskadagi kecha o‘zi muallifi bo‘lgan “aji-buji” rasmlarini o‘chirib, bo‘r keltirib qo‘ygach partalarning changini artishga kirishdi. Endi navbat uy vazifalarini bajarishga. Usmonjon peshonasidagi “reza-reza” terlarni artar ekan, tezda uy vazifasini bajarishga kirishdi. Mashqni ko‘chirdi-yu, matematika fanidan masala yechishga kelganda biroz qiynaldi. Ammo uni bir amallab bajardi. Axir qizlarning oldida qaysi o‘g‘il bola boshini egib o‘tirishni xohlaydi, deysiz.

Яна ўқинг:  “Сизга кимётерапия тавсия этилади...”

Birin-ketin sinfga kirib kelgan qizlar xonadagi saranjom-sarishtalikdan mamnun bo‘lishib bir-biriga ma’noli qarab qo‘yishdi. Gapning sirasini aytganda ana shu mo‘jizaviy qorxat tufayli sinf to‘polonchilari bittaga kamaygan edi-da.

Bu g‘oya sinfboshi va sinfdagi eng aqlli qiz, yomonlikdan ham yaxshilik qidiruvchi Jannatoyning sa’y-harakatlari bilan amalga oshdi.

Aziz o‘quvchilar!

Siz ham tengdoshlaringizga shunday ta’sir o‘tkaza olasizmi? Bu haqda albatta bizga yozib yuboring.

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: