Poydevori mustahkam bo‘lsa…

O‘zbek xalqi – bolajon xalq. Yurtimizda farzand tarbiyasiga azaldan muhim ahamiyat qaratib kelingan. Go‘daklikdanoq ularga yaxshi ta’lim-tarbiya berish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmoqda. Bu, nafaqat ota-onaning, balki bilim maskanlari, shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalarining ham asosiy vazifasidir.

Poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan 236-maktabgacha ta’lim muassasasi (MTM)da ham bu kabi ishlar izchillik bilan yo‘lga qo‘yilgan.

Muassasa hovlisidagi go‘zal manzara kishini bolalikning beg‘ubor onlariga yetaklaydi. Orasta maydonchada ertak qahramonlarining haykalchalari, turfa gullar ertaklar olamiga boshlab kirsa, bolajonlarning sho‘x-shodon qiyqirig‘i, kulgusida baxt nashidasi ufurib turadi.

– MTMlar o‘rtasida o‘tkaziladigan turli tadbirlarda muassasamiz faol qatnashadi, – deydi mazkur muassasa mudirasi Valida Muhammedova. – Respublika miqyosidagi “Iqtidorli bolalar”, “Oltin xumo”, “Sog‘lomjon-polvonjon” kabi musobaqalarda faxrli natijalarga erishdik. Tarbiyachilarimiz ham bu borada faol. Muassasa ikkinchi uyimiz. O‘z bolalarimizga qanday mehribon bo‘lsak, tarbiyalanuvchilarga ham shunday munosabatdamiz. Ularning har bir mashg‘ulotlarini kuzatib boraman.

Ma’lumki, maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 25-oktyabrdagi “Normativ huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshiriladi. Mashg‘ulotlar davomida tarbiyachilar bolalarga nutqni o‘stirish, so‘zlarni ravon aytishni o‘rgatadilar. AKT ko‘rgazmali qurollari orqali tasavvurni kengaytirish, tabiatga sayr, atrof-muhitga mehr, hayvonot va o‘simlik olami bilan tanishish, ularni sevish hamda zarar yetkazmaslik haqida saboq beriladi. Tarqatma materiallar darsida topqirlik, hozirjavoblik qobiliyatlari charxlanib, topishmoq, maqol, tez aytishlar yod olinadi. Zamonaviy texnologiyalar asosida olib boriladigan kompyuter saboqlari orqali bolalarning yaratuvchilik qobiliyati shakllantiriladi.

– Haftada ikki marta o‘tkaziladigan sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlarida badiiy gimnastika elementlari o‘rgatiladi, – deydi tarbiyachi Dilbar opa. – Bu mashg‘ulotlar orqali bolajonlarning qo‘l-oyoq mushaklari chiniqib, gavda va umurtqa suyagi to‘g‘ri shakllanadi. Nafosat darsida bolalar musiqa orqali go‘zallikni sevishni o‘rganadilar. Tasviriy san’at mashg‘ulotlari ochiq havoda o‘tkazilib, bolalar qalam va moybo‘yoqlar orqali o‘z ichki hissiyotini rasmlarda aks ettirishadi. Yoz fasli bolajonlar uchun sog‘lomlashtirish oyliklari tashkil etiladi. Uch oy davomida bolalar suzish mashg‘ulotlarida qatnashishadi, har kuni gimnastika bilan shug‘ullanadilar.

Maktabgacha ta’lim muassasalarining mas’uliyati ortdi. Zero, davlatimiz rahbarining “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlanganidek: “Ko‘p yillik ilmiy kuzatishlar va tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, inson o‘z umri davomida oladigan barcha axborotlarning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrda olar ekan”. Shu nuqtai nazardan farzand tarbiyasida maktabgacha ta’lim muassasalari muhim ahamiyat kasb etadi.

Яна ўқинг:  Шогирдларим ютуғи

Barno AHMeDOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: