Sportchi uchun eng muhimi ishonch

Yurtimizda barcha sohada yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Ayniqsa, sportning turli yo‘nalishlarida yoshlarimizning qo‘lga kiritayotgan yutuqlari tahsinga sazovor. Qaratilayotgan e’tibor samarasi o‘laroq yildan yilga chempionlarimiz soni ham ortib bormoqda.

Sportning biz uchun anchayin yangi turi hisoblangan chim ustida hokkey sporti bilan shug‘ullanib qator yutuqlarni qo‘lga kiritgan Marg‘uba Rabbimova ana shunday chempion yoshlarimizdan biridir. U 1994-yili Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi “Temirak” qishlog‘ida tug‘ilgan. Tumandagi 19-umumta’lim maktabida tahsil olgan. Marg‘uba o‘qishni Samarqand Olimpia zaхiralari sport kollejining “Chim ustida hokkey” yo‘nalishi bo‘yicha davom ettirdi. Mazkur muassasa uning iqtidori ro‘yobga chiqishida vositachi bo‘ldi. Kollej qizlaridan iborat “Sitora” jamoasida yarim himoyachi sifatida qabul qilindi. Marg‘uba Rabbimova jamoadoshlari bilan ketma ket yutuqlarni qo‘lga kirita boshladi.

– Muvaffaqiyatlarga erishishimda, eng avvalo, oila a’zolarim va ustozlarimning, qolaversa jamoadoshlarimning o‘rni katta, – deydi Marg‘uba. – Ular har galgi musobaqa oldidan ruhiyatimni ko‘tarishga hamda g‘alaba qozonishimizga ishonch bildirishadi. Sportchi uchun muhimi ham shu. Men esa ularning ishonchlarini oqlashga harakat qilaman. Har bir ota-ona uchun farzandining erishgan yutuqlaridan va u haqidagi maqtov so‘zlarini eshitishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. 2011-yilda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan chim ustida hokkey bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida jamoamiz birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va jamoadoshlarim qatori I darajali diplom bilan taqdirlandim. 2012-yilda esa Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi chempionatda ham jamoamiz tengsiz ekanini namoyish etib, I darajali diplom bilan taqdirlandik. Bu g‘alaba menga imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Samarqand davlat universiteti “Jismoniy madaniyat” fakultetiga imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilindim. Shuningdek, joriy yilda Buxoro shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogida II o‘rinni qo‘lga kiritdik.

Marg‘uba o‘z ustida ishlashdan sira to‘xtagani yo‘q. Hozir Tailand va Malayziya davlatlarida bo‘ladigan Osiyo kubogiga tayyorgarlik ko‘rayotgan Chim ustida hokkey bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Marg‘uba Rabbimovaga kelgusi ishlarida omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.

Rayhona OCHILOVA,

O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi

Яна ўқинг:  Mirzacho‘lning mo‘jaz bog‘i

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: