Miroqining nafis nihollari
Prezidentimiz tashabbusi bilan davlatimiz tomonidan fan, ta'lim, san'at va sport yo`nalishida o`z tengqurlariga ibrat bo`layotgan iqtidorli yoshlarni qo`llab-quvvatlashga, ularning orzu-intilishlarini ro`yobga chiqarishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Mazkur islohotlarning natijasi o`laroq, yurtimizning shaharu qishloqlarida bolalar va o`smirlar sport maktablari qurilib, foydalanishga topshirilmoqda.
Bugungi kunda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi Miroqi shaharchasida malakali murabbiy, «Xalq ta'limi a'lochisi» ko`krak nishoni sohib Barnoxon Rahimova qo`l ostida 30 nafarga yaqin qizlar sportning nafis turi – badiiy gimnastika bilan muntazam shug`ullanib kelmoqda. E'tiborlisi, ular tuman, viloyat va respublika chempionatlarida muntazam ishtirok etib, faxrli o`rinlarni qo`lga kiritmoqda. Yaqinda viloyatda O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma ikki yilligiga bag`ishlab «Qadr-qimmatim, tayanchim va iftixorimsan, mustaqil O`zbekiston!» shiori ostida o`tkazilgan badiiy gimnastika musobaqasida miroqilik qizlar – Shirin Niyozova, Fotima Ahmetova, Marjona Normo`minova, Madina Haqnazarovalar munosib ishtirok etib, viloyat g`olibligini qo`lga kiritdilar. Tadbir yakuniga ko`ra, Miroqi hamda Qarshi Olimpiya zahiralari jamoasi umumjamoa hisobida 1-o`rinni qo`lga kiritdi.
– Keyingi yillarda yurtimiz qizlari orasida badiiy gimnastika sport turi jadallik bilan ommalashib bormoqda. Natijada, yoshlarimiz orasidan Ulyana Trofimova, Jamila Rahmatova, Ravilya Faxrutdinova kabi iste'dodli sportchilar yetishib chiqmoqda, – deydi Shahrisabz tumanidagi 2-Davlat ixtisoslashgan maktab-internati murabbiysi Barnoxon Rahimova.
Yurtimizda ana shunday sog`lom va barkamol yoshlarni voyaga yetkazish, ular o`rtasida sog`lom turmush tarzini keng targ`ib etish har birimizning oldimizdagi muhim vazifadir.
Bekmurod ABDURAIMOV