Biz – buyuk yurt farzandlarimiz
Namangan viloyatida «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan «Biz – buyuk yurt farzandlarimiz!» shiori ostida yoshlar festivali o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2013 yil 12 iyunda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq tashkil etilgan mazkur festivalda «Kamolot» yetakchilari va faollari, o‘quvchi va talabalar, turli sohalarda mehnat qilayotgan yoshlar ishtirok etdi.
Festival doirasida shahar va tumanlarda o‘tkazilgan «Ommaviy tahdidlar va yoshlar ma’naviyati», «Siz sevgan qahramonlar», «Biz – sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz», «Deputat va yoshlar» singari loyihalarda deputat va senatorlar, olimlar, yozuvchi va shoirlar, aktyor va xonandalar, sport ustalari yoshlar bilan muloqotda bo‘lib, Vatanimizning mustaqil taraqqiyot yo‘li, barcha sohada erishilayotgan yutuqlar, yoshlarga oid davlat siyosati, milliy mentalitetimizga zid g‘oyalar va «ommaviy madaniyat»ning asl maqsad-mohiyati hamda ularning milliy ma’naviyatimizga ta’siri haqida fikr yuritdi.
«Eng yaxshi taqdimot», «Istiqlol iste’dodlari», «Biz – sog‘lom axborot muhiti tarafdorimiz», «Agar men deputat bo‘lsam», »Prezident asarlari bilimdoni», «Milliy qadriyatlar – mening nigohimda» kabi tanlovlarda yoshlar huquq, badiiy ijod sohasidagi iqtidorlarini namoyon etdi.
– Ma’naviyatga doir bilimimni boyitishda Prezidentimizning «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarini dasturilamal qilib olganman, – deydi festivalning «Eng yaxshi ma’naviyat targ‘ibotchisi» tanlovi g‘olibi, Namangan davlat universitetining uchinchi bosqich talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Muhabbat Rahmonova. – Bu kitob milliy ma’naviyatimizni asrab-avaylash yo‘lida bizni yanada ko‘p o‘qish va izlanishga undaydi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan «Vatan taraqqiyotiga mening hissam» deb nomlangan ko‘rgazmada yosh tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar namoyish etildi.
Festival katta konsert dasturi bilan yakunlandi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi B.Yusupov ishtirok etdi.
Akramjon SATTOROV,
O‘zA muxbiri