Ustozga kim qo‘l ko‘taradi yoxud yana tarbiya masalasi xususida

Yaqin bir o‘rtog‘imning aytishicha, tunov kuni uning ayoli ishlaydigan maktabda bir noxush voqea sodir bo‘libdi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘qituvchi dars mashg‘ulotlariga xalaqit berayotgan o‘quvchini qattiqroq ohangda tartibga chaqirgan ekan, yosh qiz shartta o‘rnidan turib, hech nima demasdan darsdan chiqib ketibdi. Biroz vaqt o‘tib, farzandi bilan qaytib kelgan ona maktab rahbariyatining qarshiligiga qaramay, erkak ustozga “Hali senmi meni qizimga tanbeh beradigan?” deya qo‘l ko‘taribdi.

Bu to‘polonning ovozasidan butun maktab oyoqqa turgan, o‘qituvchilar esa qizning onasini hovuridan tushirish uchun ancha vaqt ovora-yu sarson bo‘libdi.

To‘g‘risini aytsam, bu voqeani eshitib, hayratdan yoqamni ushladim. O‘qituvchining holatini tasavvur qilib, dilim og‘ridi. Uning “ustoz” degan maqomiga putur yetganidan qattiq ranjidim.

Bilamizki, xalqimiz azal-azaldan bu mo‘tabar kasb egalariga yuksak ehtirom ko‘rsatgan. Ustoz-shogirdlik tushunchasi yuksak milliy qadriyatlarimizdan hisoblanib, bunda asrlar davomida shakllangan tartib-qoidalarga amal qilingan. Ota o‘z o‘g‘lini ustozga shogirdlikka berarkan, “eti sizniki, suyagi bizniki”, deya lutf qilgan. Bu bilan muallimga o‘g‘lining kelajak taqdirini bus-butun ishonib topshirayotganini bildirgan. Ustoz ham shogirdi taqdiriga o‘zini mas’ul bilib, bor bilimini unga “yuqtirish”ga intilgan. Oilaviy muhitda yetarli talabchanlik ko‘rmagan bolani qat’iy tartib-qoidaga ko‘niktirgan.

“Agar shogird shayxulislom, agar qozidur, agar ustoz rozi – Tangri rozidur”, deydi Alisher Navoiy hazratlari ham.

Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai sultoniy” kitobida ham ustoz qanday bo‘lishi, shogirdlik shartlari nimalardan iborat ekani haqida quyidagicha ma’lumot berilgan: “Agar shogirdlik binosi nimaning ustiga quriladi, deb so‘rasalar, irodat ustiga, deb aytgin. Irodat nima deb so‘rasalar, ustoz nimaiki aytsa, uni jon qulog‘i bilan eshitish, chin ko‘ngil bilan qabul qilish va vujud a’zolari orqali amalda ado etishdir”.

Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy hazratlari o‘rtasidagi ustoz-shogirdlik munosabatlarini ham bir eslang: Navoiy hayotda ham, ijodda ham ustoziga ixlosmand shogird ekanini namoyon etadi.

Ilm istab Samarqandga kelgan Qozizoda Rumiy shahzoda Ulug‘bekka ustozlik qildi. Falakiyot va matematika fanlaridan chuqur bilim berdi. Mirzo Ulug‘bek taxtga o‘tirgach, ustozi ko‘rsatmalari bilan ish tutib, ilm-fan rivojiga katta hissa qo‘shdi. 1420 yil bunyod etilgan madrasaga Qozizoda Rumiyni bosh mudarris qilib tayinladi. Keyinchalik ustoz-shogird hamkorligida rasadxona qurildi. Samarqand falakiyot va matematika akademiyasi tashkil bo‘ldi. Ulug‘ ustozlarning olamshumul yangiliklarini yangi sharoitda takomilga yetkazdi. Uning xizmatlari tufayli Samarqand olimlari erishgan yutuqlar Yevropaga, so‘ng butun dunyoga yoyildi. Yurtimiz tarixi sahifalaridan bu kabi misollarni ko‘plab topish mumkin.

Xo‘sh, ajodlarimiz yuksak ehtirom ko‘rsatgan ushbu kasb egalariga bugun jamiyatimizda nega munosabat butkul o‘zgardi? Qachon o‘zgardi? Nega o‘zgardi? Nahotki, “Ustoz otangday ulug‘” degan pand eskirgan bo‘lsa?

Jamiyatimizda yuqoridagi kabi dilni xira qiladigan voqealar yosh avlod ong-u shuuriga salbiy ta’sir ko‘rsatishini hech o‘ylab ko‘ryapmizmi? Bundan bolaning o‘y-xayolida muallimga nisbatan qanday fikr, hurmat shakllanadi? Ustozga qo‘l ko‘targan ayrim ota-onalar o‘zining arzanda “erkatoyi”ning dodini eshitadi-yu, nahot bir daqiqa mulohaza yuritishga vaqti yo‘q?

Yana o‘qing:  Chaqaloqlarda kindik parvarishi

– O‘g‘lim 12 yoshda. Ayni o‘smirlik ostonasida. Avvallari u so‘zimni ikki qilmasdi. Keyin esa asta gap qaytaradigan, adolatsizlikka mutlaqo chidolmaydigan, agar shunday hol yuz bersa, o‘zini batamom nazorat qilolmaydigan bo‘lib qoldi, – deydi poytaxtlik Nargiza Ochilova. – O‘g‘lim bir kuni o‘qituvchisi bilan tortishib qolib, darsdan uyga vaqtli qaytdi. Kela solib, menga ustozim baqirdi, deya nolidi. O‘sha payt u bilan xuddi kattalardek suhbatlashdim. Muallim agar o‘quvchisi so‘ziga quloq solmasa, uni tergash va tartibga chaqirishga haqqi bor ekanligini aytib, ustozning xatti-harakatlarini oqladim. Bundan u biroz ranjidi. Keyinchalik hammasi iziga tushib ketdi. Tushundimki, bu davrda farzandga alohida munosabat zarur ekan. Uni tushunish, qarorini hurmat qilish esa yanada muhim. Lekin unga qo‘shilib fikrlash, uningdek yo‘l tutish noto‘g‘ri deb o‘ylayman.

Oldingi avlod vakillari ustozlarining tanbehlarini e’tirozsiz qabul qilgan bo‘lsalar, bugun aksincha, ustozning so‘ziga quloq solmaslik, uning sha’niga hurmatsizlik qilish, ayrim o‘quvchilar va ularning ota-onalari uchun odatiy holga aylanib qoldi. Bir narsa aniq, o‘z fanini mukammal bilgan va qat’iyatli o‘qituvchi hech qachon o‘quvchilarga izza bo‘lmaydi. Shunga qaramay, intizomsiz, tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar uchun qat’iy jazo choralarini belgilash va uni hammaga barobar qo‘llash shart.

– Ta’lim muassasasida sodir bo‘layotgan bunday voqealarga o‘qituvchining qattiqqo‘lligi sabab, deyish mutlaqo noto‘g‘ri. Avvalo, bu muammoning sababini oiladan izlasak maqsadga muvofiq bo‘lardi, – deydi poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi 282-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Mohigul Eshmanova. – Ba’zan shunday ota-onalar bilan muloqot qilamizki, ular farzandining tarbiyasini qo‘ldan chiqarishgan. “Bilganingizni qiling, uring, so‘king” deyish orqali, o‘z mas’uliyatlarini o‘qituvchiga yuklaydi. Boshqa toifadagilari esa farzandi o‘qishga kelmasa, hech narsa yutqazmasligiga ishonadi. Ayrimlari o‘g‘il-qizlariga berilgan dakkini haqoratga yo‘yib, maktabga haqiqat talab qilib keladi. Ba’zi ota-onalar juda kalondimog‘ va farzandlarining taqdiri bilan shug‘ullanishni o‘zlariga loyiq ish deb bilmaydilar. Ularning o‘z o‘g‘il-qizlari kelajagiga loqaydligini ko‘rib, lol qolasan, kishi.

– Bolaning o‘smirga aylanish davri asta-sekin va shu bilan birga, kutilmaganda ro‘y beradi. Ayrim o‘quvchilarda bu jadal o‘sish bilan bog‘liq bo‘lsa, ayrimlar bu holatga o‘zlarining o‘qituvchi yoki ota-onalari bilan bo‘lgan birinchi kelishmovchiliklari sabab duch kelishadi. Ularda bir savol tug‘iladi: “Men kimman?”. Ba’zan o‘qituvchining bir og‘iz noo‘rin jumlasi o‘quvchi bilan butun yil davomida o‘zaro muammolarga sabab bo‘ladi. Ustoz o‘quvchilarning holatini hisobga olib, ularga “tegib ketishi” mumkin bo‘lgan jumlalardan o‘zini tiyishi kerak. Masalan, ayrim jismoniy kamchiliklar, salomatligidagi nuqsonlar yoki oilaviy holat borasida. Chunki maktab o‘quvchilari, ayniqsa, balog‘at davri, ya’ni o‘tish yoshidagi bolalar har bir narsaga ahamiyatli bo‘lishadi. Ular eng birinchi o‘rinda o‘qituvchining bilimiga emas, balki insoniy xususiyatlariga qarab baho berishadi. Buni unutmaslik kerak, – deydi psixolog Zebiniso Ahmedova. – O‘qituvchining u yoki bu talablarini o‘quvchi bajarishdan bosh tortish holati so‘z yoki xatti-harakat orqali ifodalanishi mumkin. Bu esa o‘smir o‘z fikrida sobit turishni isbotlashning yagona uslubi deb biladi. Bunday vaziyatda bolaga yanada qattiqroq bosim o‘tkazmasdan, balki aksincha unga holatni yumshoqlik bilan tushuntirish, o‘sha talab unga nega qo‘yilganini izohlash darkor. Ota-onalar, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi kelishmovchilikka bilvosita aralashgani ma’qul. Ya’ni, o‘z farzandini so‘zini ma’qullab, ota-onalik hissiyotlariga berilishi mutlaqo kerak emas. Aks holda bu holat jiddiy muammolarga sabab bo‘ladi. Kelishmovchiliklarni bartaraf etish tomonlarning qiziqishlarini inobatga olish bilangina bo‘ladi. Kattalar, xususan, o‘qituvchilar ayni muammo haqida xabar topishlari bilanoq, eng kamida ayni muammo haqida o‘quvchining o‘zi bilan suhbatlashishlari kerak. Balki kattalar – ota-ona, opa, aka yoki unga ta’sir eta oluvchi sinfdagi chin do‘stini ham suhbatga jalb etishi lozim. Ayni kelishmovchilikda aybdorni topish emas, to‘g‘ri qaror chiqarish muhim. Chindan ham kelishmovchilik bartaraf etilsa, bu nafaqat bitta o‘quvchi bilan, balki o‘qituvchining butun sinf bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Umrini ilmga, yaxshilikka, muruvvatga bag‘ishlagan pokdil ustoz hamisha biz uchun mo‘tabar shaxs bo‘lib qoladi. Ular ilmning bebaholigini, odamiylikni har narsadan ustun qo‘yadi. Ustoz deganda, uning ma’naviy nuri va bu nurdan yuzlab ko‘ngillar bahra olayotganligini tasavvur qilamiz. Ustoz – yozgani ham, aytgan suxani ham mag‘izli, tafakkuri keng, ma’naviyatli inson. U kamtarin, sermulohaza kasb egasidir. Qolaversa, ustoz xalqqa, eliga manzur bo‘la oladigan muruvvatli kishidir. Shunday ekan ularga hurmat ko‘rsatish, biz uchun ham farz, ham qarz.

Yana o‘qing:  FARZANDLAR SALOMATLIGIGA KAMARBASTA

Aziz mushtariy, ushbu mavzu yuzasidan sizda ham qandaydir fikr-mulohazalar bo‘lsa, biz bilan o‘rtoqlashing. Maktublaringizni kutib qolamiz.

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: