Muqaddas oila asosi
Qishloqning o‘z tafti bor. Bir tomondan qarindosh-urug‘lar bilan bo‘lgan diydor sabab qalb orom olsa, bir yoqdan bu yerdagi ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rib, ko‘ngling yayraydi.
Biroq, ba’zida qishloqning sodda odamlari orasida ham yomon gaplar oralab qoladi. Gohida “Falonchining qizi unashtirilgan yigitidan voz kechibdi”, “Unashtirilgan yigit to‘ydan voz kechgani uchun qiz o‘z joniga qasd qilibdi” kabi eshitganda dilga ozor beradigan turli gap-so‘zlar qulog‘imga chalinadi. Bu illatlar o‘zbek yigitlarining g‘ururiga, qizlarining ibo-hayosiga putur yetkazayotganidan kuyinaman.
Yodimda, bolaligimda ikki yoshning sevgisi haqida gap-so‘z tarqaganda qishloq ahli darhol buning oldini olib, tezroq yoshlarning boshini qovushtirishga harakat qilishardi. Chunki, bunday holat qishloq uchun or sanalardi-da. Afsuski, bugun buning aksini ko‘rayotgandekmiz. Ilgarilari ajralishlar uyatli hol bo‘lsa, hozirda bu oddiy voqelikka aylanib bormoqda.
– Oila avlodlar davomiyligini ta’minlovchi muqaddas go‘sha hisoblanadi, – deydi Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanidagi Ko‘kdala FHDYo mudiri Sharoqib Shodiyev. – Afsuski, bugun ayrim yoshlarimiz oila an’analariga bepisandlik bilan munosabatda bo‘lmoqda. Natijada buning jabrini nafaqat uning yaqinlari, balki butun jamiyat tortmoqda. Hozirda g‘arb turmush tarzining yoshlar ongiga salbiy ta’siri natijasida oila, er-xotin munosabatlariga putur yetyapti. Buning sababini esa ko‘pchilik yoshlarning ishsizligida deb bilaman. Bekorchilikdan ular ko‘p vaqtini televizor, telefon qarshisida behuda o‘tkazmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan ular tafakkuriga salbiy ta’sir etayotir. Men ota-onalardan farzandlarining kelajak taqdiriga nisbatan e’tiborli bo‘lishlarini so‘ragan bo‘lardim.
Bolaligimda qishlog‘imizda katta kutubxona bo‘lardi. Barcha men bilgan aka-opalarim o‘sha kutubxonadan kitob olib o‘qishardi. Ularni bo‘sh vaqtlarida doim qo‘lida kitob bilan ko‘rardim. Hatto, ular dala-dashtga ish bilan chiqsa ham kitobni o‘zlariga hamroh qilib olardilar. Afsuski, bugunning yoshlari mutolaaga havasmand emas. Shuning uchun ham ba’zi yoshlar oila, muqaddas nikoh tushunchasiga bepisand munosabatda bo‘lmoqda.
Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida yosh oilalarning ajralib ketishi sabablaridan eng ko‘p qayd etilayotgani er-xotin dunyoqarashining bir-biriga mos kelmasligida ekan. Shuningdek, ular orasida iqtisodiy muammolar, giyohvandlik va ichkilikka berilish, o‘zaro hurmat yo‘qolganligi, qaynona-kelin o‘rtasidagi ziddiyatlar ham bor.
Qolaversa, yoshlarning muqaddas oila tushunchasini to‘g‘ri anglab yetmayotganiga oiladagi tarbiyaning sustligi, yosh o‘g‘il-qizlarimizni milliy urf-odat va an’analarimizni yaxshi bilmasligida deyish mumkin. Yo‘qsa, ular og‘ir gunoh deb bilgan ishlarga aslo qo‘l urishmagan bo‘lardi.
To‘g‘ri, bugun ushbu masala yuzasidan yurtimizda ko‘plab ibratli ishlar amaga oshirilmoqda. Lekin hamma joydagi ishlarni ham ijobiy baholab bo‘lmaydi. Yo‘qsa, mahallalarda jamoatchilik asosida tashkil etilgan “Ota-onalar universiteti”, FHDYo bo‘limlari qoshida tashkil etilgan “Oila dorilfununi kursi”, “Yosh oila maktabi” kabi o‘quv kurslari o‘z natijasini berishi kerak edi.
Ushbu mavzu orqali kimnidir tanqid qilmoqchi emasmiz. Maqsadimiz salbiy illatlar qurshovida qolgan yoshlarni ogohlikka chaqirish, ularni qiynayotgan muammolarni birgalikda hal qilishdir.
Mayna HASANOVA