Avctriyalik shifokor o‘zbekistonlik hamkasblari bilan tajriba almashdi

Odamlar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishdan tortib, ta’limdagi islohotlar, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at, sport sohalarini rivojlantirish va albatta, tibbiyot tizimini takomillashtirish hukumat darajasida e’tibor qaratilayotgan ustuvor yo‘nalishlardan sanaladi.

Bugungi kunda onalik va bolalikni muhofaza qilish, skrining markazlarini zarur diagnostik tibbiy asbob-uskunalar bilan boyitish, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini hisoblanmish QVP yoki oilaviy poliklinikalarni mutaxassis-pediatrlar bilan ta’minlash, mavjud tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirish dolzarb masalalardan biridir. Shu bilan bir qatorda hukumatimiz tomonidan chet el tibbiy markazlari, ularda mehnat qilayotgan malakali kadrlar bilan keng ko‘lamda hamkorlikni olib borish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Toshkent pediatriya tibbiyot instituti bir nechta tibbiy loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Yaqinda ushbu dargohning neonatologiya kafedrasi Germaniyaning SES – “Senior Experten Servise” notijorat tashkiloti bilan amalga oshirgan hamkorlik doirasida Avstriyaning Innsburg tibbiyot universiteti professori, Grats shahrining Birinchi pediatriya salomatlik markazi kengashi a’zosi, doktor Shteyn Yorg Ingolf O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Mutaxassis bilan qariyb bir oy davomida institutning neonatologiya kafedrasi joylashgan 5-son Shahar bolalar shifoxonasida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar, Mahorat darslari, tibbiy ko‘riklar o‘tkazishni rejalashtirganmiz, – deydi Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari Sobir Nurxo‘jayev. – Hozirga qadar janob Shteyn Yorg hamkorlik doirasida ko‘plab chaqaloqlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazdi.

5-son Shahar bolalar shifoxonasiga qilgan tashrifimiz davomida xorijlik mutaxassis tomonidan olib borilayotgan ma’ruzalar, “Mahorat darslari”ga bevosita guvoh bo‘ldik. Ushbu hamkorlikdan tibbiyot sohasining yetakchi mutaxassislaridan tortib, bu sohaga endigina qadam qo‘ygan mutaxassislar juda mamnun.

Pediatriya sohasi tibbiyotning boshqa yo‘nalishlaridan o‘ziga xosligi bilan alohida ajralib turadi. Chaqaloq qayeri og‘riyotgani, uni nima bezovta qilayotgani haqida ayta olmaydi. Shunday ekan uning holati haqida aniq tasavvur hosil qilish uchun faqatgina yaqinlarining ko‘magiga tayanamiz. Perinatal parvarish, bolaning ilk yoshida shakllanish jarayonlari, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda uchraydigan yurak nuqsonlari bo‘yicha tayyorlab kelgan ma’ruzalarimni o‘zbekistonlik hamkasblarim diqqat bilan tinglab, o‘z fikrlarini bildirishayotgani meni quvontirmoqda. Qolaversa, ma’ruzalarim talaba yoshlarda o‘ziga xos qiziqish uyg‘otmoqda. Shifokor bemorga to‘g‘ri tashxis qo‘ya olmasa, davolash besamar ketadi. Shuning uchun biz o‘z tajribalarimizni bir-birimiz bilan doimiy ravishda o‘rtoqlashishimiz kerak bo‘ladi. Buning uchun esa amaliyot muhim o‘ringa ega, – deydi Shteyn Yorg Ingolf.

Ta’kidlash joiz, professor universitetda dars berish bilan bir qatorda, bemorlarni davolaydi. 40 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan Shteyn Yorg, Kanada, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni kabi dunyoning yetakchi mamlakatlarida faoliyat ko‘rsatib, xalqaro tajribaga ega mutaxassis sifatida e’tirof etilgan.

Yana o‘qing:  O‘zbekistonda AQSH bilan ikki diplomli ta’lim paydo bo‘lishi mumkin

Mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish masalasi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. O‘tgan davr mobaynida millat genofondini yaxshilash, fuqarolarning tibbiy madaniyatini yuksaltirish, aholining uzoq umr ko‘rish darajasini oshirish, oilada sog‘lom avlod tug‘ilishi va ularning tarbiyasi uchun shart-sharoitlar yaratishga oid davlat dasturlari ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqda. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda tibbiyot – millat va jamiyat taraqqiyotining indikatori. Aynan shu soha xodimlari mamlakatning eng katta targ‘ibotchilari bo‘lishi zarur.

Kelajak avlodni jismonan baquvvat, ma’nan yetuk qilib ulg‘aytirish, shubhasiz, millatni buyuk kelajak sari yetaklaydi. Farzand – oila quvonchi, ona – xonadon fayzi. Ularning salomatligi esa ko‘nglimiz xotirjamligi, halovatidir.

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: