Yo‘g‘-e?! (2013-24)
“Eskisiga yangi shamchiroq almashtiramiz”…
Apple kompaniyasi iPhone eski modellarini qo‘shimcha to‘lov evaziga yangisiga almashtirish dasturini ishga tushiradi. «Bloomberg» nashrining xabar berishicha, ayirboshlash ushbu oydan boshlangan. Kompaniyaning rejalari haqida rasman e’lon qilinmagan.
Apple ushbu dasturni mobil telefonlar savdosiga ixtisoslashgan «Brightstar» distribyutorlik kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
«Bloomberg»ning ta’kidlashicha, Apple shu yo‘l bilan iPhone 5 savdosi darajasini oshirish niyatida. Shuningdek, kompaniya aksiyalarining tushib ketishini to‘xtatish maqsadi ham ko‘zlangan bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislarning hisobiga ko‘ra, 2013-yilda amerikalik iste’molchilarning 20 foizi ayirboshlash dasturi orqali smartfonlarni xarid qilishi mumkin (2011-yilda ushbu ko‘rsatkich 11 foizni tashkil qilgan).
So‘nggi chorakda Apple 37,4 millionta iPhone smartfonlarini sotgan. 2012-yil bo‘yicha jami 35,1 million dona sotilgan.
Eslatib o‘tamiz iPhone 5 2012-yil sentyabr oyida sotuvga chiqarilgan.
Ish vaqtida uxlamang
Germaniyadagi bank xodimi ish vaqtida mudrab qolib, 222 million yevrodan oshiq mablag‘ni ko‘chirib yuborgan.
Xodim 64,2 yevro miqdorida pul ko‘chirmasini amalga oshirishi kerak bo‘lgan, biroq qo‘li klaviatura ustida turgan holda uxlab qolgan. Klaviaturaning «2» tugmasi bosilib, hisob raqamiga 222222222,22 yevro o‘tkazilgan. Xato tezda aniqlangan va tuzatilgan.
Pinakka ketgan hamkasbi faoliyatini nazorat qilib turishi kerak bo‘lgan bank inspektori – 48 yoshli ayol voqea oqibatida ishdan bo‘shatilgan. Ushbu moliyaviy o‘tkazma yovuz niyat emas, xatolik bilan amalga oshirilganini ta’kidlagan sobiq xizmatchi sudga murojaat qilgan.
Sud xatolik sodir bo‘lgan kuni bank inspektorining 812 ta hujjat xatosini tekshirib chiqqanligi, ularning har biri uchun 1 sekunddan sal ko‘proq vaqt sarflaganligini aniqladi. Ishdan haydalish noqonuniy deb topilib, xodimning ish joyiga qayta tiklanishi talab qilindi.
Internet materiallari asosida tayyorlandi