Oqqon qanday dard?

Boshi. Davomi

O‘tkir leykozlarning sabab va oqibatlari

Leykozda qonda turli salbiy omillar ta’sirida o‘zgarish ro‘y berib, unda o‘sma hujayralari paydo bo‘ladi. Bemorda to‘satdan boshlanuvchi o‘tkir leykozlar geterogen gemoblastozlar (etilmagan yosh hujayralar mavjud bo‘lgan kasalliklar turkumi)ga kiradi.

O‘tkir leykoz jami xavfli o‘smalarning 3 foizini tashkil etadi. Ushbu xastalikning 75 foizi kattalarda, 25 foizi bolalarda uchraydi. O‘tkir leykozlarda suyak ko‘migida morfologik yetilmagan qon hujayralari, ya’ni blastlar ko‘payishi, me’yorda qon ishlab chiqarish elementlarining kamayishi va ularning o‘rnini xavfli o‘sma hujayralari egallashi ro‘y beradi. Kasallik rivojlanishi natijasida periferik qonda blast hujayralarining paydo bo‘lishi kuzatiladi. Keyinchalik ularning a’zo va to‘qimalarga tarqalishi yuz beradi.

Bunday hujayralardan o‘z navbatida ko‘plab ularga o‘xshash hujayralar kelib chiqadi. Ya’ni, leykoz hujayralarining avlodi – kloni shakllanadi. Agar bu jarayon zararli omillar ta’sirida davom etaversa, yangi klonlar hosil bo‘ladi. Hosil bo‘lgan ayrim hujayralar organizm tomonidan bartaraf qilinadi. Ammo immun nazoratga sezgir bo‘lmagan hujayralar, ayniqsa, eng avtonom rivojlanuvchi hujayralar saqlanadi. Natijada monoklon o‘sma (ayrim leykozga), poliklon o‘sma (leykozlar guruhiga oid), ya’ni xavfli o‘smalarga asos bo‘lib, ularning rivojlanishi uchun qulay sharoit yuzaga keladi

Leykozlarda ham boshqa o‘smalardagidek progressiya (rivojlanish) kuzatilib, u ma’lum qonuniyatlar asosida qator davrlarni o‘tadi. O‘smaning monoklon va poliklon davrlari kuzatiladi. Normal gemopoez (qon ishlab chiqarilishi)ning buzilishi sababli bemorda xastalikning klinik belgilari rivojlanadi. Leykozning asosiy xususiyatlaridan biri shundaki, o‘sma (leykoz) hujayralari qon hosil qiluvchi to‘qimalarda me’yorda qon ishlab chiqarishni o‘zgartirib yuboradi. Natijada leykotsitlarning boshqa normal turlari hosil bo‘lishi kamayadi. Eritropoez pasayib, bemorda og‘ir anemiya (kamqonlik) yuzaga keladi. Trombotsitlar kamayib, qon ivishi sekinlashadi, qon ketishi ro‘y beradi. Anemiya yanada kuchayadi.

Blast (yadroli) hujayralarning o‘zgaruvchanligi natijasida qondagi fermentlarning o‘ziga xosligi yo‘qoladi. Ularning shakli keskin o‘zgaradi va turli, asosan blast hujayralar ko‘payadi.

Leykozlarning kelib chiqishida quyidagi salbiy omillarga e’tibor qaratish zarur. Ya’ni:

– Ionlovchi radiatsiya,

– har xil ichki va tashqi ta’sir etuvchi kimyoviy zararli moddalar,

– o‘sma chaqiruvchi viruslarning ta’siri,

– u yoki bu sababga ko‘ra hujayraning genetik kodining shikastlanishi,

– immun tizimning shikastlanishi (masalan, organizmda immunologik nazoratning pasayishi) va hakozo.

Yana o‘qing:  Qand kasalligi bilan og‘rigan bemor qachon non iste’mol qiladi?

O‘tkir leykoz tashxisi

So‘nggi yillarda o‘tkir leykozlarda adekvat terapiyalar paydo bo‘ldi va ular standart dasturlar kabi qo‘llanmokda. Shu sababli o‘tkir leykozlarda ma’lum bir o‘ziga xos klinik, morfologik, sitogenetik, immunfenotipik va boshka belgilar borligi aniqlandi. O‘tkir leykozlarni davolash jarayonida ularning terapiyasi ichida samarali va samarasiz davolar aniqlanmoqda. Samarasiz davolar xavfli guruhlarni ajratishga va ularga yangi samarali davo muolajalarini yaratishga yordam bermokda. Bu holatda asosiy e’tiborga olinadigan jihatlar bemorning yoshi, jinsi, uning birlamchi holati, xastalikning klinik, morfologik, sito va immunogenetik belgilaridir. Bu belgilarni aniqlash bemorga maqsadli davo tanlashga yordam beradi. Leykozlarning davo natijalarini o‘rganish va ularning kasallikning qo‘zg‘almagan tinch davri yoki xurujini tahlil qilish borasida standart davolar aniqlanadi.

1-10 yoshli bolalarda o‘tkir limfoblast leykozning yoshlarga yoki katta yoshdagilarga qaraganda davolashdan so‘nggi natijasi yaxshi.

O‘tkir miyeloblast leykoz esa qariyalarga qaraganda yoshlarda ijobiy samara beradi. Prognozni aniqlashda qondagi leykotsit (oqqon tanachasi) va laktatdegidrogenaza mikdori, farqlovchi antigenlar va ularni bifenotipik ko‘rinishi, boshqa belgilar ham yordam beradi.

Kasallikning birlamchi aniqlangan o‘tkir davrida yoki uni davolash jarayonida xastalikning qo‘zg‘almagan tinch davri va xuruji farqlanadi. O‘tkir leykozlar tashxisini tasdiqlash uchun gemogramma va miyelogramma, immunfenotipik, immungistokimyoviy tashxis ba’zan trepanobiopsiya tekshirish usullari kerak bo‘ladi. O‘tkir leykoz tashxisi periferik qonda va suyak ko‘migi surtmasida blastlar topilishi bilan tasdiqlanadi

Bemorga o‘tkir leykoz tashxisining qo‘yilishida kamqonlik, trombotsitopeniya, leykopeniya yoki leykotsitoz kabi klinik belgilariga e’tibor qarating.

Aziza MAHMUDOVA,

Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti direktor o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: