Yoshlik – ijod va ilhom

I Respublika yosh ijodkorlar forumi qanday ruhda o‘tdi?

6-9 oktyabr kunlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar” oromgohida I Respublika yosh ijodkorlar forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ishtirok etgan iste’dodli va ijodkor yoshlar qalbida yurtga muhabbat, faxr-u iftixor tuyg‘ulari jo‘sh urdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida dunyoning eng yirik siyosatchilariga qarata “Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi, “virusi” tarqalishining oldini olishdir”, – deya aytgan fikrlari forum ishtirokchilari tomonidan yuksak e’tirof bilan tilgan olindi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yurtimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tashkil etilishi, 30 iyun sanasi mamlakatimizda “Yoshlar kuni”, deb e’lon qilinganligi buning yorqin ifodasidir.

Go‘zal tabiat manzarasi – ilhom manbai

6 oktyabr. Shu kuni erta tongdan yurtimizning turli viloyatlaridan kelgan 150 nafardan ziyod yosh ijodkorlar va seminarning ishchi guruhi a’zolari avtobuslar karvoni bilan Respublika yo‘l patrul xizmati xodimlari hamrohligida “Yoshlar” oromgohi joylashgan tog‘li Bo‘stonliqning xushmanzara va betakror manzili tomon yo‘lga chiqdilar. Yo‘l-yo‘lakay umidli va yosh ijodkorlar o‘zaro tanishish mobaynida bir-birlari bilan ijodiy suhbatlar qurishdi. Mushoiralar, kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Yoshlar orasida haqiqiy ijodiy kayfiyat hukm surdi.

Kuz. Tog‘lar buyuk savlati bilan yoshlarga nurli kelajagi haqida ishora berayotgandek, go‘yo. Yurtimiz bezagi bo‘lgan go‘zal tabiat, purviqor tog‘lar, Bo‘stonliqning tiniq suvlari yoshlarning yuragiga hayajon, hayrat va quvonch olib kirdi.

Samimiylik ruhi singib turdi

Kunning ikkinchi yarmida seminarning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda yozuvchilar, shoirlar, yosh ijodkorlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Mamlakatimizning xalq ardog‘idagi yozuvchi, shoir, tarjimon va publitsist jurnalistlari yurtimizda ma’naviyat, adabiyot sohasida olib borilayotgan tub islohotlar, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ularning yorug‘ kelajagiga bildirilayotgan ishonch, kitob mutolaasi, ilk marotaba o‘tkazilayotgan yoshlar forumidan kutilayotgan samarali natijalar haqida so‘zladilar. Ustoz adiblar yosh ijodkorlarga seminarda faol ishtirok etishlarida omadlar tiladilar.

Yana o‘qing:  Uyg‘oq kasbning zalvorli qiyofasi

– Ilk bor tashkil etilgan ushbu forum yosh qalamkashlarning katta bayramidir, – deydi Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali. – Seminarda ishtirok etayotgan yoshlar ichida adabiyotning barcha janrlari vakillari – bo‘lg‘usi shoir, adib, dramaturg, publitsist va tarjimonlar bor. Seminar dasturi nihoyatda tig‘iz tuzilgan. Har bir janr bo‘yicha taniqli adiblar rahbarlik qiladigan ijodiy guruhlarda qatnashchilarning asarlari muhokamalardan o‘tadi. Umid qilamizki, ular orasidan katta ijodkorlar yetishib chiqadi. Bu forum kelgusida mamlakatimiz yosh ijodkorlarining katta qiziqish ila kutadigan, chanqoqlik bilan intiladigan, o‘qib-o‘rganadigan hamda katta sinovlardan o‘tkazadigan chinakam mahorat maydoniga aylanadi.

Seminar ishtirokchilaridan qoraqolpog‘istonlik Ajiniyoz Ismoilov, farg‘onalik Dilnoza Abduqodirova, navoiylik Sabina Xudoyqulova kabi yoshlar so‘zga chiqib, o‘z ijod namunalaridan o‘qib berdilar. Anjuman so‘nggida san’atkorlar ijro etgan kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga zavq bag‘ishladi.

Robot she’r o‘qidi

Fan va ilmiy texnologiya rivojlangan mamlakat har tomonlama taraqqiy etadi, degan fikr bor. Anjuman so‘ngida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talabalari yaratgan robot o‘zbekcha she’r o‘qib, tadbir ishtirokchilarini hayratga soldi.

– Butun dunyoda innovatsion texnologiyalar jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgani hech kimga sir emas. Iqtidorli yoshlarimiz tomonidan yaratilgan ushbu robot, ularni aniq fanlar bo‘yicha dunyodagi tengdoshlari bilan bemalol bellasha olishini ko‘rsatdi, – deydi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev. – Aytish mumkinki, yosh avlodning iste’dodini ro‘yobga chiqarish uchun mamlakatimizda barcha imkoniyatlar mavjud. Yosh ijodkorlar uchun tom ma’noda adabiyot bayramiga aylanishi kutilayotgan ushbu forum ijod olamida ustoz-shogird an’analarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Seminarning ilk mashg‘ulotlariga jalb etilgan ustozlar, elimiz ardog‘idagi shoir-u adiblar ro‘yxatiga nazar tashlab, anjumanga nechog‘li jiddiy tayyorgarlik ko‘rilganiga amin bo‘lish mumkin.

Iqtidorli yoshlarning sara ijod namunalari

Ikki kun davomida adabiy janrlar bo‘yicha tashkil etilgan guruhlarda seminarning asosiy ijodiy mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. She’riyat bo‘limida O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyuushmasi a’zolari – Zebo Mirzo, Nodir Jonuzoq, Faxriddin Hayit, Farog‘at Xudoyqulova, nasr guruhida yozuvchilar – Xurshid Do‘stmuhammad, Isajon Sulton, dramaturgiya bo‘limida dramaturg va yozuvchi Qo‘chqor Norqobil, publitsistika bo‘limida O‘zbekiston davlat jahon tillar universiteti o‘qituvchisi Beruniy Alimov, Nazira Toshpo‘latova, “Jamiyat” gazetasi bosh muharriri Bekzod Shukurov, jurnalist Iqbol Qo‘shshayeva, badiiy tarjima guruhida “Kitob dunyosi” gazetasi bosh muharriri Xosiyat Rustamova va tarjimon A’zam Obidov, Shuhrat Sattorov tegishli janrlar bo‘yicha seminar ishtirokchilari bilan ijodiy mashg‘ulotlar olib borishdi. Mashg‘ulotlarda yoshlarning ijod namunalari, qo‘lyozmalari batafsil tahlil etildi. Ularga badiiy mahorat va ijod sirlariga oid zarur maslahatlar berildi. Adabiyotning dolzarb masalalari bo‘yicha ustozlar va shogirdlar o‘rtasida savol-javoblar, qiziqarli bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi.

Yana o‘qing:  El salomatligini saqlash osoyishta hayot barpo etishdir

– Kitoblarini o‘qib, she’rlarini yod olgan, faqat oynai jahon orqali ko‘rgan yozuvchi-shoirlar bilan uchrashish, ularning suhbatida bo‘lishdek baxtga muyassar bo‘ldik, – deydi sirdaryolik ishtirokchi Madinabonu Abduazimova. – Seminarda ishtirok etib shunga amin bo‘ldimki, ijod shoshib kitob chiqarish emas, balki yozgan she’r-u hikoyalaring bilan odamlar qalbiga yo‘l topish degani ekan.

Anjuman yoshlarga nima berdi?

Aytish joiz, ushbu seminar so‘zni e’zozlovchi, milliy adabiyotimiz xazinasini boyituvchi asarlar yozishni niyat qilgan yosh qalamkashlarni yangi marra va yutuqlar sari ruhlantirdi. Ularga ko‘tarinki ijodiy kayfiyat va rejalar ulashdi.

– Ushbu forumda adabiyotga oshno yoshlarning yuksak ijodini, shijoatini ko‘rib, nihoyatda quvondik, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi yosh ijodkorlar uyushmasi raisi Mehrinoz Abbosova. – Tog‘lar bag‘ridagi xushmanzara oromgohda bir yuz ellikdan ortiq yosh iste’dodlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berildi. Aminmanki, ushbu forum kelgusida yoshlarning adabiyot bayramiga aylanadi.

– “Tarjimonlar – adabiyot soyasidagi qahramonlar”, deyishadi. Tarjima – adabiyotning tiriklik omili. Sababi, hayotda ixtirolar, ilm-fan kabi, adabiyot ham boshqa xalqlarning ijodiy olamidan ta’sirlanib, bahramand bo‘lib rivojlanadi. Mustaqillik yillarida o‘zbek adabiy tarjimonlik maktabida o‘z adabiyotimizni xorijiy tillarga tarjima qilish harakati – yangi yo‘nalish yuzaga keldi. Men mana shu forum mobaynida adabiyotimizni boshqa tillarga o‘girayotgan ko‘plab iqtidorli yoshlarni kashf qildim. Bevosita tarjimada ularni qiynayotgan masalalarga oydinlik kiritdik, o‘zaro fikr almashdik, – deydi yosh tarjimon Shuhrat Sattorov. – Begoyim Xolbekova, A’zam Obidov kabi taniqli tarjimonlarning mulohazalari, o‘zlarining tarjima maktablari yoshlarda yangi ko‘nikmalar hosil qildi. Shuningdek, biz bugun tarjima maktabida mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha takliflarni ham ko‘tarib chiqdik. Unga ko‘ra, xorijdan “til egasi” bo‘lgan mutaxassislarni jalb qilish, mualliflik huquqini olishda yoshlarga ko‘maklashish, joylarda professor-o‘qituvchilar ishtirokida tarjima maktablarini tashkil qilish “Yosh ijodkorlar” kengashining ish rejasiga kiritildi.

Shunday qilib, I Respublika yosh ijodkorlar forumi ko‘tarinki ruh va olam-olam taassurotlar bilan yakuniga yetdi. O‘ylaymizki, bayram quvonchi anjuman ishtirokchilari qalbida hali uzoq vaqt saqlanib qoladi.

Navro‘z NORBOBOYEV, Toshkent – Bo‘stonliq – Toshkent

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: