Til sofligi – ko‘ngil pokligi
Til – inson kamolotida betakror o‘rin tutadi. Chunki, hayotiy zarur bilim va tushunchalar til vositasida ongu shuurimizga singdiriladi.
Fikrlarimizni ifoda etishda, muloqot jarayonining mukammal bo‘lishida ham ona tilining ahamiyati katta. Buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy til insonni boshqa jonzotlardan farqlab turadigan ne’mat ekanligini ta’riflab bunday degan:
Tangriki, insonni qilib
ganji rost,
So‘z bilan hayvondin
anga imtiyoz.
Ya’ni, Tangri taolodan insonga haqiqiy boylik bu uni jonzotlardan ajratib, ustun qilib turadigan tilidir, deya ta’kidlaydi.
Bugungi kunda o‘zbek tilining lug‘at xazinasi yangi so‘zlar bilan boyib bormoqda. Ta’kidlash joizki, ona tilimiz so‘zga boyligi, rang-barangligi bilan boshqa tillardan ajralib turadi. Biroq, ming taassufki, bugungi texnologiyalar davrida aksariyat insonlar, ayniqsa, yoshlar tomonidan tilimizga nisbatan e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali ifoda etilayotgan muloqot jarayonida yuz berayotgan imloviy xatoliklarda bunga guvoh bo‘lamiz. To‘g‘ri, bu ular uchun unchalik ahmiyatli emas. Chunki, ularning yozganlarini anglamasamda, yoshlarning do‘stlari bu “til”ni yaxshi tushunadi. Yoshlar o‘zlari uchun kashf etgan yangi zamonaviy “lug‘at” allaqachon butun ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida ommalashib bo‘lgan.
Aytish mumkinki, ayni o‘smir yoshidagi o‘g‘il-qizlarimizni internet yoki uydagi shaxsiy kompyuterdan foydalanishini cheklab qo‘yishimiz mumkin. Lekin o‘quvchi qo‘lidagi smartfoni orqali nimalardan foydalanayotganligi va qaysi saytlarga kirayotganligini tekshirolmaymiz. Bundan kelib chiqib, bir narsani aytish kerakki, farzandlar qalbida “ma’naviy immunitent”ni shakllantirishimiz kerak bo‘ladi.
Buning yechimi esa har birimizda ekanligini unutmasligimiz kerak. To‘g‘ri, yaqinlarimizni ijtimoiy tarmoqlardan cheklab qo‘ya olmaymiz. Faqat qo‘limizdan keladigani zamonaviy axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri maqsadlarda foydalanish zarurligini uqtirish bo‘ladi, xolos. Buni esa eng avvalo, o‘zimizdan boshlasak, maqsadga muvofiqdir. Agar ijtimoiy tarmoqlar orqali bizlarga kelayotgan ma’lumotlarning ham shaklan, ham ma’no jihatdan to‘g‘riligiga erisha olsak va do‘stimizni ham o‘sha ma’lumotni to‘g‘ri yozishga undasak, ona tilimizning sofligini saqlab qolishga erishgan bo‘lamiz.
Tasavvur qiling-a, axborot olami jadal sur’atda o‘sib borayotgan bugungidek bir davrda tilimizga shunday munosabat saqlanib qolsa, uning taqdiri nima bo‘ladi? Ona tilimiz rivoji uchun ko‘p ibratli ishlar qilgan ota-bobolarimiz oldida uyatga qolmaymizmi? Zero, yoshlarni zamon ruhiga mos, shu bilan birga, milliy mentalitetimizdan ajratmagan holda tarbiyalash har birimiz uchun ham qarz, ham farzdir.
Manzura DAVRONOVA,
Karmana tumanidagi 3-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi