Muzqaymoq
Yozning jazirama issig‘idan ko‘nglimiz behuzur bo‘lib, soya-salqin joy izlab qolamiz. Ana shu paytda tanangizga tetiklik baxsh etuvchi salqin ichimliklar yoki muzqaymoq joningizga oro kiradi. Ammo yaqinlarimizga o‘z qo‘limiz bilan muzqaymoq tayyorlab tortiq etsak, uning zavqi boshqacha bo‘ladi.
Shu bois biz muzqaymoq tayyorlashning eng oddiy usuli haqida so‘z yuritamiz. Uni tayyorlash uchun sizga faqatgina qaymoq va quyultirilgan sut kerak bo‘ladi. Ana shu masalliqlarga biroz o‘zingizning tasavvuringizni qo‘shsangiz ajoyib ta’mli turli xil muzqaymoqlarni yaratishingiz mumkin. Ya’ni qo‘shimcha sifatida turli mevalar, yong‘oq, maydalangan pechenye, shokolad, vanilin, limon sedrasi va boshqa turli ta’m beruvchi masalliqlarni ishlatishingiz mumkin.
Biz sizlarga uch xil turdagi muzqaymoq tayyorlash usulini tavsiya etamiz.
Oq muzqaymoq
Masalliqlar: 600 ml qaymoq, 1 banka quyultirilgan sut (sgush’enka).
Tayyorlanishi: qaymoqni yaxshilab ko‘pirtirib olamiz. Keyin oz-ozdan quyultirilgan sut qo‘shamiz va to‘liq aralashguncha ko‘pirtirishni davom ettiramiz. Tayyor bo‘lgan aralashmani usti zich yopiladigan idishga solib muzlatkichga qo‘yamiz.
Shokoladli muzqaymoq
Masalliqlar: 100 ml qaymoq, 100-150 gr shokolad, oq muzqaymoqning yarmi.
Tayyorlanishi: 100 ml qaymoqni ilitib olib, unga maydalangan shokoladni qo‘shamiz va shokolad eriguncha aralashtirib turamiz. So‘ngra ko‘pirtirilgan qaymoq va quyultirilgan sut aralashmasiga eritilgan shokoladni qo‘shib obdon aralashtiramiz. Usti zich yopiladigan idishga solib muzlatkichga qo‘yamiz.
Mevali muzqaymoq
Masalliqlar: 1 dona mango, 1 banka quyultirilgan sut (sgush’enka mevaning shirasiga qarab solinadi), 150 ml qaymoq.
Tayyorlanishi: mango mevasiga quyultirilgan sut qo‘shib pyure qilib olamiz. Tayyor bo‘lgan pyureni muzxonada muzlatib olamiz. Shundan so‘ng uni ko‘pirtirilgan qaymoq bilan aralashtirib, usti zich yopiladigan idishda muzlatkichga qo‘yamiz.
Mehri bonu