Yoshlar uyi: Endi “navbatimni birovga berishdi” deyishga hojat yo‘q

Joriy yilning 30 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoev yoshlar bilan uchrashuvida yurtimizning barcha shahar va tumanlarida, jumladan, eng chekka qishloqlarda ham “Yoshlar” uylari qurilishini aytgandi. 2018 yildan boshlab to‘rt yillik reja asosida yoshlar va yosh oilalarga beriladigan uylar qurilishi, xususan, ularning narxi borasida ko‘pchilikni qiziqtirayotgan ba’zi savollarga javob topish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yuridik bo‘lim mudiri Bahrom Ilhomjonovni suhbatga chorladik:

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi raisi faol va iqtidorli yoshlarga uy ajratish tartib-nizomi qaytadan ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi. Ushbu nizomga kiritilgan o‘zgarishlar xususida to‘xtalib o‘tsangiz?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentyabrdagi “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 7-bandida Yoshlar uyini olish bo‘yicha hujjatlar ro‘yxati keltirilgan. Ushbu ro‘yxatga deyarli o‘zgartirish kiritilmadi. Faqatgina ushbu bandning “b” qismida yosh oilaning nikoh guvohnomasi bilan bog‘liq holat o‘zgargan, xolos. Lekin 2016 yil 14 sentyabrda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 3-moddasida yosh oila tushunchasiga qayta ta’rif berildi. Mazkur hujjatga ko‘ra yosh oila – er-xotinning ikkisi ham o‘ttiz yoshdan oshmagan oila yoxud farzand (bola) tarbiyalab voyaga yetkazayotgan o‘ttiz yoshdan oshmagan yolg‘iz otadan yoki yolg‘iz onadan iborat bo‘lgan oila, shu jumladan, nikohdan ajralgan, beva erkak yoki beva ayol hisoblanadi.

Yosh oilalarga “yoshlar” uyini berish “uch bosqich”dan iborat: birinchi bosqich yoshlar uyini qurish, ikkinchisi – nomzodlarni saralash va uchinchi bosqich – tanlangan yosh oilalar bilan bank va pudratchi tashkilot o‘rtasida shartnoma tuzish, ya’ni hujjatlarni rasmiylashtirish bosqichi.

Oldin faqatgina ikkinchi bosqich, ya’ni nomzodlarni saralab, tavsiyanoma berish jarayoni belgilangan edi va shu bilan mazkur huquqiy munosabat tugar edi. Yangi qarorga esa 2018–2021 yillarda qurilish dasturi va uchinchi – taqsimot bosqichi qo‘shildi. 2018–2021 yillarda hududlarda “yoshlar” uylari quriladi. Keyin nomzodlar saralanadi va oxirida uch tomonlama shartnoma imzolanadi.

Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining ma’lumotlariga ko‘ra hozirda avvalgi “Kamolot” uylariga ikki ming nafarga yaqin yoshlar navbatda turibdi. Bugungacha bunday uylarga hujjat topshirgan yosh oilalarning arizalari o‘z kuchida qoladimi?

Yana o‘qing:  Ortda qolgan xavotir

Respublika bo‘yicha muqaddam “Kamolot” YOIHga murojaat qilib, uy olmay, navbatda turgan yosh oilalar soni 1300 dan oshadi. Bularning ko‘p qismi Toshkent, Samarqand, Qarshi va Buxoro shaharlarida yashovchi fuqarolardir. Uy berish jarayoni Toshkent shahrida 2017 yilning oxirlarida boshlanishi mo‘ljallangan.

Joriy yilning 5 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi va ushbu tashkilotga Adliya vazirligi tomonidan guvohnoma berildi. Yoshlar ittifoqining ustaviga ko‘ra, Ittifoq muqaddam O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati nomi bilan 2012 yil 1 iyun kuni qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan va unga 653p-sonli guvohnoma berilgan. Yoshlar ittifoqi O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining barcha huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi. Bundan kelib chiqadiki, bugungacha uy olish uchun hujjat topshirgan yosh oilalarning arizalari o‘z kuchida qoladi.

Yosh oila 20 yil davomida 7 foizli kredit to‘laydi. Ular uchun boshlang‘ich badal joriy qilindi. Aytingchi, ushbu badal pulini Yoshlar ittifoqi qanday yoshlarga to‘laydi? Ushbu imtiyoz kimlar uchun joriy etilgan?

Yangi qarorning 4-bandiga ko‘ra, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalar uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha quyidagi shakldagi to‘lovlar nazarda tutilgan qo‘shimcha imtiyozlar beriladi:

– ipoteka kreditlarini olgan yosh oilalarning kreditni to‘lash muddati davomida keyinchalik uni qaytarish sharti bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobidan uy-joy sotib olish uchun dastlabki badallarni to‘lash;

– ipoteka krediti bo‘yicha birinchi besh yil nihoyasiga yetgandan keyingi butun muddat uchun hisoblanadigan foizlarning O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdorida to‘lash.

Bundan ko‘rinib turibdiki, deyarli hech nima o‘zgarmagan, avvalgi tartib saqlanib qolgan. Sodda tilda tushuntirganda, misol uchun, yosh oila 100 million so‘mga “yoshlar” uyidan oldi. Shu mablag‘ning boshlang‘ich 25 foizli badalini, ya’ni 25 mln. so‘mni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi to‘lab beradi. Yosh oila umumiy hisobda 100 mln. uchun kredit to‘laydi va shu orada Yoshlar ittifoqiga ham 25 mln. ni qaytaradi. Boshqa kreditlardagidek, yosh oila boshlang‘ich badal bilan hisoblaganda 125 mln. so‘m to‘lamaydi.

Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasiga ko‘ra hozirda kredit foizlari 14 foiz bo‘lgan. Lekin bu yoshlar uyini olgan yosh oilalarning kreditlariga tegishli emas. 5 yillik imtiyozli davrda 7 foiz to‘lagach, ushbu davrdan keyin yosh oila hisobidan bankka 14 foizlik kredit to‘lovi amalga oshiriladi. Faqat ushbu foizning 7 foizi yosh oila, 7 foizi esa Yoshlar ittifoqi tomonidan to‘lanadi. Hatto, bu safar yosh oila uchun ancha yengillik yaratildi. Xullas, “yoshlar” uyini olgan yosh oila 20 yil davomida 7 foizlik kredit to‘lovini to‘laydi.

“yoshlar” uyini navbatsiz oladiganlar safi kengaydi va ushbu navbatning buzilish holatlari to‘g‘risida ayrim yosh oilalar ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikrlarini bildirishdi. Bu muammo xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz. Shuningdek, yoshlar o‘zi uchun qurilayotgan uylarning sifatini nazorat qilishi mumkinmi?

Yana o‘qing:  Xotin-qizlar sporti: yuksalish pillapoyalarida

Hozir nizom loyihasi tayyorlanayapti.

Unga ko‘ra Toshkent shahrida 7 qavatli, hududlarda esa 4 va 2 qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari xonadondagi xonalar alohida, hojatxona va yuvinish xonalari ham alohida qilib qurilishi mo‘ljallangan. Kvartira maydoni ham oldingilariga nisbatan kattaroq bo‘ladi. Eng asosiysi Yoshlar ittifoqining faollari qurilayotgan Yoshlar uyining sifati ustidan jamoatchilik nazoratini olib boradi.

Nizomning 17-bandiga ko‘ra, er-xotinning har ikkisi yetimlar – “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari bo‘lsa, imtiyozli ipoteka krediti oluvchi oila a’zolarining biri yoki bir nechtasi ushbu nizomning 5-bandiga muvofiq surunkali kasalliklarning o‘tkir shakllaridan azob cheksa, Markaziy kengash tavsiyanomasi navbatdan tashqari berilar edi. Hozir ushbu bandga qo‘shimcha kiritildi: yosh oila vakillaridan biri yoki ikkisi ham Yoshlar ittifoqi (sobiq “Kamolot” YOIH) tizimida kamida 3 yillik ish stajiga ega bo‘lsa, Markaziy kengash tavsiyanomasi navbatsiz berilishi belgilandi.

Bugungi kunda www. yoshlaruyi.uz degan sayt va shu nomda telegramda kanal ham ishga tushdi. Mazkur sayt orqali 2018 yil 1 yanvardan respublika komissiyasi tomonidan hisobga qo‘yilgan yosh oilalarning navbatini onlayn tarzda kuzatib borish imkoni bo‘ladi. Bundan asosiy maqsad shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash. 100-o‘rinda turgan yosh oila 15-o‘ringa chiqib qolmasligining oldini olishdir. Ushbu elektron tizim Yoshlar ittifoqi tomonidan 2018 yil yanvariga qadar ishga tushiriladi.

Navro‘z NORBOBOYEV suhbatlashdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: