Dardni yashirsang…
Turmush o‘rtog‘i bilan mehnat ta’tiliga chiqib, qishloqqa kelgan Madinaxon erta tongdan uyda yig‘ilib qolgan kirlarni yuvishga taraddudlandi. Shu vaqt qaynonasi keliniga qo‘shni tumanda turadigan qarindoshlarinikiga mehmonga borishlarini va tezroq tayyorgarlik ko‘rishini aytdi…
Manzilga yetib kelishganda, barcha qarindoshlar allaqachon yig‘ilishib, ularni kutib o‘tirishardi. Chiroyli bezatilgan dasturxon atrofidagi mehmondorchilik qarindosh-urug‘larning hol-ahvol so‘rashishidan boshlandi. Birozdan so‘ng mehmonlar o‘tirgan xonaga jajji qizaloqlar qurshovida o‘sha joyning urf-odatlariga xos tarzda kiyingan yangi kelin kirib keldi. Kelin ta’zim ila mehmonlarga salom berarkan, barcha ikki yoshni “qo‘sha qarib, o‘zlaringdan ko‘payib yuringlar”, deya duo qilishdi.
Dasturxon to‘rida o‘tirgan xonadonning eng keksa vakili Ro‘zigul momo, kelinga “etak-etak” farzandlari bo‘lishini tilar ekan, biroz xo‘rsinib qo‘ydi. Atrofdagilar buning sababini tushunishdi chog‘i, bir zum hamma jim bo‘lib qoldi. Faqatgina Madinaxon va uning turmush o‘rtog‘i bundan hayron edi. Shu vaqt oradagi xiralikni aritish maqsadida momoning katta qizi Guljamol opa gap boshladi:
– Ena, bo‘ldi endi, yana qancha siqilasiz. Axir, oradan shuncha vaqt o‘tdi. Mana o‘g‘lingiz ham uylanib, Xudoga shukur, bolali bo‘ldi.
– Ha bolam-a, men bunga kuyinmayapman. Men o‘g‘limning farzandli bo‘lganidan xursandman. Shunchaki birinchi turmushi o‘g‘limning suygani edi. Bechoralar ko‘p qiynalishdi. 12 yil baxtli bo‘lish uchun kurashishdi. Xudoyim peshonasiga yozmagan ekan. Nima ham qilardik.
– Ena, nimaga unday deysiz? Ular bekorga umrini o‘tkazishdi. Yodingizdami, birinchi bolasi nobud bo‘lganida do‘xtir “sizlar bolali bo‘lolmaysizlar” degan edi. O‘sha vaqti ular ajrashib, boshqa oila qurishi kerak edi. Gapga quloq solmay, umrlarini zoye ketkazishgani qoldi.
– Eng yomoni ketma-ket nogiron bolalarning tug‘ilganichi? – deya gapga qo‘shildi Nurali aka. – O‘shanda barchamiz qo‘rqib ketgan edik.
Gap nima haqida ekanini tushunmay o‘tirgan Madinaxonga ko‘zi tushgan qaynonasi unga voqeaning asl mazmunini tushuntirmoqchi bo‘ldi:
– Kelin, sen bu gaplarga hayron bo‘lma. Shodmon akang va yangangning qon guruhlari bir-biriga to‘g‘ri kelmaganligi sabab, ajrashishga majbur bo‘lishdi. Qishloqlarimizda bunday voqealar ko‘p bo‘lmasa-da, ora-sirada bo‘lib turadi. Eng yomoni, odamlar buni to‘g‘ri tushunmay “falonchilar ajralib ketishibdi” deb g‘iybat qilishadi.
– Oyi, shuning uchun ham davlatimiz nikohdan oldingi tibbiy ko‘rikni joriy qilganda. Yaqinda bir tanishimning singlisiga ham shifokor kuyov bilan qon guruhi to‘g‘ri kelmasligi, shuning uchun farzand ko‘rolmasligi, ko‘rganda ham nogiron tug‘ilishi mumkinligini aytibdi. Natijada ikki tomon ham katta baxtsizlikdan qutulib qolishdi. Agar Shodmon akam ham to‘y oldidan tibbiy ko‘rikdan o‘tishganida mana shunday dilxiraliklar bo‘lmasdi.
– Ey, kelin, bizni qishloqda kim ham tibbiy ko‘rikdan o‘tardi, – deya suhbatga qo‘shildi Nurali akaning ayoli Sojida yanga. – Buni yoshlar o‘zlaricha uyat deb bilishadi. Yana xuddi ishlari oshib-toshib yotganday, bu jarayonni ortiqcha dahmaza deydi. Ular FHDYoga ko‘rsatish uchun tibbiy ma’lumotnomani pulga sotib olishadi.
– Hamma shunday qiladimi, – Madinaxon ajablanib so‘radi.
– Hamma bo‘lmasayam, ayrimlar shunday qiladi.
– Yanga, bundan ular faqat o‘zlariga zarar qilishadi-ku.
– Men ham shunday deb o‘ylayman. – deydi Ro‘zigul momoning qizi Guljamol opa. – To‘g‘risini aytganda, televizorda shifokorlar tibbiy ko‘rik haqida kuyunib gapirishganda unchalik e’tibor bermasdim. Boshimizga tushgandan keyin uning muhimligini anglab yetdim. Qizim yaqinda uzatiladigan. Bo‘lajak kuyovning injiqliklariga qaramasdan ikkalasini ham tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdim.
Guljamol opaning bu fikrlariga mehmondorchilikda qo‘shilganlar ham, qo‘shilmaganlar ham bo‘ldi. Kimdir tibbiy ko‘rikni ortiqcha dahmaza deb, oldinlari usiz ham baxtli oilalar qurilgani, hech qanday kasalliklar bo‘lmaganligi haqida so‘zlasa, yana boshqalar oldingi zamon bilan bugungi kunni bir-biriga solishtirib bo‘lmasligi, hukumat bejizga bu borada qarorlar chiqarmaganligi haqida gapirdi. Xullas, bu mavzu doirasidagi tortishuvlar uzoq cho‘zildi.
Shu payt Nurali akaning qo‘shnisi nevarasini ko‘targancha poytaxtdan kelgan mehmonlar bilan tanishish maqsadida uyga kirib keldi. Salom-alikdan so‘ng, yig‘ilganlar yoqimtoy bolakayni erkalay ketishdi. Madinaxon bolaga razm solar ekan, ich-ichidan ezildi. Chunki kichkintoyning yuzida “Daun” sindromi aks etib turar edi. Hoynahoy, bu bola ham bilib-bilmay, tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan qurilgan oilaning “mevasi” bo‘lsa kerak, deya xayolidan o‘tkazdi u.
Mayna HASANOVA