Muxlis maktublari
Farg'onalik yoshlar sevimli gazetalari bo'lmish «Sog'lom avlod»ni muntazam mutolaa qilib borishini bu yilgi obuna mavsumi yakuniga ko'ra aniqladik. Chunki, mushtariylarimiz orasida viloyat yoshlari salmoqli o'rinni egallaydi.
Tahririyatimizga maktub yo'llagan mushtariylarimizning ijod namunalaridan ayrimlarini siz aziz o'quvchilar hukmiga havola etamiz.
Farg'onam
Ikki tog'ning o'rtasida,
Gulga makon hur diyor.
Boqsang ko'zing quvonadi,
Baxt-u iqbol mudom yor.
Yam-yashildir kengliklari,
Zilol suvlar tog'larida.
Mevalari erta pishar,
Anor, olma bog'larida.
Keling do'stlar, Farg'onaga,
Ravon yo'llar chorlaydi.
Mehmonnavoz xalqi qadim,
Istiqboli porlaydi.
Dildora ABDUHAMIDOVA,
Farg'ona viloyati O'zbekiston tumanidagi 10-maktab 8-sinf o'quvchisi
Ona vatan
Mehring yurakka tuyib,
Seni astoydil suyub,
Noming dunyoga yoyib,
O'samiz, Ona Vatan.
Sen onamday hokisor,
Hech kim bermaydi ozor,
Chor-atrofing chamanzor,
Yashnayver ona Vatan.
Dunyolar lol qarashgan,
Do'st-u yor hol so'rashgan,
Istiqloli yarashgan,
Baxtimsan, ona Vatan!
Dilshodaxon MAMADALIYeVA,
O'zbekiston tumanidagi 10-maktab, 8-sinf o'quvchisi
Nurli kelajak
Shukrona aytadi labdagi tilak,
Ko'rib shunday go'zal,
qutlug' zamonga.
Ko'zmunchoqlar osib
qo'ygim keladi,
Ko'z tegmasin sira
O'zbekistonga.
Shu aziz Vatanda davron suramiz,
Bizmiz kelajakning buyuk egasi.
O'qiymiz izlanib shijoat dilda,
Shundanda munavvar
yurtim ertasi
Sohibjon HOTAMOV,
Farg'ona shahridagi Yormozor akademik litseyi o'quvchisi
Buvimning gaplari rost ekan
Kechga tomon dugonam Robiyalarnikiga birgalikda dars tayyorlagani bordim. Negadir uning dars qilishga xohishi yo'qdek, nuqul kiyim-kechak sotib olish haqida gapirardi. Uning aytayotgan kiyimlari ham antiqa, allaqanday tor shimlar-u krassovkalar. Uning bu gaplaridan xunobim oshdi. To'g'risi, bu kiyimlarning menda yo'qligi uchun emas, dugonamning shunchalar o'zgarib ketayotganidan hayron qoldim. Ertasi kuni Robiya biznikiga keldi, egnidagi kiyimlari bir holatda, odamning kulgusi qistaydi. Unga indamasdan uy vazifasini yozayotganimni ko'rib, sekin o'tirdi-da daftarini ochganicha istar-istamas yoza boshladi.
Shu payt buvim ikkovimizni oldiga chaqirib, ohista gap boshladi: Qizlarim, o'zbekona milliy liboslar bo'lmish adrasu atlas iroqi do'ppi qirq o'rim soch o'zbek qizlarining ibo hayosiga urg'u berib turadi. Modaning ortidan quvib, oxiri o'zligini unutgan qizlarga havas qilmanglar. O'zbekmisiz, o'zbekona yuring. Buvimning bu gaplarini eshitib, Robiya xijolat tortib indamaygina uydan chiqib ketdi. Ertasiga maktabga taraddud ko'rayotganimda kimdir eshik qo'ng'irog'ini bosdi. Shoshib eshikni ochdim va joyimda qotib qoldim. Ostonada sochlari qirq o'rimda o'rilgan egnida oppoq kofta va qora yubka, boshida esa bejirim iroqi do'ppi kiygan Robiya – haqiqiy o'zbek qizi jilmayib turardi.
Sarvinoz MANSUROVA,
Farg'ona viloyati O'zbekiston tumani 10-maktab o'quvchisi