Uyqu bilan bog‘liq muammolar buyrak kasalliklari xavfini kuchaytiradi
Oldingi tadqiqotlar uyqu bilan bog‘liq muammolar surunkali buyrak kasalliklariga yo‘liqqan odamlar o‘rtasida keng tarqalganini ko‘rsatgandi. Lekin olimlar haligacha buning sababini aniqlay olmagandi. AQSHda o‘tkazilgan yangi tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, surunkali buyrak kasalligiga yo‘liqqanlarda uyqu yetishmasligining salbiy natijalari kuzatilishi mumkin.
Mutaxassislar bu kasallikka chalingan 431 nafar bemorning (o‘rtacha yosh – 60) ma’lumotlarini tahlil qilishdi. Ishtirokchilarning yarmi diabetdan aziyat chekardi. Qatnashchilar 5–7 kun davomida uyqu va bedorlik vaqtini o‘lchab boruvchi uskuna taqib yurishdi. Tekshiruvdan so‘ng surunkali buyrak kasalligiga yo‘liqqan odamlarda uyqu bilan bog‘liq jiddiy muammolar mavjudligi aniqlandi.
Ishtirokchilarning o‘rtacha uyqu davomiyligi sutkasiga 6,5 soatni tashkil etdi. Uyqu vaqtining kamayishi buyrak faoliyatining yomonlashuvi bilan uzviy bog‘liqligi ma’lum bo‘ldi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.