Fidoyi

Kaminaga Zuhra Berdiyeva haqida maqola yozib berishimni so‘rashganida, birdan xayolimga yuqoridagi sarlavha keldi. Keyin yana qator sarlavhalar xayolimdan o‘tdi. Lekin birortasi ham “fidoyi” kabi Zuhraga mos tushmadi. Boshqa sarlavhalarda uning haqiqiy siymosini ko‘rmadim.

Zuhra Berdiyeva bilan Toshkent davlat madaniyat (hozirgi San’at va madaniyat) institutida birga o‘qiganmiz. U talabalik yillarida ham juda intiluvchan va izlanuvchan edi. Kuyunchakligi, olovligi o‘sha yillarda ham uning xarakterini, insoniy fazilatlarini bezab turardi. Ayrim talaba do‘stlarimizga o‘xshab, o‘zining bilimdonligini “ko‘rsatish”ga, bo‘lar-bo‘lmas tadbirlarda “o‘zligini namoyon qilish”ga intilmasdi. Unda hammasi tabiiy edi. U hamon oddiy, kamtarin va fidoyi… Hamon o‘sha-o‘sha…

Zuhra Berdiyeva kutubxonachilik kasbi uchun, kutubxonashunoslik fani uchun tug‘ilgan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. U o‘z kasbini nihoyatda sevadi, qadrlaydi. Barcha sir-asrorlarigacha yaxshi biladi. Bir qarashda kutubxonachilik kasbi oddiydek tuyuladi. Lekin bu sharafli kasbning o‘ziga xos murakkabliklari, mashaqqatlari ham bor. Bu kasb Zuhraga o‘xshagan fidoyi, jonkuyar, mutaxassislarga o‘z sirlarini ochadi…

Zuhra Berdiyeva institutda dars berish bilan birga, uzoq yillar Abdulla Qahhor uy-muzeyida ham qizg‘in faoliyat yuritdi. U muzeyni tashkil qilishdan boshlab, ishga tushirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarda faol qatnashdi. Ayniqsa, buyuk adibning kutubxona fondini bunyod etishda mutaxassis sifatida alohida jonbozlik ko‘rsatdi. Eng muhimi, ustozi Matluba Nosirova rahbarligida “Abdulla Qahhor bibliografiyasi”ni tuzishda u asosiy vazifani bajardi. Bu kitob qahhorshunoslikda yangilik deb topilib, mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. Bu tabarruk maskanda ajoyib va bilimdon inson, Abdulla Qahhorning umr yo‘ldoshi, katta olima, yirik matnshunos Kibriyo Qahhorovaning hayot va ijod maktabidan bebaho saboqlar oldi. Bu qutlug‘ dargohda Kibriyo opaday talabchan va qattiqqo‘l ustozdan faqat “a’lo” baho olgan ham Zuhra Berdiyeva bo‘lsa kerak. Sababi, barcha ijod va hayot maktablari ichida eng og‘ir va murakkabi Kibriyo opa maktabi edi. Bu maktabda o‘qib, o‘rganish, ayniqsa, oila va turmush sirlaridan saboq olish oson emasdi. Opamiz qanchalar xushchaqchaq, latifago‘y, g‘azalparast, ko‘ngli va dasturxoni ochiq bo‘lsa, shunchalar talabchan, andak tajang-u, andak injiqroq edi.

– Opaga chidaganingiz uchun sizga haykal qo‘yish kerak, Zuhraxon, – derdi ustoz Ne’mat Aminov hazillashib.

Yana o‘qing:  Qayta tayyorlov – zamon talabi

– Unda hovlidagi xurmo daraxtini kesib tashlashga to‘g‘ri keladi, – deb hazilga hazil bilan javob berardi Zuhra. Bunday hozirjavoblik unga Kibriyo opadan yuqqan edi.

Uning yana bir ustozi – akademik Aziz Qayumov bo‘ladi. Domla Zuhrani talabalik yillaridan boshlab, kutubxonaga, kitobga bo‘lgan qiziqishini, mehrini yanada o‘stirib, qo‘llab-quvvatlab keladi. Ustozning bevosita yo‘l-yo‘riqlari, ilmiy ko‘rsatmalari aniq maslahatlari asosida Zuhra Berdiyeva rahbarligida “Alisher Navoiy bibliografiyasi”, “Zahiriddin Muhammad Bobur bibliografiyasi” tuzilib, kitob holida chop etildi. Bu kitoblar adabiy jarayonda katta yutuq sifatida e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Bu yil tashkil etilganligining 20 yilligi keng nishonlangan “Jahon adabiyoti” jurnali bibliografiyasi”ning tuzuvchi mualliflaridan biri ham Zuhra Berdiyeva.

U uzoq yillar o‘zi o‘qigan institutda yoshlarga kutubxonachilik fani sirlaridan saboq berdi. O‘zbekiston Madaniyat vazirligida bosh mutaxassis vazifasida ishlab, soha rivojiga munosib hissa qo‘shdi. Ayni payt O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Asosiy kutubxonasi direktori lavozimida qizg‘in faoliyat ko‘rsatib kelayotir. Uning bevosita rahbarligi va tashabbusi asosida kutubxona faoliyatiga talay yangiliklar kiritildi. Kutubxona fondi ilm-fanning turli sohalariga oid yangi-yangi kitoblar bilan boyib borayotir. Dunyoning yetakchi ilmiy kutubxonalari bilan aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilib, tajribalar almashinmoqda.

Zuhra Berdiyeva sohaga oid yuzdan ortiq ilmiy-ommabop maqolalar hamda o‘quv, biblografik va uslubiy qo‘llanmalar muallifi.

– Kutubxona – bilimlar xazinasi. Bu qutlug‘ maskanga tashrif buyurgan insonlarning qalblari bebaho ziyoga to‘ladi. Kutubxona ma’naviy jihatdan boyib ketadigan maskan. Men bu kasbni tanlaganimdan faxrlanaman. Kutubxonani hech bir javohirlarga almashtirmayman. Bu mening hayotim, – deydi Zuhra Berdiyeva o‘z kasbi haqida faxr va g‘urur bilan.

Agar Alloh kaminaga rassomlik iqtidorini nasib etganida, shu kunlarda o‘zining qutlug‘ oltmish bahorini qarshi olayotgan Zuhra Berdiyevaning portretini chizib, surat ostiga oddiygina qilib fidoyi deb yozib qo‘ygan bo‘lardim.

Qadrli Zuhraxon! Hammasi muborak bo‘lsin. Hayotda, ijodda, oilada va o‘z sevgan kasbingiz tufayli ulkan yutuqlarga erishavering. Bu yutuqlarning poydevori hamisha fidoyilik, mehnatkashlik bo‘lib qolaversin.

Ashurali JO‘RAYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: