Tibbiy patronaj xizmati: yangi islohotlar davri boshlandi
Milliy matbuot markazida “Tibbiy patronaj: aniq hudud, aniq muddat va aniq shaxsga qaratilgan xizmat” mavzusida matbuot ajnumani o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddi xodimlari, boshqarma boshliqlari, ixtisoslashtirilgan va ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, respublika darajasidagi davolash-profilaktika muassasalari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Anjuman davomida vazirlik tizimida tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini rivojlantirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, tibbiy patronaj xizmati bilan aholini qamrab olish yo‘nalishlari, olib borilgan sa’y-harakatlar natijasi va istiqboldagi rejalar xususida batafsil ma’lumot berildi.
Patronaj xizmati homiladorlar, go‘daklar, yosh oilalar, keksalar, yangi farzand ko‘rgan ayollar va parvarishga muhtoj yolg‘iz qariya, nogiron hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga uy sharoitida tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi vazifalarni amalga oshirishda muhim dasturilamal vazifasini o‘tamoqda. Qaror birlamchi tibbiyot muassasalari joylashuvini oqilona tashkil etish, ularda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, patronaj tizimini sifat jihatdan tubdan yaxshilash, mamlakatda, uning har bir hududi va aholi yashash punktlarida kasallanish darajasini pasaytirish, profilaktika ishlarini yanada yaxshilashga qaratilgan. Hujjat ijrosi doirasida 793 ta qishloq vrachlik punkti negizida qishloq oilaviy poliklinikalari, 441 ta tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etildi. Faoliyati tugatilgan 658 ta QVP binolarini QVP va poliklinika shifokorlari uchun xizmat uy-joyi sifatida foydalanishga berilmoqda. QVPlar, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda xizmat ko‘rsatish vaqtini soat 08: 00 dan 20: 00 gacha uzaytirish hisobiga aholi uchun birlamchi tibbiy-sanitariya yordamidan foydalanish imkoniyati kengaytirilmoqda.
Mazkur qarorning mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 13 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga, o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlarining samaradorligi uchun mas’uliyatni oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra biriktirilgan hududda oilalarning to‘liq patronaj bilan qamrab olinishini ta’minlayotgan va o‘z faoliyatining ijobiy pirovard natijalariga, shu jumladan, kasallikka chalinish pasayishiga, go‘daklar va onalar o‘limi bo‘lmasligiga erishgan patronaj tibbiyot hamshiralari va umumiy amaliyot vrachlariga tarif stavkasining 5 foizidan 20 foizigacha miqdorda har oylik shaxsiy ustama belgilandi.
X. HUSENOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri