Qishloq taraqqiyotiga yo‘naltirilayotgan sarmoya
Poytaxtimizda O‘zbekiston Markaziy banki va «Qishloq qurilish bank» tomonidan qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida uy-joy qurilishini tashkil etish va kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
«Qishloq qurilish bank» boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari A.Eshonqulov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloq joylarda barpo etilayotgan zamonaviy uy-joylar mamlakatimizni yanada obod qilish, aholi turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2009 yil 3 avgustda qabul qilingan «Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hamda 2010 yil 17 iyunda imzolangan «Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida xususiy uy-joy qurilishini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarorlari bunda muhim omil bo‘layotir.
Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida namunaviy loyihalar asosida uch, to‘rt va besh xonali uy-joylar xalqimizning milliy hayot tarzi, mahalliy tabiiy iqlim sharoiti, shu bilan birga, zamonaviy muhandislik kommunikatsiyalari bilan uyg‘un holda bunyod etilmoqda.
Zamonaviy uylarni sotib olish uchun ajratilayotgan 7 foizli kreditning 15 yil davomida to‘lab borilishi va uy qiymatining badal sifatida atigi 25 foizi oldindan to‘lanishi uy egalari, ayniqsa, yosh oilalar uchun qulaylik yaratmoqda. 2012 yildan namunaviy loyihalar asosida quriladigan uy-joylar uchun ajratiladigan ipoteka kreditlarini qaytarish bo‘yicha imtiyozli davr bir yilgacha uzaytirildi. 2013 yilning 1 yanvaridan esa uy-joylarga oid kreditni qaytarish davri mobaynida uning egasi mulk solig‘i to‘lashdan ozod qilindi. Har bir uy uchun olti sotixdan yer uchastkasi ajratilib, umrbod egalik qilish uchun berilayotir.
Namunaviy loyiha asosidagi bunday uylarga qurilish sarf-xarajatlarining aksariyat qismi «Qishloq qurilish bank»ning uzoq muddatli imtiyozli sarmoyasi hisobidan qoplanmoqda. 2009-2012 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda qariyb 23,6 ming zamonaviy uy-joy barpo etildi. Obod turmush yilida bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengayib, 10 mingta uy-joy barpo etiladi. Buning uchun 1 trillion 400 milliard so‘m, ya’ni o‘tgan yilga nisbatan 54 foiz ko‘p mablag‘ yo‘naltiriladi. O‘tgan besh oy mobaynida «Ipotekabank», Tashqiy iqtisodiy faoliyat milliy banki va «Qishloq qurilish bank» tomonidan 450 milliard so‘m ajratildi.
Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yil 4 yanvarda qabul qilingan «Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishining 2013 yil Dasturi to‘g‘risida»gi Qarori asosida qishloqlar ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish, tibbiyot, ta’lim va sport ob’yektlari, xizmat ko‘rsatish majmualari bunyod etish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Matbuot anjumanida qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida uy-joy qurilishining huquqiy asoslari va uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari, uy-joylar va infratuzilma ob’yektlari qurilishiga sarmoyalarni jalb qilish borasidagi imtiyoz va preferensiyalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
O‘zA.