Zararli odatlardan qanday xalos bo‘lish mumkin?
Dyuk universiteti olimlari inson odatlariga miyaning qaysi qismi ta’sir ko‘rsatishini aniqladi. Bu hudud biror odatga tobe bo‘lib qolish muammolarini bartaraf qilishga yordam berishi mumkin, deb yozadi Zee News nashri.
Odatning shakllanishi ma’lum hujayralarning faollashuviga olib keladi. Agar bu hujayralar faoliyati to‘xtasa, odatdan xalos bo‘lish mumkin.
Olimlar ba’zi odatlarga o‘rgangan va o‘rganmagan sichqonlarning miyasini taqqoslab ko‘rdi. Ular miyaning yo‘l-yo‘l tana qismi faoliyatiga asosiy e’tiborini qaratdi. Bu hududda ikkita neyron yo‘li – ta’sir kuchini ishga tushiruvchi va to‘xtatuvchi yo‘llar jamlanmasi bor. Biror odat shakllangan sichqonlarda ikkala yo‘l ham yuqori darajada faol bo‘ladi. Yanada batafsilroq o‘tkazilgan tahlillar davomida miya yo‘l-yo‘l tanasidagi kamyob hujayra – tez ta’sir qiluvchi interneyron olimlar etiborini tortdi. U miyaning alohida belgilangan hududiga boshqa turdagi neyronlar o‘rtasidagi axborotlarni uzatib turuvchi neyronlar guruhiga kiradi.
Tekshiruvlar odatning shakllanishi yuqorida aytib o‘tilgan interneyron faolligini oshirishini ko‘rsatdi. Jonivorlarga interneyron faolligini kamaytiruvchi preparat berilgandan so‘ng ularning odatlari yo‘qolgani ma’lum bo‘ldi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.