Qo‘g‘irchoqlar “tilga kirganda”

Yosh avlodni ezgu g‘oyalar asosida tarbiyalash, ularni ona Vatan va el manfaati yo‘lida fidoyilik va insoniylik fazilatlari ruhida kamol toptirishda, tabiiyki, san’atning ta’sirchan vositalaridan biri – teatrning ahamiyati beqiyos. Kichkintoy tomoshabinlarning beg‘ubor qalblarini munavvar tuyg‘ular bilan oshno tutishida esa qo‘g‘irchoq teatrining ham o‘z o‘rni bor. Chunki, bolalikda olingan har qanday taassurotlar bir umrga bola ongida muxrlanib qoladi.

To‘g‘ri, shiddat bilan rivojlanayotgan axborot va texnika asrida bolajonlar uchun qiziqarli sahna asarlarini yaratish katta mehnat talab etadi. Professional ishlangan multfilmlar, internet o‘yinlar oldida bizning, oddiygina matodan ishlangan qo‘g‘irchoqlarimiz yosh avlodning diqqatini torta olarmikin, deb o‘ylashimiz tabiiy. Ammo, teatr tomoshalariga tashrif buyurib sahnadagi har bir qahramonning xatti-harakatlarini jon-dili bilan tomosha qilayotgan, undan ruhan ozuqa olayotgan murg‘ak qalblarni ko‘rgan kishi bunday fikrdan yiroqdir.

Oddiygina qo‘g‘irchoqning gapirishi, inson singari muomalaga kirishishi, uxlashi, ko‘zlarini qimirlatib harakatlanishi hayratlanarli, albatta.

Bugun respublikamizdagi mavjud qo‘g‘irchoq teatrlari bolajonlar uchun bir-biridan qiziqarli spektakllarni sahnalashtirmoqda. Jumladan, bu borada Qashqadaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatrida ham yil mobaynida bolajonlarga ana shunday spektakllar tuhfa etib kelinmoqda.

Ijodiy jamoaning o‘zbek xalq ertaklari asosida sahnalashtirgan «Meshpolvon, «Kachalpolvon», I.Panchayev qalamiga mansub «To‘rt egizak» asari, shuningdek, «Badjaxl quyoncha» ertak tomoshalari va «Qo‘g‘irchoqlar kuylaganda» nomli shou konsertlari bolalarga, ayniqsa, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi.

Hozirda teatr ijodkorlari yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olayotgan bolajonlarga ajoyib spektakllar namoyish etib, o‘quvchilar ta’tilining yanada maroqli o‘tishiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

– Yoshlarning oromgohdan oladigan taassurotlarini boyitish maqsadida jamoamiz ijodiy izlanishda, – deydi teatr direktori To‘ramurod Mallayev. – Viloyatimizda qo‘g‘irchoq teatri 1994 yilda tashkil etilgan. O‘tgan yillar davomida teatrda yetuk ijodiy jamoa shakllandi. Ular tomonidan tayyorlangan spektakllar bolajonlarga manzur bo‘lmoqda. Viloyat qo‘g‘irchoq teatri nafaqat vohamizda, balki respublikamizda ham o‘z o‘rni va nufuziga ega. 2007 yilning oktyabr oyida teatr jamoasi «Chodir xayol» umumjahon qo‘g‘irchoq teatrlari festivalida «Meshpolvon» spektaklini namoyish etib, omma e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

Yaqinda ushbu teatrda Muhsin Xalilning «Uch opa-singil» nomli asari sahnalashtirildi. Unda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat tuyg‘ulari to‘la-to‘kis aks etgan.

Yana o‘qing:  Katta sport shodiyonasi

Bola ishonuvchan bo‘ladi. Biz kattalar mana shu xislatidan unumli foydalanib, ularni ezgu amallar qilishga o‘rgatib borishimiz lozim.

Zarif HASANOV,

O‘zbekiston San’at va madaniyat instituti magistranti

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: